Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktab bitiruvchilarini "hayotida yangi sahifa ochilib, katta hayotga qadam qo‘yayotgani bilan" tabrikladi.

"Bugun sizlarning hayotingizda eng quvonchli kun. 11 yil mobaynida bir partada yonma-yon o‘tirgan, bir oila a’zolaridek bo‘lib qolgan sinfdoshlarning har biri ertadan boshlab o‘zining shaxsiy hayotini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o‘quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir halol mehnati bilan oilasiga qanot bo‘ladi", – dedi Sherzod Shermatov.

Vazirning aytishicha, 279 ming o‘quvchi 11 yillik ta’lim tizimiga qayta o‘tilganidan so‘ng ilk bitiruvchilarga aylandi.

Shermatov maktabda olgan bilimlar bitiruvchilarga qo‘l kelishiga, ular O‘zbekiston rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishiga umid qildi.

Xalq ta’limi vaziri shuningdek o‘qituvchilarni ham tabriklab, o‘quvchilarning kelajakdagi yutuqlarida ustozlarning ham katta hissasi borligini ta’kidlagan.