Agar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar ertaga o‘tkazilsa, unda "Milliy tiklanish" partiyasi ko‘pchilik ovozini olar edi. Amaldagi "hukmron partiya" bo‘lmish O‘zLiDep ikkinchi o‘ringa tushib qolar ekan.

Bu haqda ijtimoiy so‘rovlarga ihtisoslashgan "Sizning fikringiz/Vashe mneniye" Telegram-kanalida o‘tkazilgan so‘rovning natijalari dalolat beradi.

So‘rovdan skrinshot

"Agar ertaga parlament saylovlari o‘tkazilsa, qaysi partiyaga ovoz bergan bo‘lardingiz" degan savolga javob bergan 19 ming odamdan:

  • 32 foiz saylovchilar "Milliy tiklanish" demokratik partiyasini o‘zining favoriti sifatida tanlagan.
  • 29 foiz ovoz to‘plagan O‘zLiDep ikkinchi o‘rinda kelayapti.
  • Eng uzoq (agarda SSSR davrini ham hisobga olsak, deyarli bir asr) siyosiy tajribaga ega Xalq demokratik partiyasi eng qoniqarsiz natijani ko‘rsatibdi. 5 foizgina saylovchilar bu partiyaga ishonch bildirgan bo‘lar edi. XDP bilan deyarli bitta mafkuraviy platformaga ega "Adolat" SDP undan bir foizga ko‘proq ovoz olibdi. Ekologik partiyaning 3 foiz odam qo‘llab-quvvatlashi tabiiy, bu partiya yil boshidagina tuzilgan va hali o‘zini ko‘rsatishga ulgurmadi.
  • 17 foiz saylovchilar hech qaysi partiyaga ishonmaydi va shuning uchun parlament saylovlarida qatnashmaydi, ovoz bermaydi.
  • 8 foiz saylovchilar ikkilanmoqda, lekin hozirgi tendensiyalar davom etsa, bular ham "Milliy tiklanish" partiyasiga ovoz berishi mumkinligini taxmin etsa bo‘ladi.

"Sizning fikringiz" kanalida o‘tkazilgan norasmiy so‘rovning natijalari partiyalar uchun nimani anglatadi:

1990-yillarda Prezident devonidagi strateglar G‘arbda asrlar davomida tadrijiy yo‘l bilan shakllangan partiyaviy konfiguratsiyani olib, O‘zbekistonda quyidagicha joriy etishgan edi:

  • o‘zini kambag‘allar himoyachisi deb biladigan XDP ("so‘llar");
  • o‘zini shakllanayotgan boylar qatlamining himoyachisi deb biladigan O‘zlidep ("o‘nglar") orasida asosiy raqobat bo‘lishi kerak edi.

Beshta partiyadan faqatgina shu ikkisida kapital va uni taqsimlashda davlatning o‘rni borasidagi yaxlit qarashlar mavjud. Qolgan uchta partiya davrining siyosiy vazifalarini bajarish uchungina tuzilgan edi. Lekin 2019-yilga kelib, jamiyatning iqtisodiy va ijtimoy strukturasi o‘zgargan va demak. vaziyat keskin o‘zgargani ayon bo‘lmoqda.

Dekabrda rejalashtirilgan Oliy Majlis hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik qizg‘in ketayapti. Yanvarda Ekologik partiya tuzildi. Iyul boshida yangi Saylov kodeksi qabul qilindi. Ikkita partiya yetakchisi almashdi.

  • Eng muhimi, iyun oyida Prezident administratsiyasida O‘zbekistondagi beshta siyosiy partiya rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida xabar tarqadi. Uchrashuvda partiyalarga endi o‘z dasturi va saylovoldi kampaniyasini, nomzodlarni mustaqil belgilashda muayyan “harakat erkinligi” berilganiga ishora qilingan.

Norasmiy, lekin deyarli 20 ming real odam qatnashgan (bunday "sotsiologik viborkaga" hatto "Ijtimoiy fikr" tadqiqotlar markazi ham ega bo‘lmasa kerak) so‘rov natijalari mana shu shakllangan siyosiy manzaradan unumli foydalanib qolayotgan bitta yaqqol g‘olib va o‘zgargan siyosiy voqelikka hamon moslasha olmagan ikkita katta mag‘lub borligini namoyish etmoqda.

