O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov energiya resurslari tarifining oshishi iste’molchilar uchun u qadar og‘riqli bo‘lmasligini va’da qildi. Bu haqida u O‘zAga bergan intervyusida aytgan.

«Ishlab chiqilayotgan tariflarda katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Faqat bu inflyasiya darajasida bo‘ladi. Aytaylik, minimal elektr ishlatadiganlar uchun yetarli normalar qo‘yiladi», – dedi energetika vaziri.

«Tariflar chiqqanda ko‘rasizlar, bu aholiga katta og‘irlik bo‘lmaydi», – deb va’da berdi vazir. Ammo ishlab chiqaruvchilar tomonidan spekulyasiya bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun jamoatchilik nazorati zarurligini ta’kidladi.

Uning aytishicha, minimal elektr va gaz ishlatadiganlar uchun yetarli normalar qo‘yiladi. Lekin bunga faqat hisoblagichlar to‘liq o‘rnatilganidan keyingina erishish mumkin. «Mamlakatimizda salkam 7,5 million abonent bor. 2020-yil yakuni bilan yurtimizdagi barcha iste’molchiga elektr hisoblagichlar o‘rnatiladi. Ana o‘shanda hisob-kitob ham to‘g‘ri bo‘ladi. Ana shunda amaliyotga ijtimoiy norma va tarifni to‘liq kiritsak bo‘ladi», – dedi u.

Oyiga 300 mingta xonadonga hisoblagichlarni o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari O‘zbekiston o‘z onlayn hisoblagichlarini ishlab chiqarmoqchi. U energiya resurslarining qadriga yetishga chaqirdi, chunki «tugamaydigan narsaning o‘zi yo‘q».

Sultonovning aytishicha, 2019-yilning 1-yanvaridan Toshkentning Yunusobod tumanida iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi va gazni belgilangan bazaviy normalarga asosan hisob-kitob qilish tajribasi o‘zini oqlagan. «Pul tushumi 60 foiz oshib, yo‘qotishlar keskin kamaygan. Tajriba o‘zini oqlagani uchun shu yil yakunigacha Toshkent, qisman Samarqand, Buxoro va Jizzax shaharlarida mazkur tizim joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda», – dedi vazir.

Ushbu intervyu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda energiya resurslari tariflarini maqbullashtirish masalasi muhokama qilinganidan bir hafta o‘tib paydo bo‘ldi. Davlat rahbari elektr energiyasi bahosini bozor narxigacha ko‘tarish energetika sohasiga sarmoya jalb qilishning yagona yo‘li ekanini aytib, tariflar haqidagi ma’lumotni aholiga yetkazishni buyurgan edi.

O‘zbekistonda 1-iyunda tariflarni oshirish rejalashtirilgan edi, lekin u oxirgi daqiqalarda bekor qilindi. Hukumat «O‘zbekneftgaz» va elektr energiyasi sohasi korxonalarining rentabelliligini oshirish maqsadida moliya va energetika vazirliklariga tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif tayyorlashni topshirdi.