Minbar tilshunos olim, turkolog Baxtiyor Isabek bilan til islohoti, o‘zbek tilining kamchiliklari va tilning nufuzini ko‘tarish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, rus tilining o‘zbek jamiyatidagi ta’siri, turkiy tillarning xususiyatlari haqida suhbatlashdi.

Minbar: Rus tiliga rasmiy til maqomi berish taklifi bilan chiqqan ziyolilar o‘zlari bilmagan holda hamon oqsab kelayotgan til islohoti uchun jamiyatga turtki berishdi. Ziyolilar rus tilini o‘rganish kerak, lekin rasmiy maqom kerak emas mazmunidagi munosabat bilan chiqishdi. Siz qanday fikrdasiz?

Baxtiyor Isabek: Rus tili qanchalik chiroyli, boy, keng tarqalgan til bo‘lsa bo‘lsin, lekin bu til egalari tilini bizga do‘stona, qardoshlarcha taqdim qilmagan. Ya’ni o‘ris tili bizga ingliz tili kabi xalqaro aloqa tili, ilm-fan tili sifatida kirib kelmagan. U zo‘rlik bilan qabul qildirilgan. Rossiya imperiyasining ishini sovetlar so‘zda boshqa, amalda boshqa yo‘l tutib avj oldirgan. Agar “Turkistanskiye vedomosti”ning 1869–1900-yillardagi sonlariga nazar tashlasangiz, o‘sha hukumatning o‘rislashtirish siyosatini til va alifbe o‘zgartirishdan boshlash haqidagi fikrlarini ko‘rasiz.

Lekin Stalin boshchiligidagi sovet hukumati buni amalga oshirishda oshkora yo‘l tutdi. Lenin o‘ris tilini jannat, jannatga esa kaltaklab kiritilmaydi deyish bilan go‘yo til siyosati demokratiyasini joriy qilganday bo‘ldi-yu, ammo o‘rislar qo‘l ostidagi boshqa xalqlar tilini “do‘zax” deb qo‘yganday ham bo‘ldi. Bu “jannat til” O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda norasmiy davlat tili bo‘lib, shunday ildiz otdiki, bu yerlarda mahalliy xalqlardan rosmana “sovet xalqi” shakllana boshladi. Bular O‘zbekistonda asli ota-onasi, bobolari va pasportida “o‘zbek” bo‘lgani bilan tili, ruhi, urfi o‘rischa bo‘ldi. Ana shundaylar to o‘tgan asrning oxirigicha O‘zbekiston deb atalgan yurtning hukmron tabaqasi bo‘ldi.

O‘rislashish katta imkoniyatlar bergani ularning safi kengayib borishiga olib keldi. O‘z navbatida o‘zbek tilidan boshqa tilni, ya’ni o‘ris tilini bilmaydiganlarga “madaniyatsiz” deb qarash ham shakllanib ulgurdi.

1988 – 1990-yillarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish uchun bo‘lgan harakatlarning eng ashaddiy dushmanlari asli o‘ris tillilar yoki Moskva emas, o‘zimizdan chiqqan o‘sha sovet xalqi, ya’ni madaniyat jihatidan o‘rislashganlar bo‘lgandi.

Ana shular – o‘zbek tilini mensimaydigan, o‘ris tilini bilishni imtiyoz deb bilguvchilar – vaziyatga qarab sal yumshadilar va ikki davlat tili g‘oyasini ilgari surdilar. O‘zbek tilining yakka o‘zi davlat tili bo‘lishini millatchilik deb baholadilar.

Shveysariyani misol keltiruvchilar Isroilda ivrit tili tiriltirilganini ko‘rib ko‘rmaslikka olishdi. Gapni uzoqdan boshlaganimning sababi O‘zbekistonda o‘ris tili ham rasmiy til bo‘lishini taklif qilayotganlar osmondan paq etib tushmaganini eslatish uchun edi.

Minbar: Til millatning millat ekanini ko‘rsatuvchi belgi. Taklif e’lon qilinganda “rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi” ostida siyosat borligiga ham ishora qilishdi. Bu masalaga siyosiy tus berish qanchalik to‘g‘ri?

Baxtiyor Isabek: Bu taklifning amalga oshishi o‘zbek tili uchun eng katta zarba bo‘lardi. Chunki asrlar davomida turli tillar qisuvida yashab kelayotgan bechora tilimiz hali ham O‘zbekistonda amalda davlat tili bo‘lib ulgurmadi. Konstitutsiyada belgilangan maqomini amalga oshirish uchun hukumat chora ko‘rmayapti. Yonimizdagi qo‘shni-qardoshlarimiz konstitutsiyasiga prezidentlikka nomzod davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun imtihondan o‘tishi lozimligi qoidasining kiritilishi davlat tili mavqeini ko‘tarishga xizmat qilishini ko‘rsatib turibdi.

