Maktabda korrupsiyaga qarshi direktorlarni qamash bilan kurashib bo‘lmaydi. Aksincha, samarali ishlayotgan direktorlarni iloji boricha qo‘llab-quvvatlash kerak deb hisoblaydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Quyida vazirning Facebook sahifasidagi izohini to‘liq keltiramiz.


Ba’zi maktablar nufuzining yuqori bo‘lishi ta’lim muassasasi direktorining faoliyatiga bog‘liq. Ma’lum bir nufuzli maktablar muntazam ravishda tekshirilib, ularning faoliyatidan kamchiliklar topishga harakat qilingan. Maqsad bu orqali kimnidir mazkur maktabga kiritishni tezlashtirish bo‘lgan. Hozirgi qonunchilik va moliyalash tizimida istalgan nufuzli maktab direktorini qamash mumkin. Shu tufayli ular «qo‘ng‘iroqchi»larni maktabga joylashgan.

Poytaxtimizdagi davlat maktablari direktorlari oyiga 2,5 mln. so‘m ishlab topadi (300 dollardan kamroq). Ularda xususiy maktab direktorlariga nisbatan yuklama va stress bir necha bor yuqori (Toshkentdagi xususiy maktab direktorlarini men davlat xizmatiga taklif qildim, ammo ular $3000-$5000 oylikni ortiqcha stresslarsiz va dam olish kunlarida dam olgan holda topishlarini aytib, rad javobini berishdi).

Men mazkur maktab direktorlarining hammasi farishta degan fikrdan yiroqman. Shubhasiz, bu direktorlarning maktab yuqori natijaga erishishida hissasi juda katta. Shu tufayli hamma mazkur maktablarga intiladi va ularda o‘quvchilar soni ko‘p (biz kamida ularni himoya qilishimiz kerak, sababi koeffitsiyenti kichik bo‘lgan noloyiq direktorlar bor hamda ularning o‘rniga yaxshi kadr topish qiyin).

Biz ularning faoliyati uchun yaxshi sharoitlar yaratmasak (hozirgi maktab byudjeti bilan buni amalga oshira olmaymiz), faqat jazolasak (mikrohudud tashqarisidan bolani joylagani uchun direktorlarni qamash bo‘yicha ko‘plab takliflarini o‘qidim), ular boshqa sohaga yoki xususiy maktablarga ketib qoladi. Ularning ortidan esa direktor yaratib bergan sharoit tufayli ishlayotgan o‘qituvchilar ham ketadi. Bu vaziyatdan kim yutadi?

Shu bilan birga, talab yuqori bo‘lmagan maktablarga ahamiyat berilmagan. O‘tgan yili bu muammoni o‘rganishni boshlaganimizda, Toshkent shahrida 77 tadan ko‘p maktab (25%) 1 koeffitsiyentidan past bo‘lgan, ya’ni quvvatiga nisbat o‘quvchilar kam tahsil olgan. Ularga o‘z faoliyatini to‘liq o‘zgartirish va o‘quvchilar sonini oshirish yoki lavozimlarini bo‘shatish vazifasi qo‘yilgan edi.

Dunyoda barcha maktablar bir xil sifatga ega bo‘lgan mamlakatlar kam. Singapurda bunga davlat maktablarini xususiy muassasalarga nisbatan yaxshi moliyalash hisobiga erishilgan. Bundan tashqari, Singapur hududiy jihatdan kichik mamlakat hisoblanadi. Bizda qanday? Ha, mustaqillik yillaridan beri ilk bor prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli o‘qituvchilarning oyliklari ikki bosqichda oshirildi. Ammo 25 yil davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bir yil ichida hal etishning imkoni yo‘q. Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida tizimdagi oyliklar bosqichma-bosqich oshirib borilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodining muayyan qismi xufiyona sektorga to‘g‘ri keladi. Shu bois hozir maktablarning xarajatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplash imkoniyati yo‘q.

Davlat byudjeti xarajatlarining 16 foizi maktab ta’limiga sarflanadi. Bu har bir o‘quvchiga yiliga 2,9 mln. so‘m yoki oyiga 246 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Toshkentdagi xususiy maktablarda ota-onalar har oy bu miqdordan 10 baravar ko‘p (British School, TIS va boshqa xalqaro maktablarni hisobga olmasa, u yerda to‘lov miqdori 50-70 baravar ko‘p). Agar davlat byudjeti real iqtisodiyotni (jumladan xufiyona sektorni) qamrab olsa va maktablarning xarajatlari 16 foizda qolsa, biz davlat maktablarini moliyalashni 2 baravar oshirishimiz mumkin!

