Tojikistonda «milliy madaniyatga yot» bo‘lmish kiyim-kechaklarni olib kirish va sotishni taqiqlashmoqchi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda sizdirilgan hukumat majlisi bayonnomasiga tayanib Tarjumon.uz xabar bermoqda.

Prezident devonining rahbari Ozoda Rahmon (Tojikiston prezidentining qizi) 29-iyulda imzolagan va bayonnomada «milliy urf-odatlarga yot bo‘lgan kiyim-kechaklar» iborasi aynan qanday kiyimlarni anglatishiga aniq sharh berilmagan.

Maxfiylik muhri bosilgan hujjatning ijrosi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, Din ishlari, urf-odatlar va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Ayollar va oila ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Bojxona xizmati, Islomshunoslik markazi, Islom markazi ulamolar kengashi va boshqa markaziy va mahalliy hokimiyatlarning rahbarlariga topshirildi. Tojikiston hukumati ushbu sizdirilgan maxfiy hujjat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Go‘yoki milliy liboslarni ommalashtirishni ko‘zlagan hujjat Tojikistonda anchadan beri davom etayotgan ayollarning islomiy kiyinishiga qarshi kampaniyaning qismi bo‘lishi mumkin.

Ko‘pgina davlat va ijtimoiy muassasalarda, shu jumladan shifoxonalarda, maktablarda va FHDY idoralarida ayollarga hijob va chodralarda (boshlarini va bo‘yinlarini yopadigan hijob) kirish taqiqlangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra ma’murlar jamoat joylarida hijobda yurgan ayollarni to‘xtatib, ular xaqida ma’lumotlarni qayd etib qo‘yadilar va ro‘molni «tojikcha» (qisqacha va orqaga) bog‘lashni talab qiladilar.

2015-yilda Dushanbe shahrining o‘sha paytdagi hokimi Mahmadsaid Ubaydulloyev barcha do‘konlardan tojikcha kiyinish tarziga to‘g‘ri kelmaydigan kiyimlarni musodara qilishga buyurgan. Tojikistonda «tojikcha kiyinish tarziga to‘g‘ri kelmaydigan kiyimlar» deganda ba’zi Yaqin Sharq mamlakatlarida urf bo‘lgan musulimalarning qora rangli liboslari tushuniladi. Shuningdek, tojik parlamenti 2017-yilda milliy kiyimlarni kiyishni va davlat tilini bilishni majburiy qilib qo‘ygan.

Respublikada hijobga qarshi kurash inson huquqlari faollari tomonidan vijdon va din erkinligining buzilishi sifatida tanqid qilib kelinadi.