Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Prezident tashrifidan so‘ng qayta qurilgan Uchtepa tumanidagi 238-umumta’lim maktabining ochilishida qatnashgan. Tadbirda Xalq ta’limi vaziri maktab xodimlari, ota-onalar va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Vazir o‘quvchilarni yaratilayotgan barcha sharoitlardan unumli foydalangan holda puxta bilim olishga chaqirdi.

“Bilimlar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbirdan so‘ng Xalq ta’limi vaziri va Uchtepa tumani rahbariyati maktabda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Foto: XTV

Shu bilan birga, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktabning 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi. O‘quvchilarni yana bir bor bilim olishga hamda maktabda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.

1-sinf o‘quvchilari uchun “Prezident sovg‘asi”dan 12 turdagi o‘quv qurollari o‘rin olgan. Bu yil “Prezident sovg‘asi” tarkibidagi mahsulotlarning sifatiga katta ahamiyat berildi. Jumladan, o‘quvchilarga yorug‘lik qaytargich elementlari bo‘lgan portfellar topshirildi. Bunday portfellar bolalarning yo‘lda harakatlanganida xavfsizligini ta’minlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 10-may kuni Uchtepa tumaniga tashrifi davomida 238-maktab holatini tanqid qilgan edi. Shuningdek, maktab quvvatini oshirish hamda shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgandi.

Foto: XTV
Foto: XTV

Uch yarim oy davomida olib borilgan qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida maktab quvvati 1200 dan 2100 ga oshdi. Bolajonlar uchun o‘qish, sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha 300 xonadan iborat 900 o‘rinli ikkita korpus, 220 o‘rinli faollar zali, maxsus fan xonalari, 4 ta lingafon xonasi, 2 ta sport zalini o‘z ichiga olgan sport kompleksi, zamonaviy stadionlar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Foto: XTV

Ta’kidlash lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 10 may kuni Uchtepa tumaniga tashrifidan so‘ng, Toshkent shahridagi maktablardagi shart-sharoitlar o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida, qurilganidan beri ta’mirlanmagan va rekonstruksiya qilinmagan 16 ta maktab aniqlandi.

Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yilning 17-avgust kuni “Toshkent shahri umumta’lim maktablari faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. XTV axborot xizmatiga ko‘ra, 2019–2020-yillarda Toshkent shahrida yangi maktablar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash uchun 800 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 4-sentyabr kuni mamlakatimizning 9904 ta davlat umumta’lim muassasalarida “Bilimlar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlarda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ham ishtirok etgan.