Avval mag‘lublar haqida. "O‘zLiDep" 750 mingga yaqin a’zosi bor, eng kuchli ma’muriy resursga (joylardagi deyarli barcha hokimlar O‘zLiDep a’zsi) ega "boylar" partiyasidir. Islom Karimov (2007, 2015), Shavkat Mirziyoyev (2016) shu partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lgan, 2003-yilda tuzilganidan beri parlamentda doimo ko‘pchilik o‘rinni olib keladi. Mana shunday ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan partiyaning norasmiy, lekin haqqoniy so‘rovda ikkinchi o‘ringa tushib qolishi ajablanarli, lekin tushunsa bo‘ladigan holat: partiya odamlar bilan ishlashga ehtiyoj sezmaydi.

Xalq demokratik partiyasi norasmiy so‘rov natijalariga ko‘ra eng katta talafot ko‘rgan partiyadir. Bir paytlar eng ommaviy (90-yillarda XDP a’zolari milliondan oshiq edi, hozir 500 ming atrofida) va mustahkam zaminga ega (deyarli barcha korxonalarda boshlang‘ich partiya tashkilotlari bor edi) bu "otaxon" partiya hech zamonga moslasha olmadi va oxirgi yillarda o‘z pozitsiyalarini shiddat bilan yo‘qotib kelayapti. Yo‘qotishning asosiy sababi noqobil rahbariyat va o‘zini isloh qilolmaganidir. XDP axborot makonida deyarli faoliyat yuritmasligi ham partiya inqirozini chuqurlashtirmoqda.

"Milliy Tiklanish" mana shu ozgina bo‘lsa ham o‘zgargan siyosiy voqelikdan unumli foydalanib qolishga intilayotgan yagona partiyadir. Partiyalar ichida a’zolari eng kam (250 ming) MT partiyasi o‘zining imidjini yangilashda eng yaxshi natijani ko‘rsatmoqda.

Norasmiy saylov natijalariga ko‘ra, avvalgi parlament saylovlarida doimo XDP bilan ikkinchi o‘rin uchungina kurashib kelayotgan "Milliy tiklanish" nafaqat an’anaviy raqibidan ancha o‘tib ketdi, balkim "hukmron partiya" bo‘lmish O‘zLiDePning jiddiy raqobatchisiga aylanmoqda.

So‘nggi paytlarda MT o‘z faoliyatini jonlantirganini, elektorati bilan ishlashda raqiblariga qaraganda sifat jihatidan bir pog‘ona yuqori yondashuvini kuzatish mumkin. Xususan:

  • MT ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaraga sabab bo‘lgan rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusiga birinchilardan, "tepadan" ruhsat kutmasdan o‘z munosabatini bildirgan edi. Jamiyatning qiynayotgan masalalarga o‘z vaqtida munosabat bildirish orqali partiya o‘zining asosiy funksiyasini, «ijtimoiy amortizator» rolini eplashga harakat qilmoqda.
  • Dindor qatlam kabi yangi ijtimoiy guruhlar paydo bo‘layotganini, ular o‘z haq-huquqlarini tobora faol talab qilayotganini hisobga olsak, jamiyatda din va sekulyarizm munosabatini jiddiy muhokama qilish kerakligini tushungan yagona partiyadir. Mubashshir Ahmad kabi dindor qatlam orasida muayyan nufuzga ega arboblarning bo‘lajak partiya dasturining muhokamasiga taklif etilishi ham dadil, ham zaruriy qadam bo‘lgan.
  • O‘zbek partiyalari orasida MT axborot makonida eng faol harakat qilayotgan partiyadir.

Qobil, o‘z dasturlarini real voqelikka mos ishlab chiqqan va bir-biri bilan bahsga kirisha oladigan siyosiy partiyalar aslida o‘zbek jamiyati uchun yot amaliyot emas. XX asrning boshida va oxirida jamiyat uchun muhim bo‘lgan “yo hayot, yo mamot” masalalarini qizg‘in muhokama qilgan “Sho‘roi islom”, “Sho‘roi ulamo” va qolgan boshqa partiyalarni eslashning o‘zi kifoya.

"Milliy tiklanish" jamiyatning iqtisodiy va ijtimoy strukturasi o‘zgarganini, partiyalar bu o‘zgarishlar ketidan yetolmagani uchun jamiyatning talablariga javob berolmayotganini anglagan va shunga yarasha o‘zini isloh qilishga intilayotgan yagona partiya desa ham bo‘ladi.

Bu harakatlar naqadar muvaffaqiyatli bo‘lganini dekabrdagi saylovlar ko‘rsatadi.