AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda xalq ta’limini rivojlantirish uchun $19,5 million (165 milliard so‘m) miqdorida grant ajratdi.

Ushbu mablag‘lar:

  • maktab boshqaruviga;
  • o‘quv qo‘llanmalarni takomillashtirishga;
  • o‘qituvchilarning shu o‘quv qo‘llanmalardan ta’lim jarayonida foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirishga sarflanadi.

Qolaversa, mazkur loyiha yordamida maktablarda shaffoflik ta’minlanib, maktab boshqaruvini rivojlantirish usullari va strategiyasi ishlab chiqiladi.

Loyiha o‘quvchilarning axborot texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “IT Nation” tashabbusini amalga oshirishda ilmiy asoslangan strategiya yaratishda ko‘mak beradi.

Ta’lim sohasidagi muammolardan biri o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholash vositalarining yo‘qligidir. USAID agentligi maktablar boshlang‘ich sinflarida o‘qish va matematika (EGRA i EGMA) fanlari bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borishga ko‘maklashadi. Ushbu tadqiqotlar o‘quvchilarning bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlashga yordam beradi va ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.

USAID agentligi mazkur loyiha davomida Xalq ta’limi vazirligiga zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish yo‘llari bilan bir qatorda maktablarda ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishda ham yordam beradi.

Grant Xalq ta’limi vazirligi hamda AQSh hukumati o‘rtasidagi ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik doirasida amalga oshirilgan dastlabki loyihalardan biri hisoblanadi.

Ushbu hujjatni Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov hamda Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha davlat kotibining o‘rinbosari, elchi Elis Uells, shuningdek, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo buyicha o‘rinbosari yordamchisi Xaver Pedra joriy yilning 27-fevralida Toshkent shahrida imzolagan.