Ko‘p millatli Rossiyaning Tataristoniga mardikorlikka borganlar ham Rossiyaning davlat tilidan imtihon topshirishi ruslarning o‘z mamlakatida davlat tiliga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatadi. Rossiyaning hozirgi hukmdorlari rus tilini qisib qo‘yding deb Ukrainaga tajovuz qilishi o‘z tiliga e’tiborgina emas, tilni imperiya hududini kengaytirish quroliga ham aylantirib olganini ko‘rsatadi.

Bizga alam qiladi: hanuzgacha biz siyosiy mustaqil bo‘ldik deymizu, lekin oldin qaysi xalqning, qaysi davlatning quli bo‘lganimizni ochiq ayta olmaymiz. Nega? Tilimizni davlat tili qildik deymizu undan oldin qaysi til davlat tili bo‘lganini ham aytishga cho‘chiymiz. Nega?

Agar bular ochiq aytilib kelinganida, hozir o‘ris tili rasmiy til bo‘lsin deb taklif qilganlar bunga erishsa, keyin siyosiy jihatdan bizni qaysi davlat boshqarsa, dunyoga chiqa olishimizni taklif qila olishlariga yo‘l ochilishiga aqlimiz yetgan bo‘lardi.

Rossiya imperiyasi, SSSR boshqa-boshqa imperiyalar emas, faqat bir bosqinchi imperiyaning turli nomlari ekanini, har ikkalasi – biri bosib kelganida, ikkinchisi qayta bosib olganida “bosmachilar” tiliga tajovuz qilganini va uni o‘zining jiddiy dushmani hisoblaganini unutmaslik kerak.

Minbar: O‘zbek tilining ham holati maqtagulik emas. Uning nufuzi ko‘tarilishi uchun qanday takliflar berasiz?

Baxtiyor Isabek: Buning uchun hukumatimiz asosiy qonunimizga tayanib, davlat tilini amalga oshirish uchun lozim bo‘lgan barcha tadbirlarni qo‘llashi, O‘zbekistonda yagona davlat tili bo‘lib, u millatimizni, davlatimizni mustahkamlash uchun xizmat qilishini ta’minlamoq uchun choralar ko‘rishi, lotin yozuviga to‘liq o‘tilishi kerak. O‘zbek maktablarini, o‘zbek tilini o‘qitish ishlarini kuchaytirish lozim.

Davlat idoralarida barcha ishlar o‘zbek tilida olib borilishi, davlat va hukumat idoralarida o‘zbek tilini bilmaydiganlar bo‘lmasligi, ayniqsa, Toshkent shahrida o‘zbekcha lavhalari bo‘lmagan hech bir tashkilot bo‘lmasligi (bundaylar bo‘lgan taqdirda ular jarimaga tortilishi), restoranlarda 100 foiz o‘zbeklar qatnashayotgan to‘y-tomoshalarda o‘rischani o‘zbekchaga, o‘zbekchani o‘rischaga tarjima qilib borishni restoran rejimiga aylantirmaslik kerak.

Davlat arboblari O‘zbekiston – o‘zbeklar nomidan xalqaro anjuman, davlatlararo munosabatlarda boshqa tilda gapirmasligi, davlat arboblari boshqa tilda gapirganida uning nutqini o‘zbeklar ham tushunish uchun o‘z xalqiga tarjima qilib berishdan uyalmasligi lozim (bizning xalq amalni yaxshi ko‘radi, katta amaldorlar o‘rischa bilgani uchun katta-katta mansablarda ishlayotganini ko‘rib, o‘z bolalarini ham umid bilan o‘ris maktablariga bermoqda, ba’zilar o‘ylaganiday o‘ris maktablarida o‘qitish yaxshiroq bo‘lgani uchun emas).

Yana bir holat borki, o‘zbek tilining qo‘llanish hududini kengaytirish uchun hukumat jahd qilmog‘i kerak. Sir emaski, O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan kunidan boshlab hozirgi O‘zbekiston hududidan tashqarida azaldan yashab kelayotgan o‘zbeklar va ularning tilni saqlab qolishi haqidagi burchidan voz kechdi. Shuning uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston o‘zbeklari uchun O‘zbekistonning barcha oliy o‘quv yurtlari taqa-taq yopildi. Shuning uchun bu mamlakatlardagi o‘zbek maktablari soni qisqarib bormoqda. O‘zbekcha o‘qish kerak bo‘lmay qoldi. Qo‘shnimiz Qozog‘iston esa dunyoning qayeridan qozoq o‘qishga kelsa, uni hurmat bilan qarshi oldi va Qozog‘iston fuqarolari kabi huquq berib qo‘ydi. Natijada O‘zbekistondagi qozoq maktablari kamaymadi (qozoqlarning ko‘chib ketishi bundan mustasno), aksincha, ko‘paydi. Demak, qozoq tilining qo‘llanish hududi toraymadi.

