XTV Telegramda xalq ta’limi tizimiga oid ma’lumotlarni tez va oson topishga ko‘maklashadigan maxsus botni ishga tushirdi. Bot orqali foydalanuvchilar vazirlik, tizimdagi respublika tashkilotlari, hududiy boshqarmalar, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari manzili, telefon raqamlari va boshqa ma’lumotlarni olish mumkin.

Bot yordamida maktablar, ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, mehribonlik uylari, Barkamol avlod markazlari va boshqa tashkilotlarning manzillarini ham topish imkoniyati bor. Manzillar geolokatsiya orqali onlayn xaritaga ulangan bo‘lib, istalgan manzilni navigator orqali topib borish mumkin.

Avtomatlashgan tizim amalga oshirilgan va oshirilishi kutilayotgan loyihalar, umumta’lim maktablarining moliyaviy xarajatlari (maktablar smetalari) hamda bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etadi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar bot yordamida vazirlik tizimiga oid yangiliklar bilan ham muntazam tanishib borishlari mumkin. Bu esa internet sifati yomon hududlarda vazirlik saytiga kirolmay diqqat bo‘lishning oldini oladi.

UzEduBot boti hozirda test tizimida faoliyat yuritmoqda. Loyiha “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK mutaxassislari tomonidan yaratilgan. UzEduBot boti qo‘shimcha ma’lumotlar bilan muntazam yangilanib boriladi.