Toshkent shahridagi talab yuqori bo‘lgan 81 ta maktabga ota-onalar birinchi sinfga chiqadigan bolasini Davlat xizmatlari markazlari orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab bilan gaplashib joylashi mumkin. Qo‘shimcha kvotani to‘ldirishdagi muayyan mezonlar ham bekor qilinganga o‘xshaydi. Kamida shunday xulosani xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning Facebook sahifasidagi izohidan chiqarsa bo‘ladi.

"Davlat xizmatlari markazlarida ko‘p sonli xizmatlar ko‘rsatilishi sababli, ortiqcha navbatlarning oldini olish maqsadida hamda ko‘pchilik ota-onalarning takliflarini inobatga olib qo‘shimcha kvota uchun ixtiyoriy to‘lov imkoniyati butunlay bekor qilindi hamda joriy yilning 10-avgustidan boshlab Toshkent shahridagi 81 ta maktabga farzandingizni asosiy kvotadan tashqari joylashtirish uchun maktablarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishingiz mumkin", – deb yozdi Sherzod Shermatov Facebook sahifasida.

Vazirning aytishicha, shu kunga qadar ushbu maktablarga 4 ming nafarga yaqin tegishli mikrohududda yashayotgan o‘quvchilar hech qanday to‘siqlarsiz, tanish-bilishchiliksiz, bepul qabul qilingan.

Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga 7-avgustda o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilgan.

Bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan qaror tarixi: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 469-qaroriga muvofiq Toshkentdagi 81 ta maktabda tajriba o‘tkazilishi, unga ko‘ra boshqa mikrohududdagi maktablarning 1-sinfiga hujjat topshirganlar va maktab yoshiga yetmagan bolalar qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi, buning uchun eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im undirilishi belgilangan edi.

Yangi tartibni joriy etishdan quyidagilar ko‘zlangan edi:

  • mikrohududdagi bolalarni maktabga joylash;
  • talab katta bo‘lgan maktablardagi koeffitsiyentni barqarorlashtirish;
  • bir sinfda o‘quvchilar sonini 35 tadan oshirmaslik;
  • maktab yoshiga yetmagan va ta’lim tilini bilmaydigan bolalarni qiynamaslik;
  • maktablarga qo‘shimcha pul topish imkoniyatini yaratish.

Hujjat e’lon qilingandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yangilik turlicha qarshi olindi. Kimlardir bu shu paytgacha amalda bo‘lib kelgan korrupsion usullarga zarba berishini aytib olqishlagan bo‘lsa, ayrim foydalanuvchilar bunga qarshi chiqishdi.

Jamoatchilik fikrlari asosida hujjatga o‘zgartirish kiritilishi kerak edi.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyiha qo‘shimcha kvota asosida qabul tartibini belgilab berishi kerak edi. Shuningdek, loyihada pulli qabul tartibini bekor qilish taklif etilgan.

XTVning yangi taklifiga ko‘ra qo‘shimcha kvota bo‘yicha o‘qish huquqiga eng avvalo quyidagilar loyiq ko‘rilishi mumkin edi:

  • shu mikrohududda yashovchi olti yoshga to‘lgan bolalar;
  • shu maktablar o‘qituvchilarining farzandlari;
  • boshqa mikrohududda yashovchi, ammo akasi yo opasi shu maktabda o‘qiydigan bolalar,
  • mikrohududda istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari.

Hujjat 7-avgustda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilindi, lekin hozircha u e’lon qilinmadi.

Qarorga muvofiq maktablarga qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib, tegishli mikrohudud bo‘yicha asosiy kvotaga tushmagan bolalar uchun amalga oshirilishi belgilandi.

Vazirning izohidan xulosa qilinadigan bo‘lsa, qo‘shimcha kvota mezonlari ham bekor qilingan. Ya’ni, to‘liq eski tizimga qaytildi. Kim direktorlar bilan gaplasha olsa, o‘shaning bolasi o‘qiydi.