Darvoqe, agar hukumatimiz o‘zbek tilining amalda yagona davlat tili bo‘lishini istasa, hukumatga yordam beradigan (“Davlat tili amalda” deganday) bir jamoatchilik asosidagi qo‘mita tuzib, unga soha bo‘yicha ayrim vakolatni bersa, ish ancha tezlashgan va savob ishlar qilingan bo‘lardi.

Minbar: Qardosh turkiy xalqlar bugun bir-birining tili tugul yozuviga ham tushunmaydi. Qardosh xalqlarning yozuv va til bo‘linuvi o‘tgan tuzumning natijasi, albatta. Bugun yangi alifbo islohoti bu bo‘linuvga yechim bo‘la oladimi?

Baxtiyor Isabek: Turkiy tillarning hammasining grammatikasi bir xil. Faqat singarmonizm farq qiladi. Bugun turkiy xalqlar orasida yagona bir til juda zarur. O‘rta turk tili deyishdi, yagona alifbo deyishdi. Bu birdan bo‘ladigan jarayon emas. Lekin globallashuv jarayoni ketayotgan zamonda baribir yagona adabiy til zarur. Mana, masalan, Yevropa ittifoqi yoki arab davlatlari ham yagona bir tilga ega. Bu yagona turkiy til boshqa bir turkiy tilga daxl qilmaydi, faqat ikki turkiy xalq bir-birini tushunishi uchun xizmat qiladi. Men kafilman, bu tilni dunyo o‘rgana boshlaydi. Chunki sekin-asta barcha turkiy davlatlar o‘sha tilni davlat tiliga aylantirib boradi, mahalliy tillar qolaveradi. Shunda dunyoning yetakchi tillari bilan raqobat qila oladigan turkiy til paydo bo‘ladi. Men buni hozir demayapman, bu jarayon uchun albatta yuz yillar kerak bo‘ladi.

Minbar: Yagona til qanday shakllantiriladi?

Baxtiyor Isabek: Turkiy tillar orasidan bitta til tanlab olinadi. Ushbu talabga javob bera oladigan yagona til – turk tili. Sabab Turkiyaning qudratli mamlakat ekani yo ko‘proq odam gaplashganida ham emas. Turklar boshqa turkiy xalqlar tiliga qaraganda tilning turkiyligini saqlab qolgan. Ayniqsa, Mustafo Kamol Otaturkning islohoti tufayli eski turkiy tildagi so‘zlar tiklandi. Shuningdek, turk tilida qadimgi turkiy tilning so‘z yasalish shakllari saqlab qolingan. O‘zbek tilimiz ham yaxshi, lekin bu til turkiylik ildizlaridan uzilib qolgan. Masalan, “navro‘z” so‘zi forsiy so‘z emas, agar forsiy bo‘lganda “ro‘zi nav” bo‘lardi. Bu so‘zda turkiy tuzilish bor. O‘zbek tili ko‘p holatlarda yutqazib qo‘ydi. “-cha” qo‘shimchasi turib “-ona” degan qo‘shimchani qo‘llash ham tilga bir xurujdir, axir “o‘zbekona” emas, “o‘zbekcha” bo‘ladi.

Minbar: O‘zbek tilida ilmiy uslub butunlay rus tiliga qaram. Bu ham o‘zbek tilining nufuziga ta’sir etmaydimi?

Baxtiyor Isabek: Tilning tabiatiga qarshi bo‘lgan so‘zlarni ishlatish mutlaqo noto‘g‘ri. Bu holat o‘sha so‘zlarning ham ixcham, ham ma’no jihatdan keng bo‘lgan ma’nodoshlarining zanglashiga sabab bo‘ladi. Bizda juda ko‘p so‘zlar zanglab qolgan. So‘z yasalishi ham zanglagan, biz so‘zlarni rus tili qoidalari bo‘yicha yasashga o‘rganib qoldik. Zanglagan so‘zlarni moylab turib ishlatish kerak-da, bo‘lmasa tilimizni qashshoqlashtirib qo‘yamiz. Ilmiy tilda 90 foiz so‘zlar rus tiliga oid. Ilmiy til shakllanmas ekan, o‘zbek tili oldidagi xavf oshib boraveradi. Ilmiy tilni ruscha so‘zlardan tozalash kerak, ruscha ilmiy uslub tilimizga singib ketgan. O‘zbek tilining bulg‘angani bu tilda gapiruvchilarning o‘z tiliga befarqligidan kelib chiqqan. Biz hali o‘z tilimizning qudratini his qila olganimiz yo‘q. Til bizga ota-bobolardan qolgan omonat bir meros. Bu merosni to‘liq sarflab bo‘lmaydi, uni omonat saqlab, avlodlarga shundayligicha yetkazish kerak, bu omonatga xiyonat qilib bo‘lmaydi. Bolasini o‘zbek maktabi turganda rus maktabiga berishi ota-bobosining tiliga xiyonat emasmi? Insonni inson qilgan belgi til-ku, millatning ham belgisi til.

