Jurnalist Said Abdulaziz Yusupovning advokati Bosh prokuratura boshchiligida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikni teatrlashtirilgan tomosha dedi. Arslon Shaymardonovning «Bi-bi-si»ga aytishicha, tibbiy ko‘rikdan oldin himoyasidagi shaxsga nisbatan tazyiq o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.

8-iyun kuni Bosh prokuratura boshchiligida Toshkent tibbiyot akademiyasida (yangi ToshMI) DXX hibsxonasida saqlanayotgan matbuot fondi rahbari Said Abdulaziz Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Unda prokuraturaning ikki xodimi, DXX tergovchisi Otabek Yahyoyev, advokat Arslon Shoymardonov va Said Abdulaziz Yusupov qatnashdi. Ko‘rikni ikki nafar shifokor o‘tkazdi.

«Sud medekspertizaga juda tez yetib keling deyishdi. Men hayron bo‘ldim. Olmaliqdaman, faqat tushdan keyin bora olaman dedim. Soat 11 yarimlar edi. Yo‘q, aka, tez yetib keling deb telefonni qo‘yib qo‘yishdi. Yarim soatlardan keyin yana telefon qilishib, aka, tez yetib keling, kelmasangiz bo‘lmaydi deyishdi», – deydi Arslon Shoymardonov.

Advokat 12:45 larda yangi ToshMIga yetib keladi. Uning aytishicha, Yusupovni mahbuslarni tashiydigan maxsus mashinada olib kelishgan va u niqob taqqan 6-7 nafar kuch tizimi xodimlarini ko‘rgan.

«Ikki do‘xtir savollar berdi. Tazyiq haqida yozilgan edi, ko‘kargan joylaringiz bormi, kim qayeringizga urdi? Hammasini rad qildi. Hech kim menga tazyiq qilgani yo‘q, hech kim urgani yo‘q. Keyin yechintirib ko‘rishdi».

Yusupov ko‘kargan joyi yo‘q deya ichki kiyimini yechishdan bosh tortgan.

«Boshqa hamma joyini tekshirib ko‘rdik. Qornida ikkita joyida yiringlagan nuqta bor ekan. O‘zi unda furunkul, ya’ni yara chiqib turarkan. Qolgani oyoq qorayib ketgan, tizzadan pasti ikki oyoq ham qop-qora. Demak qon yaxshi aylanmayapti. Oyog‘ida tromblari bor-ku, kasalligi. Oyoqni zo‘rg‘a bosadi, zo‘rg‘a yuradi».

Advokat Yusupovning kayfiyati juda og‘ir bo‘lganini aytdi.

«Qo‘rqqan, jiddiy. Ikki-uch marta aytdim, Said, gapir, gapir desam, yo‘q, aka, vsyo normalno dedi. Gapirmayman dedi. Vsyo normalno degani, demak, bu yoqqa kelishdan oldin qandaydir tazyiq o‘tkazilganda unga. Shuning uchun gapira olmadi. U gapirolmaganidan keyin advokati bo‘lib men nima deya olaman», – deydi u.

Arslon Shoymardonov 8-iyun kuni Bosh prokuratura boshchiligida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikning teatrlashtirilgan tomosha ekanini aytdi.

«Prokurorlarga o‘zimga nisbatan bo‘lgan noqonuniy xatti-harakatlarni aytdim. 12 kunlab kiritilmadim men Said aytgan tazyiq o‘tkazilgan paytlarda. Nimaga men 12 kun kiritilmadim, nima maqsad bo‘lgan? Bu narsani prokurorlarga aytdim, yo‘q, bu narsani aniqlaymiz, amalga kiritamiz, har doimgidek navbatchi gaplar. Teatrlashtirilgan tomoshamiz shu bilan tugadi. To‘g‘risini aytsam, Shekspir ham yo‘lda qolib ketadi bularning qilgan ishidan», – deydi Shoymardonov.

Advokat qiynoqlarning yangi usullari chiqqanini va bu kabi qiynoqlarda badanda iz qolmasligini aytdi:

«Hozir yangicha uslubda qilingan jismoniy tazyiqlarda ko‘karish alomatlari bo‘lmaydi».

