O‘zA Islom Karimovning sobiq a’yonlaridan biri Mavlon Umurzoqovning (suratda ajratib ko‘rsatilgan) maqolasini chop etibdi. Unda marhum prezidentning sobiq davlat maslahatchisi xalqni "karvonboshi atrofida birlashishga" chaqirgan.

"Ulug‘ safarga chiqqan karvon a’zolari – har birimiz sadoqat, e’tiqod, samimiyat, halollik kabi tuyg‘ularni qalbimizda chuqur his etib karvonboshi atrofida birlashmog‘imiz, yangi yutuqlarni quchish uchun shaxdam qadamlar bilan olg‘a yurmog‘imiz kerak", – deb hisoblaydi Mavlon Umurzoqov.

"Zulmat ichra edik, partiya bizni yorug‘likka chiqardi" janrida yozilgan maqolani Umurzoqov Rossiya OAVni "tirnoqdan kir qidirib hanuzgacha yurtimizga tosh otayotganlikda" ayblashdan boshlaydi. So‘ngra muallif "o‘g‘irlikka o‘zlarini baxshida etgan sobiq bosh prokuror R.Qodirov va uning gumashtalari", qishloqdagi muammolar haqida gapirib turib, o‘zi ham yaqin tariximizga tosh otib qo‘yadi. Muallif maqolani "imonli yurtboshisi atrofida chambarchas bog‘langan holda ko‘tarinki ruh bilan bor kuch, g‘ayratlarini safarbar etayotgan" xalqni olg‘a yurishga chorlaydi.

Maqola nimasi bilan muhim: aslida, muhim emas. Shunchaki, qiziqarli. SSSR vaqtida "Pravda" gazetasida "peredovitsa"lar (bosh maqolalar) qanday yozilganini ko‘rishni istasangiz va bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa, ko‘z yugurtirib chiqishga arziydi.

  • Davlat maslahatchisi bo‘lgan Mavlon Umurzoqov 1994-yilda Islom Karimovning e’tiboridan qolib, qator jinoyatlar, xususan, katta miqdorda poraxo‘rlik va mansabni suiiste’mol qilishda aybdor deb topilgan va 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U qamoqda 2,5 yil o‘tirib, ozodlikka chiqqan edi.​
  • ​Mavlon Umurzoqovning qamalishi ortidan uning rafiqasi, O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva mamlakat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisligidan va boshqa lavozimlardan bo‘shatilgan edi. Er-xotinga davlat ishlarida ishlashlariga ruxsat berilmagan.
  • 2017-yilda O‘zbekiston Oliy sudi Mavlon Umurzoqovni to‘la-to‘kis oqladi. Sud Umurzoqovga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash haqida qaror ham chiqargan.