Tojikistonning qattiq qo‘riqlanadigan, asosan diniy ekstremistik oqimlar a’zolari saqlanadigan qamoqxonasida isyon ko‘tarilgan.

“Vahdat shahrida joylashagan 3-koloniyada saqlanayotgan, Islomiy davlat terrorchi tashkilotining 30 nafar o‘ta xavfli a’zosi pichoq va boshqa kesuvchi predmetlar yordamida qamoqxonaning uch xizmatchisini garovga olgan va o‘ldirgan. Ularning maqsadi qamoqxonadan qochish bo‘lgan”, – deyiladi Tojikiston adliya vazirligi press-relizida.

19-may kuni kechasi ko‘tarilgan isyonda qamoqxonaning uch soqchisi va 27 mahbus o‘ldirilgan.

Bu tojik qamoqxonalaridagi birinchi isyon emas. 2018-yil noyabrida Xo‘jand shahridagi qamoqxonada ko‘tarilgan isyonda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 21, norasmiy xabarlarga ko‘ra esa 50 kishi o‘lgan edi.

Tojik qamoqlari "yashillashayapti": mutaxassislar isyonlar soni ortishini tojik koloniyalarida mahbuslar shiddat ila radikallashayotgani bilan bog‘laydi. 2017-yili tojik xavfsizlik xizmatining buyurtmasi bilan qamoqda radikallashish jarayoni o‘rganilgan.

2017-yilda ekstremizm va terrorizm uchun qamalgan besh yuz insondan 400 ga yaqini "Feysbuk"dagi layk, repost yoki uzunroq soqol qo‘ygani uchun qamalib ketgan. Atigi yuztasi real jangovar tajribaga ega jangarilardir. Bularni "sindirib" bo‘lmasligi ayon edi, koloniyadagi o‘g‘ri va "maishiylar" ichida ularning obro‘si o‘sib borayotgan edi. Hattoki "yashil" (islom g‘oyalari keng tarqalayotgan) koloniyalar shakllanmoqda.