Odamlar o‘zbek tili, millati va madaniyati bilan faxrlanishga o‘rganishi kerak deb hisoblaydi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Vazir ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan “Русский язык нам не чужой” maqolasining orqasida muayyan davlat organlari yoki amaldorlar turishi haqidagi shubhalarni rad etdi.

“Indamaslik – rozilik alomati” deb qabul qiladiganlar ham topilib, (rus tiliga rasmiy til maqomi berish taklifi – tahr.) bu qaysidir “ziyolilar” pozitsiyasi emas, aynan davlat tomonidan oldinga surilgan taklif deb ham talqin qilayotganlarni ko‘rib, o‘z fikrimni bildirishim zarurligini tushunib yetdim", – dedi vazir Facebook sahifasida.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ladi. Bu sanani yaxshilab nishonlashga tayyorgarlik qilish o‘rniga, qaysidir “ziyolilar”ning rus tilini ham rasmiy til etib belgilash kerak degan taklifiga indamay o‘tiribmiz, deb hisoblaydi vazir.

Sherzod Shermatov rusiyzabonlar o‘zbekzabonlarga qaraganda madaniyatliroq yoki o‘qimishliroq ekani haqidagi hozirgacha saqlanib kelayotgan stereotiplar to‘g‘risida ham gapirdi.

Maktabdagi kezlarimda o‘zbekcha gapirishdan or qiladiganlar orasida o‘ziga xos stereotip bo‘lardi. Xuddiki faqat ruschada o‘qiganlar yaxshiroq bilimga ega, oddiy o‘zbek maktabida o‘qiganlar esa yaxshi o‘qimagandek qabul qilinar edi. Ingliz tilidagi fakultetga o‘tib, barchaga teng sharoit yaratilganda bu stereotipning xato ekani yaqqol ko‘rinib qoldi.

Vazirning fikricha, o‘qish uchun teng sharoit yaratilganda, odam maktabda rus tilida o‘qidimi yoki o‘zbek tilidami, farqi qolmaydi va ular teng raqobat qila oladi.

O‘zbek tilidagi oddiy maktabni bitirib, har holda AQSHdagi eng nufuzli universitetlardan (Yale University) birida o‘qish va keyinchalik katta lavozimlarda ishlash nasib qildi.

Bu, Shermatovning ta’kidlashicha, aynan mamlakat mustaqillikka erishgandan keyingina yaratilgan imkoniyatlar tufayli mumkin bo‘ldi.

"Mamlakatimiz o‘z mustaqilligi yo‘lini tanlagan va bu yo‘ldan chetlashishga hech kim yo‘l qo‘ymaydi. Hozirgi vaqtda barchamiz o‘z ona tilimiz, millatimiz va madaniyatimiz bilan faxrlanishga o‘rganishimiz kerak. O‘z tilimizdan va millatimizdan g‘ururlanish hissiga ega bo‘lsakkina mamlakatimiz rivojlanishiga erisha olamiz", – deb xulosa qildi Sherzod Shermatov.

Xalq ta’limi vazirining aytishicha, yangi tuzilayotgan prezident maktablarining maqsadlaridan biri o‘z ona tili va madaniyati bilan faxrlanadigan milliy yetakchilarni tarbiya qilishdir. Shuning uchun ham bu maktablarga ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari "chertib-chertib" ishga olinmoqda.