8-avgust kuni Arxangelsk oblastida "Burevestnik" (NATO tasnifida Skyfall) atom dvigitelli kruiz raketasi portlab ketgan. Bu haqda 13-avgustda AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter’da e’lon qildi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyadagi raketa portlashidan ko‘p narsani o‘rganmoqda. Bizda shunga o‘xshash, faqat ilg‘orroq texnologiyalar mavjud. Rossiyada Skyfall portlashi sinov hududida yashovchi va undan ancha uzoqdagi odamlarni xavotirga solmoqda. Yaxshi emas!” - deb yozgan Tramp.

Avvalroq Arxangelskda aynan "Burevestnik" raketasini sinovdan o‘tkazishayotgani haqida The New York Times AQSh harbiylari orasidagi manbasiga tayanib yozgan edi. Amerikalik yadro eksperti Jeffri Lyuis ham xuddi shunday fikr bildirgan.

Putin "Burevestnik"ni 2018-yil mart oyida taqdim etgan.

Sevenrodvinsk yaqinidagi Nenoksa qishlog‘iga yondosh mashg‘ulot maydonchasida 8-avgust kuni portlash sodir bo‘ldi, natijada Rosatomning besh nafar xodimi halok bo‘ldi.

Tarjumon.uz’ning xabar berishicha, Arxangelsk hokimiyati 8-avgustdagi portlashdan nurlanish darajasi oshganini, keyinroq esa radiatsiya normal holatga qaytganini iddao qilgan. Voqea sodir bo‘lgan kuni yaqin atrofdagi Severodvinsk ma’muriyati radiatsiya darajasining qisqa muddatli o‘sishi haqida xabar bergan, ertasi kuni bu bayonot o‘chirilgan.

RF prezidenti Vladimir Putin 2018-yilning mart oyida parlamentdagi chiqishida yadroviy dvigatelga ega raketaning sinovlari muvaffaqiyatli o‘tganini, bu raketani mavjud raketaga qarshi tizimlarning (PRO) hech qaysisi urib tushirolmasligini aytgan edi. Lekin amerikalik razvedkachilar raketaning 13 sinovidan hech qaysisi muvaffaqiyatli bo‘lmagan deb ishontirmoqda.