9-aprel kuni AQSH Senatining qo‘mitasi Turkiya Rossiyadan S-400 raketaga qarshi himoya tizimini sotib olsa, og‘ir sanksiyaga tushishi bilan ogohlantirgandi. Turkiya S-400ning birinchi partiyasini sotib oldi va sanksiyalar qo‘llansa, yanada ko‘proq sotib olishini bildirdi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning aytishicha, raketaga qarshi kompleks iyulda keltiriladi:

“Bizning javobimiz shu – kelishuv allaqachon tuzilgan, masala hal bo‘lgan. S-400ning keltirilishi iyulga mo‘ljallangan”.

AQSH respublikachi senatorlari Jim Rish va Jim Inhofe “yil oxiriga borib Turkiya yo F-35 qiruvchi uchoqlarini oladi, yo S-400ni. Ikkalasini bir paytda ololmaydi” degan. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li tahdid amalga oshsa, Turkiya F-35ga ham, AQSHning Patriot raketaga qarshi tizimiga ham muqobillarini sotib olishini aytgan.

S-400 "Triumf" – o‘rta va uzoq masofali zenit raketa tizimi (ZRK) bo‘lib, u asosan aerodinamik va ballistik nishonlarni urib tushirishga mo‘ljallangan. Nishonni 600 kilometrgacha bo‘lgan masofada aniqlaydi, 400 kilometrgacha hududni himoya qila oladi.

Bu nima uchun muhim?

Turkiya keyingi oylarda G‘arb bilan munosabatlari sovuqlashgani, sanksiyalar bosimida og‘ir ahvolda qolgani, lira qadrining tushishi va iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida NATOdagi ittifoqchilariga muqobil hamkorlarni qidirib qolgan.

Suriya va Iroqda muxtor kurd respublikalarining tuzilishiga AQSHning xayrixohligi Turkiyani xafa qilgan. Rossiya bilan yaqinlashish, harbiy aloqalar o‘rnatishga urinishi orqali o‘zining NATO oldidagi “narx”ini oshirishga harakat qilmoqda.

NATO o‘z a’zolarining a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan hamkorligini qattiq nazorat qiladi. Turkiyaning S-400ni sotib olishi tashkilot va Turkiya o‘rtasida o‘yin qoidasi buzilganini anglatadi.

NATO nima uchun rus S-400 komleksiga tish-tirnog‘i bilan qarshi?

NATO qurolli kuchlari va texnikasi yagona harbiy ekotizimni hosil qilgan. Hujumkor va mudofaa qurollari bir-biriga moslangan. Bu xuddi "Apple"ning barcha qurilmalari bir-biriga yaxshi bog‘lanishi, yagona muhitni paydo qilishiga o‘xshaydi. Tashqaridan yangi qurollarning qo‘shilishi nomuvofiqliklarni paydo qilishi mumkin.

S-400 Rossiyaning raketa va havo hujumiga qarshi yer-havo rusumidagi eng qudratli tizimlaridan biri hisoblanadi. NATO qattiq ishonadigan raketalar va yuksak rivojlangan hujumkor uchoqlar qarshisidagi jiddiy to‘siq hamdir. Harbiy analitiklarning fikricha, S-400 “Iskandar” operativ-taktik raketa kompleksi va “Bastion” harbiy kemalarga qarshi himoya majmuasi bilan birgalikda kuchli himoyalangan hududni hosil qiladi.

S-400 400 km masofadagi aerodinamik obyektni, 60 km masofadan esa soniyasiga 4,8 km tezlikda harakatlanayotgan qanotli raketa, taktik va strategik aviatsiyani yo‘q qilishi mumkin. Ushbu tizimning NATOni cho‘chitadigan yana bir jihati uning bir paytda o‘nlab ob’yektlarni nishonga ola olishidir.

Bu tizim o‘rnatilgan hududda F-35 uchoqlarining parvozida muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Ya’ni bir hududda S-400 va F-35 bir paytda bo‘lolmaydi. Shuning uchun Vashington Turkiyani S-400ni emas, Patriot mudofaa tizimini sotib olishga undab keladi.

Shu bois Turkiya ushbu tizimni sotib olsa, AQSH uni Lockheed Martin F-35 uchog‘i dasturidan chetlatishi mumkin.