Faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va lavozim majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun Uchtepa tumanidagi 4-, 14-, 295-, va 109-maktab direktorlari lavozimidan ozod etilgan.

15-may kuni Toshkent shahridagi 110-maktabda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov rahbarligida o‘tgan maktab direktorlari yig‘ilishida shu va boshqa masalalar ko‘rilgan.

Shuningdek, maktablar faoliyatini yetarli nazorat qilmagani, vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, tashabbuskorlik yetishmasligi uchun Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri iste’foga chiqqan.

Yig‘ilishda yana quyidagi masalalar muhokama qilingan:

  • poytaxt maktablarining bugungi faoliyati;
  • ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar;
  • tuman xalq ta’limi bo‘limlaridagi fan metodistlarining faoliyati;
  • o‘quvchilar soniga nisbatan kam bo‘lgan maktablarda o‘qish
  • yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida jonbozlik ko‘rsatayotgan maktablar;
  • “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi va fan olimpiadalarining shahar bosqichi natijalari.

Xalq ta’limi vazirligining keyingi yig‘ilishlari Shayxontohur va Sergeli tumanlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.