O‘zbekiston hukumati yana 20 davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim imkoniyatini taqdim etdi. Endi ular hech qanday vizasiz 30 kun davomida mamlakatda bo‘lishlari mumkin. Biroq joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan polshalik ayol sayyohlar registratsiya atalmish rasmiyatchilikdan qanday qiynalayotganini Bi-bi-si O‘zbek xizmatiga so‘zlab berdi.

Shu tariqa, 13-avgust kuni imzolangan prezident farmoni bilan fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kela oladigan davlatlar soni 85 taga yetgan.

Yana 77 davlat fuqarolari esa O‘zbekistonga kelish uchun elektron viza olish imkoniga ega.

Biroq vizasiz rejimning yanada kengaytirilganini olqishlagan taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov xorijlik sayyohlardan mamlakatga kelgandan so‘ng vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni talab qilish tartibi yo‘qolmas ekan, turizm rivojlanmasligini ta’kidlaydi.

«Gruziyadagidek (endi u biz uchun namunaga aylangan ekan) qilishsa bo‘lardi: har qanday registratsiyani bekor qilish. Yoki, hech bo‘lmaganda, bir oy registratsiyasiz yurishga imkon berish kerak. Yo bu masalada bizning qo‘rquvimiz shunchalik yengilmasmi?» deya yozadi iqtisodchi Yusupov o‘zining Facebook sahifasida.

Amaldagi qonunchilikka binoan, O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar uch kun ichida mehmonxonalar yoki axborot byurolari qoshida yoda xususiy turar-joylarda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishga majbur.

Agar xorijlik fuqaro mustaqil sayyoh o‘laroq tabiat qo‘yniga chiqib, avtomobilda yoki chodirda tunashni ma’qul ko‘rsa, u mamlakatga kelganidan uch kun ichida istalgan mehmonxona (hatto,u yerda yashamasa ham) yoki aeroportdagi terminallarda ro‘yxatdan o‘tishi, shuningdek, tashrif davomida bormoqchi bo‘lgan manzillarni ko‘rsatishi talab etiladi.

Joriy yilning boshida O‘zbekistonda mehmon bo‘lgan polshalik ayol esa sayyohlar ana shunday rasmiyatchiliklardan qiynalishi va oqibatda, mamlakatdan bezib chiqib ketishini aytadi.

«Registratsiya masalasida sayyohlar duch keladigan eng katta muammo – ular do‘stlarinikida yoki mehmonxona-uylar sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan xususiy turar joylarda qolganlarida yuzaga keladi. Ko‘pincha, uy sohiblari mehmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga qiynalishadi. Mehmonxona yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi maxsus joylarga borganingda esa, ular sendan pora talab qiladi,» so‘zlaydi.

Shuningdek, u uch kun ichida hamma sayyoh ham vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmasligini bildiradi.

"Bir safar O‘zbekistonga biznes viza bilan kelganimda, registratsiya qildirish esimdan chiqib qoldi. Registratsiya qiluvchi idorada ishlovchi erkak endi sudga borib, $300 miqdorida jarima to‘lashimga to‘g‘ri kelishini aytdi. Men uning gaplari rost yoki yolg‘onligini bila olmadim. Meni sudga bormasdan turib muammoga yechim topib bo‘lmasligiga ishontirdilar. Menga bunday boshog‘riqlar kerak emas edi. Keyin ishimni osonroq hal qilib berishlari mumkinligini aytishdi. «Parda ortidagi» odamlar vositachiligida $100 pora berdim va tashvishdan qutildim. Ishonamanki, ko‘p sayyohlar bunday muammoga duch keladi", hikoya qiladi suhbatdoshimiz.

Foto: BBC

O‘tgan yilning may oyida chiqqan hukumat qaroriga muvofiq, 16 yoshga to‘lgan har bir xorijlik sayyoh uchun kundalik sayyohlik yig‘imi miqdori mehmonxona va joylashuv vositalari uchun eng kam oylik ish haqining 5 dan 15 foizigacha (2019-yil avgust holatiga ko‘ra: 11,150 - 33,450 so‘m), sanatoriya va kurortlar uchun 10 foiz (23,000 so‘m), dam olish-hordiq chiqarishga ixtisoslashtirilgan joylashuv maskanlari uchun 10 foiz, individual joylashuv vositalari (dachalar, xususiy uylar, kvartiralar, o‘tovlar, xostellar va boshqalar) uchun 5 foiz etib belgilangan.

