1-may kuni AQSH va Rossiya bir-birlaridan Venesuelaning ichki ishlariga aralashmaslikni talab qildi. Bir kun oldin AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Moskvani Venesuelaning qochib ketayotgan prezidenti Nikolas Maduroni mamlakatni tashlab ketishdan qaytargani uchun tanqid qilgan edi.

"Uning uchog‘i aeroportda tayyor turgan edi, tushunishimizcha, u bugun (seshanba kuni) ertalab ketishga tayyor bo‘lgan, lekin ruslar uning qolishi lozimligiga ishora bergan", – degan Pompeo CNN telekanali bilan suhbatda.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Mariya Zaxarova Pompeoning bu gaplarini “feyk xabar” deb atagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefon orqali Pompeoga Venesueladagi “agressiv qadamlar” mudhish oqibatlarga olib borishi mumkinligini aytgan.

Mayk Pompeo ham, o‘z navbatida, Rossiyani Maduroni qo‘llamaslikka chaqirgan. “Rossiya va Kubaning aralashuvi Venesuela uchun ham, AQSH-Rossiya munosabatlari uchun ham salbiy oqibatlarga olib boradi”, – degan u.

Rossiya tomoniga ko‘ra, amerikaliklar Venesueladagi davlat to‘ntarishini qo‘llayapti.

Chorshanba kuni Mayk Pompeo AQSH kerak bo‘lsa harbiy harakatlarga ham tayyorligini aytgan. Ammo Pentagon ramiylari Kongressga urushga tayyorgarlik haqida hech qanday buyruq bo‘lmaganini bildirishgan.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar yana kuchaytirilishi mumkinmi?

Jurnalistlar AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltondan Venesuela masalasida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilinishi ehtimoli haqida so‘rashganda, Milliy xavfsizlik kengashi Venesuela masalasini muhokama qilish uchun to‘planishi, juda ko‘p choralar ko‘rib chiqilishi haqida gapirgan. Savolga batafsil javob bermagan.

“Bu yer bizning yarimshar. Bu yerga Rossiya suqilmasligi kerak. Bu ularning xatosi. Bu munosabatlarimiz yaxshilanishiga to‘siq bo‘ladi”, – degan Bolton.