Turkman prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Comedy Central satirik kanalida hajv qilindi. 8-avgust kuni efirga uzatilgan Amerikaning eng ommabop «The Daily Show with Trevor Noah» ko‘rsatuvining bir qismi Turkmanistonga, aniqrog‘i turkman prezidenti o‘limi haqidagi mishmishlarga rasmiy munosabatga bag‘ishlandi. Bu haqida «Xronika Turkmenistana» xabar berdi.

Boshlovchi Trevor Noa prezident nima uchun televizorga chiqib «Men tirikman!» deyish o‘rniga o‘zining qanday dam olayotgani haqida videorolik tayyorlatganiga tushunmaganini aytgan.

«...Lekin prezident studiyada o‘tirib qo‘shiq yozayotgani uning tirik ekanining isboti bo‘lolmaydi. Men hozir Tupas (1996-yili o‘ldirilgan reper) musiqiy studiyada ishlayotgan videoni ko‘rsatishim mumkin, ammo bu uning tirikligini bildirmaydi-ku... yo bildiradimi?!», – deb hayron bo‘lgan boshlovchi.

Dastur mualliflari turkman prezidentining "yuksak fazilatlari va mahoratini" targ‘ib qiladigan roliklarning montajini ham kulgiga olishgan.

«Prezident shunchaki bouling o‘ynamaydi, u albatta eng yuqori natijalarni ko‘rsatishi kerak», – deyiladi dasturda.

Asli stomatolog bo‘lgan Turkmaniston prezidenti ko‘p qirrali iste’dod sohibidir. Mahoratli chavandoz va sportchi bo‘lishdan tashqari, prezident she’r yozadi, musiqa bastalaydi va hatto avtopoygalarda qatnashadi. U, shuningdek, qurol-yarog‘ning barcha turlaridan professional tarzda foydalana oladi.