Minbar: Rus tili sovet zamonida xalq ongiga to‘la singdirildi. Albatta, rus tili orqali dunyoni ham tanidik. Ammo bugun rus tilidan ko‘ra ingliz tilining imkoniyatlari kengroq. Rus tilining ta’siridan qanday chiqib ketishimiz mumkin?

Baxtiyor Isabek: Sovet zamonida kim ruscha bilmasa amalga qo‘yilmadi, hatto qishloqdagi brigadir ham ruschani bilishi kerak edi. Bu rus maktabida o‘qigan bola o‘zbek maktabida o‘qigan boladan intellekt jihatidan baland degani emas. Sovet zamonida qishloqdan poytaxtga ruschani bilmaydigan o‘zbek kelsa shaharda qiynalardi. Lekin Vladivostok yoki Kaliningraddan kelgan odam qiynalmas edi. Rus maktabida o‘qitishga qiziqishga shu kabi holatlar katta zamin hozirlagan.

Rus tili dunyoning hamma yerida ham o‘tmaydi, mana, Ukrainada endi o‘tmaydi, Gruziya, Boltiqbo‘yida ham shu holat. O‘zi qisilib yotibdi, bular dunyoni rus tili bilan taniymiz deydi. Hech kim qarshilik qilmaydi, rus tilini o‘rgansin, bemalol, lekin butun bir millatga bu tilni tiqishtirish endi noto‘g‘ri. Yana qaytaraman: rus tili qilich bilan, qonimizni to‘kib kirib keldi, ingliz tili ilm-fan, texnologiya bilan kirib keldi.

Lotin alifbosiga tezroq o‘tishimiz kerak, chunki lotindan bizni bosib olgan harflarning hidi kelmaydi. Bugungi ahvolimizga ham mustamlakachilikning ta’siri bor, albatta. Masalan, Afg‘oniston rus bosqinini ko‘rmadi, shuning uchun afg‘onistonlik o‘zbeklar ham tilini, ham ruhini asrab qoldi. Bizning xalq esa qatag‘onlar, tahdidlardan keyin qo‘rquvni o‘ziga yuqtirib oldi.

Til masalasi ko‘tarilgandan keyin jamiyatdan juda bir kutilmagan aks-sado qaytdi, men bundan juda xursand bo‘ldim, hozir ham xursandligimdan yig‘lab yuboraman. Rauf Parfi “Bizning til o‘zi klassik til” deb aytar edi. Klassik tilning qadriga yetmasak, uni xor qilsak millat sifatida rivojlanib bo‘ladimi? O‘z tilingni sevishing uchun uning tarixini bir tarixchi olim kabi bilish shart emas. Tilining tarixini mukammal biladigan odamlar bo‘lmaydi. Tafakkurga yo‘l faqat til orqali boradi. Til – nomoddiy tafakkur.

Minbar: O‘zbek tilining bugungi muammolari, kamchiliklari va ularning yechimlari masalasi hamon dolzarb.

Baxtiyor Isabek: Ha, afsuski, jamiyatdagi buzilishlar tilda ham o‘z aksini topgan. Sanasak, kamchilik juda ko‘p. Imlo qoidalari ishlanishi kerak, savodsizlikning oldini olishimiz uchun yangi alifbo ham albatta isloh qilinishi lozim. Alifbomizdagi eng katta kamchiliklardan biri “ng” tovushi. Bunga bitta belgi topish kerak. Toshkent shevasida “keling” bilan “kelin” bitta bo‘lib ketmoqchi. “O‘” harfini “o” deb olish ham g‘aliz. Boshqalar bu tilni o‘rganmoqchi bo‘lsa, “o‘” harfini “o” deb o‘qiydi. Biz hanuz imlo bilan talaffuzda rus tili qoidalariga amal qilamiz. Grammatikamiz ham, talaffuzimiz ham rus tiliga bo‘ysunadi. Mana shu jihat ham tildan bezdiradi. Qozoqlardan til borasida ham orqadamiz. Ular chetdan so‘z olsa qozoqchaga moslab oladi. Rus tilidan kirgan so‘zlarni tanaga kirgan o‘qqa o‘xshatib qo‘yishgan. “S” harfini butunlay chiqarib tashlash kerak edi, bu tovush bizning tilimizda yo‘q. Lekin zarur bo‘lgan o‘rinda uning boshqa bir muqobilini topishimiz kerak. Qancha qiyin bo‘lsa ham unlilarni ikkitadan qilishimiz lozim, shunda alifboda 6 ta emas, 9 ta unli bo‘ladi.