Xalq ta’limi vazirligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Digital Knowledge Co. Ltd kompaniyasi (Yaponiya) ta’limni boshqarish tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihaga start berdi.

31-may kuni XTV, JICA va Digital Knowledge Co. Ltd vakillari mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha bayonnomani imzolagan.

  • Loyiha ta’limni boshqarish tizimini joriy etish orqali maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish, viloyatlarda yagona ta’lim sifatini ta’minlash hamda davlat va nodavlat maktablarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.
  • 1 mln. dollarlik mazkur loyiha davlat-xususiy sherikchilik shaklida amalga oshiriladi. Loyiha JICA ajratgan grant hisobiga moliyalashtiriladi.
  • Digital Knowledge Co. Ltd kompaniyasi mutaxassislari yangi loyihani amalga oshirishda qatnashadi. Jumladan, loyiha doirasida viloyatlarda joylashgan 14 ta sinov maktabida ta’limni boshqarish tizimi joriy etiladi (har bir viloyatda bittadan maktab).

Loyiha doirasida yaponiyalik mutaxassislar sinov maktablari faoliyati va o‘qitish metodlarini o‘rganadi. Hamkorlikda qilingan ish natijalariga ko‘ra o‘qituvchilar Ichishin Holdings Group, Meiko Network Japan, Gakusho va Yaponiyaning boshqa yetakchi kompaniyalarining o‘quv dasturlari va materiallari bo‘yicha masofaviy ta’limdan o‘tadi. Mazkur dastur va materiallar tarjima qilinishi va O‘zbekiston standartlariga moslashtirilishi ham rejalashtirilgan.

Kompyuter test tizimini mahalliylashtirish mazkur loyihaning asosiy qismlaridan biri bo‘ladi. Mahalliylashtirilgandan so‘ng mazkur tizim orqali sinov maktablaridagi o‘kuvchilar imtihondan o‘tkaziladi.

Loyiha doirasida yaponiyalik mutaxassislar nodavlat ta’lim muassasalari vakillari uchun ham ta’lim tizimini boshqarishning afzalliklari va elektron o‘quv materiallarini yaratish bo‘yicha bir qator tadbirlar tashkil etishni rejalashtirgan. Yaratilgan o‘quv materiallari davlat maktablarida sinovdan o‘tkaziladi.