2019-yilda tovarlar va xizmatlar eksporti 23 foiz o‘sdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytilgan, deb xabar beradi prezidentning matbuot xizmati.

Oqsayotgan eksport

Joriy yilning yetti oyida tovarlar va xizmatlar eksporti 7 milliard 331 million dollarni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz ko‘pdir.

Eksportchilar safiga 2 mingta yangi korxona qo‘shildi, eksport geografiyasi 42 ta davlatga kengaydi, 59 turdagi mahsulot birinchi marta eksportga yo‘naltirildi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi yaratildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, Mirziyoyev «O‘zto‘qimachiliksanoati» uyushmasi, «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi hamda Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlarining rahbariyati eksportchilarning muammolari bilan tizimli shug‘ullanmayotganini, ularning tashqi bozorga chiqishiga ko‘maklashmayotganini tanqid qildi.

Mirziyoyevning aytishicha, joylardagi rahbarlar «eksport bo‘yicha tizimli ishlamayapti». «Ular korxonalar qanday eksport qilishini, eksportchilarga qanday imtiyoz va imkoniyatlar berilganini bilishmaydi. Eksportsiz bitta ham korxonaning kelajagi yo‘q. Mamlakatning kelajagi yo‘q», – degan prezident (videoselektor «O‘zbekiston 24» telekanalining «Xabarlar 24» dasturida efirga uzatilgan deb xabar beradi Gazeta.uz)

Qishloq xo‘jaligi «rivojlanish nuqtasi» sifatida

2019 – 2021-yillarda 45 ta agrologistika kompleksi, qayta ishlash bo‘yicha 205 ta yangi quvvat, 36 ming gektar intensiv bog‘ tashkil etilishi kerak. Bunga qariyb $1 mlrd ajratilgan.

«Eksport imkoniyatlarimiz ko‘p. Xususan, paxta tolasi va meva-sabzavotni qayta ishlab, eksportbop mahsulotlar chiqarish mamlakatimizning rivojlanish nuqtalaridan biri bo‘lishi kerak. Shu orqali eksportni ko‘paytiramiz va yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning aytishicha, o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi, tayyor brendga aylangan va eksport uchun katta imkoniyatdir.

«Zamon o‘zgarayapti, mahsulotga talab o‘zgarayapti. Shunga munosib bo‘lganlar daromad topa oladi. Odamlarga nima manfaat keltirsa, shuni qilamiz. Kelajakda bozori bo‘lmasa na paxta, na g‘alla yetishtiramiz. Bozorda nimaga talab bo‘lsa, shuni yetishtiramiz. Avvallari paxtani hatto tomga ham ekar edik, bundan O‘zbekistonga hech qanday foyda bo‘lmasa ham», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Meva-sabzavot eksportini 2021-yilda ikki barobar oshirish zarurligi ta’kidlandi. Takroriy ekin maydonlariga eksportbop ekinlar ekish, ayniqsa, dukkakli mahsulotlarni eksportga ko‘proq chiqarish muhimligi qayd etildi.

Investitsiyalarni o‘zlashtirish

Joriy yilning birinchi yarmida 85 trillion 775 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir.

Asosiy kapitalda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi 2,5 barobarga oshib, 1,7 milliard dollarga yetgan. Davlat kafolati bo‘lmagan xorijiy kreditlar esa 3,7 barobar ko‘paygan. O‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi hududiy loyihalarga to‘g‘ri kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasiga 2019-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan 145 ta loyiha bo‘yicha sanoat obyektlarini o‘z vaqtida ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi. «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid va azot kislotasi ishlab chiqarish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirish, To‘raqo‘rg‘on, Taxiatosh va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida yangi bug‘-gaz uskunalarini o‘rnatish, Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihalari shular jumlasidandir.

Qirqqa yaqin kam quvvatda ishlayotgan yirik korxona quvvatlarini loyiha parametrlariga olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda 2020 – 2022-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu dasturga avvalo oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan 650 ga yaqin kelishuvga muvofiq ishlab chiqilgan aniq loyihalarni, shuningdek, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, muqobil energetika, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari, agrosanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi loyihalarni kiritish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘z holiga tashlab qo‘yilgan mahalliylashtirish va o‘sayotgan import

Yig‘ilishda, shuningdek, ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani tanqid qilindi.

«Shuncha sharoit yaratayapmiz, texnologiyalar olib kelayapmiz. Joylardagi rahbarlar esa o‘zini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash o‘rniga osongina import qilishga o‘rgangan», – dedi prezident.

O‘zbekistonda molibdenning 1,1 foizi, tabiiy gazning 12 foizi, ruxning 21 foizi, misning 25 foizi, meva-sabzavotlarning 20 foizi, ip-kalavaning 46 foizi qayta ishlanmoqda, xolos. Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qo‘shilgan qiymatni 5 baravargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20 foiz oshirish, import ulushi yuqori bo‘lgan tovarlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Hisob palatasi tarkibida mahalliylashtirishni kengaytirish masalalarini tahlil qiladigan bo‘linma tashkil etiladi.

Shu bilan birga, 2019-yilda O‘zbekistonga import qilinayotgan mahsulotlar hajmi 32 foiz o‘sgan. Importning asosiy qismi mashina va jihozlar, xususan butlovchi qismlarga (44%), kimyoviy mahsulotlar (13%), va oziq-ovqatga (8%) to‘g‘ri keladi.

Boshqa «bonus» masalalar

Prezident barcha hokimlarga bu yil paxta terimiga byudjet tashkilotlari jalb qilinmasligini eslatib o‘tdi.

«Bu yil paxta[терими]ga maktab, institut – umuman birorta byudjet tashkiloti olib chiqilmaydi, eslaringdan chiqmasin», – deb Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.