Shoymardonovning aytishicha, u o‘tgan safar Yusupovning oldiga kirganida himoyasidagi Said Abdulaziz «aka, ichimni ezib tashladi» deb yig‘lagan.

Norozilik namoyishidan so‘ng tayinlangan tibbiy ko‘rik

7-iyun kuni Said Abdulazizning yaqinlari va faollar Bosh prokuratura binosi oldida norozilik piketini uyushtirdi. Unda Said Abdulaziz Yusupovga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar to‘xtatilishi talab qilingan.

Shundan so‘ng Bosh prokuratura rahbariyati Yusupovning onasini qabul qildi. U o‘g‘lining tergov davomida qiynoqqa solinayotgani haqida murojaat qilib, himoyachisi ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘ragan.

Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, 8-iyun kuni Bosh prokuratura tomonidan himoyachi A.Shoymardonov va tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror D.Rahmatullayev ishtirokida mutaxassis-shifokorlarni jalb qilgan holda ayblanuvchi S.Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

«Uning tanasida biron-bir jarohat yoki qiynoq alomatlari aniqlanmadi. S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shoymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirishida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganini, hozir kasalligi bo‘yicha tegishli dorilar va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganini bildirdi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Josuslikda ayblanmoqdami?

Oldinroq yaqinlari Said Abdulaziz Yusupovga ruhiy tazyiq o‘tkazilganini da’vo qilishgandi.

Ularga ko‘ra advokati 12 kun mobaynida himoyasidagi shaxs bilan ko‘risha olmagan.

Hibsxona mas’ullari karantin degan vaj bilan adokatning so‘rovini rad etgani aytiladi.

Yaqinlarining iddao qilishicha, rasmiy hujjatlarda Said Abdulaziz Yusupov DXX hibsxonasi emas, balki boshqa joyda saqlanayotgani aytilgan.

Ularning advokatga tayanib bildirishicha, bu DXX Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bo‘yicha tergov harakatlarini olib borish vakolatiga ega bo‘lmagani uchun qilinmoqda.

Dilfuza Yusupovaning advokatga iqtibosan aytishicha, Said Abdulaziz Yusupov «Turkiya foydasiga josuslik qilganlik» aybini bo‘yniga olish uchun qiynoqqa solinganini aytgan.

«Shuncha qiynashsa ham qo‘l qo‘ymabdi, advokatlari ham hech qanday holatda qo‘l qo‘ymang deb tayinlabdi», – deydi «Bi-bi-si» bilan suhbatda Dilfuza Yusupova.

Ammo Bosh prokuratura bu da’volarning barchasini qat’iyan rad etmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaning «Bi-bi-si»ga aytishicha, Said Abdulaziz Yusupovga nisbatan tergov harakatlari avvaldan e’lon qilingan JKning «firibgarlik» bandi bo‘yicha olib borilmoqda.

«Siz aytgan hech bir moddalar (josuslik – tahr.) bo‘yicha ayblov yoki g‘ayriqonuniy usullar Yusupovga nisbatan yo‘q. Dastlabdan ayb e’lon qilingan JKning 168-moddasi doirasida tergov bormoqda», – deb aytdi Surayyo Rahmonova.

Bosh prokuratura vakili «firibgarlik» aybini DXX tergov qilishga vakolatli emas degan iddaoni ham rad etdi.

«JPK 345-moddasiga binoan tergovga tegishlilik 3 ta organ (IIV, DXX, prokuratura) orasida taqsimlangan, lekin ayrim jinoyatlar tergovining tegishliligi qonunda tugal ko‘rsatilmagani nuqtai nazaridan uni aynan ana shu organ tergov qiladi degan cheklov yo‘q. 168-modda aynan shu jinoyatlar kategoriyasidan. Yana bir muhim asos – Yusupov o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, firibgarlik qilgan. Bu ham uning ishini DXX tergov qilishini belgilaydi», – deb aytdi Surayyo Rahmonova.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said Abdulaziz Yusupov 10-may kuni hibsga olingan.

12-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi Yusupovni ehtiyot chorasi sifatida 10 kun qamoqda ushlab turish haqida ajrim chiqargan.