Chodirlar va tunashga moslashtirilgan yer usti transportida yashashni afzal bilgan mustaqil sayyohlar esa har kun uchun eng kam oylik ish haqining 5 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshiradi.

Sayyohlarni davolash muassasalari, mehmonxona-uylar (qishloq joylarda mahalliy aholi tashkil etgan) yoki shaxsiy uy va kvartiralarda notijoriy maqsadlarda joylashtirganlik uchun har kuni eng kam oylik ish haqining 2 foizi (4,460 so‘m) miqdoridagi mablag‘ yig‘ib olinadi.

Sayyohlar shaxsiy turar-joy yoki o‘z do‘stlari, qarindoshlarinikida yashagan vaqtda, ularni uch kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati uy egasi zimmasiga yuklatiladi. Agar O‘zbekiston fuqarosi ushbu talabni bajarmasa, uni eng kam oylik ish haqining 10 barobaridan 100 barobariga qadar jarima kutishi mumkin.

Polshalik sayyoh ayol O‘zbekistonning tobora sayyohlarni o‘ziga tortayotgan Mo‘ynoq kabi olis hududlari yoki shaharlardan tashqarida joylashgan chekka qishloqlariga borgan sayyohlar uchun vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish azobning o‘zi ekani to‘g‘risida gapiradi. Unga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan uy sohiblariga qo‘yilgan talablar va kundalik sayyohlik yig‘imi tufayli ular sayyohlarning vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishida yordam berishni istamaydi.

"U yerlarda odamlar sayyohlik yig‘imi qimmat, ijara haqi arzon bo‘lganidan o‘z shaxsiy turar-joylarini mehmonxona-uy sifatida ro‘yxatdan o‘tkazmaydilar. Xorijlik sayyoh esa vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish uchun joy topa olmay sarson bo‘ladi."

Shahrisabzdagi sayyohlar // Foto: BBC

2018-yilning may oyida Gazeta.uz nashri bilan suhbatlashgan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi raisi Aziz Abduhakimov xorijlik sayyohlar uchun registratsiya talabini butkul bekor qilish eng maqbul ish bo‘lishini tan olgan edi. Biroq u buni amalga oshirish oson emasligini ham ta’kidlab o‘tgan.

“Biz huquq-tartibot va boshqa mas’ul organlar bilan registratsiyani butunlay bekor qilish bo‘yicha har tomonlama o‘ylangan yechim topish yo‘lida doimiy aloqa qilib kelmoqdamiz”, degan edi u.

Bundan tashqari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sobiq raisi Gazeta.uz nashri bilan suhbatda elektron registratsiyaning joriy etilishi barcha vazirliklar va muassasalar o‘rtasidagi o‘zaro murosa natijasi ekanini ham bildirib o‘tgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yozishicha, sayyohlardan uch kun ichida ro‘yxatdan o‘tishni talab etish ularni faqat hurkitishi mumkin.

“Odam chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan bo‘lsa, undan yana qanday registratsiyani talab etish mumkin?”, degan savolni o‘rtaga tashlaydi Facebook foydalanuvchisi Farhod Pardaboyev.

Boshqa foydalanuvchilar esa sayyohlarning tobora mehmonxonalarda turishni istamayotgani, avtomashina, chodirlarda dam olish ommalashayotgani va bunday hollarda sayyoh uch kun ichida ro‘yxatdan o‘tishga imkon topa olmasligi mumkinligini ta’kidlaydilar.

Ammo Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatlashgan polshalik sayyoh ayolning aytishicha, vaziyat u qadar qo‘rqinchli ham bo‘lmasligi mumkin.

“Men O‘zbekistonga kelib, hech qanday registratsiyasiz yashashga qaror qilgan va mamlakatdan biror muammosiz chiqib ketgan sayyohlarni bilaman. O‘zbekiston hukumati turizmni rag‘batlantirishga intilayotganidanmi, mamlakatdan chiqib ketayotgan sayyohlarning tashrif davomida ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganini tekshirish kamayib bormoqda”.

“Lekin ular sayyoh O‘zbekistonda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmay yashaganini bilib qolishsa, unda bosh og‘riq bo‘lishi aniq”, qo‘shimcha qiladi u.