Buning uchun vaqt talab qilinadi. Men bu maqsadlarga erishamiz deb umid qilaman. Hozircha malakali direktorlarga rasman ishlashlari noqonuniy faoliyatga nisbatan manfaatli va oson bo‘lishini ta’minlashimiz lozim. Maktab rahbarlariga normal oylik qilib bermasak, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha gaplarimiz gap bo‘lib qolaveradi.

Keyin ulardan daromad deklaratsiyasi talab qilish va kuzatuv kengashi hamda OAV ishtirokida korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablariga rioya qilish bo‘yicha jamoat nazoratini kuchaytirishimiz mumkin.

Bu mablag‘lar maktabning byudjetdan tashqari fondiga tushadi, davlat byudjetiga emas. Maktab kuzatuv kengashlari bu mablag‘ning 60 foizigacha bo‘lgan qismini direktor va o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga bemalol sarflay oladi. Ya’ni, direktorlar noqonuniy daromad topish yoki maktab masalalari (kichik ta’mirlash, tekshiruvlar va h.)ni qanday yopishni o‘ylamaydi. Aksincha, ular shaffof moliyaviy tizimga o‘tadi.

Bu mikrohududdan farzandini nufuzli maktabga bepul kvota asosida joylashtirgan ota-onalarga ham yuklamani kamaytiradi. Maktablarning o‘z mablag‘lari bo‘lsa, turli jamg‘armalarga, ta’mirlash va boshqa maqsadlarga pul yig‘ilmaydi. Bu esa avvalgi korrupsiya elementlari bo‘lgan birinchi sinfga qabul tizimida mavjud bo‘lmagan o‘ziga xos «ijtimoiy lift» vazifasini bajaradi.

Sababi direktorlarda maktabda joy yo‘qligiga qaramay, qo‘shimcha kvotalar ochish imkoni bo‘lmaydi va ularning o‘z tajribalarini koeffitsiyenti past maktablarda o‘z tarmoqlarini tashkil etgan holda tatbiq etishga qiziqishlari ortadi. O‘tgan yili 42-maktabning 42A-tarmoq maktabini 115-maktab qoshida tashkil etish bo‘yicha pilot loyihasini amalga oshirib ko‘rdik. 42-maktabda quvvat mavjud bo‘lmagani sababli maktab 1-sinfga qabul o‘tkazmoqchi emas edi. Boshqa maktab hududida qo‘shimcha sinflar ochish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, nufuzli maktab direktorlarining tajribasini boshqa maktab rahbarlari va yangi kadrlar o‘rganib boradi. Shu tufayli biz ularni davlat ta’lim tizimida ushlab qolish va ularning qonuniy va samarali faoliyati uchun kerakli sharoitlar yaratish kerak deb o‘ylaymiz.

Agar biz ularni faqat jazolasak (qamasak!) shundoq ham kamsonli bo‘lgan yaxshi kadrlarni yo‘qotamiz. Ha, shunda biz bu maktablarning darajasini ota-onalar farzandlarini berishni istamaydigan ta’lim muassasalari bilan bir xil darajaga keltiramiz. Biz esa nufuzli maktablar rivojlanishni davom ettirishiga, talab kam maktablar esa nufuzli maktablar tajribasini o‘rganishiga motivatsiya berishimiz lozim, sababi bu ularga qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi. Maktablar orasidagi farq talab kam bo‘lgan maktablarning faoliyatini yaxshilash orqali qisqarib boradi.

P.S. Biz, vazirlikning yangi jamoasi, bu tizimni yaratmaganmiz, ammo biz, jumladan, hamma tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydigan qarorlar qabul qilgan holda uni o‘zgartirishga majburmiz. Biz bu maktablarga o‘zimizning «kvota»mizni belgilagan holda o‘z muammolarimizni «hal qilishimiz» mumkin edi. Hamma mamnun bo‘lar edi. Boshqa tomondan, bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonini «biznes»ga aylantirib olgan talay odamlar mavjud. Tabiiyki, ular o‘zgarishlarni, jumladan qabul pullari haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan holda, sabotaj qilishga harakat qiladilar.