Qozog‘istonning yangi saylangan prezidenti Qosimjo‘mart To‘qayev atom elektr stansiyasi quriladigan bo‘lsa, refendum o‘tkazishni va’da qildi.

«Qozog‘istonda AES qurish hozircha rejalashtirilmagan. Quradigan bo‘lsak, bu masalani albatta butun xalq bilan muhokama qilamiz. Kerak bo‘lsa, referendum o‘tkazamiz», – degan Qosimjo‘mart To‘qayev.

To‘qayevning aytishicha, energoresurslar masalasi muhim, lekin transport infratuzilmasini takomillashtirish undan ham muhimroq. «Keyingi yil Qozog‘iston "Bir makon, bir yo‘l" loyihasida ishtiroki tufayli besh milliard dollar daromad topishi kutilmoqda», – degan Qosimjo‘mart To‘qayev.

Aprel oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus-qozoq muzokaralarining so‘ngida Rossiya Qozog‘istonga atom elektr stansiyasini qurib berishni taklif qilganini aytgan edi.

Saylovda ikkinchi o‘rinni «muxolifat»ning nomzodi Amirjon Kosanov, uchinchi o‘rinni saylovda qatnashgan ilk ayol nomzod («Aq jol» partiyasi) Daniya Yespayeva (5,32%) olgan.