Rossiyaning RT va «Sputnik» yangilik agentliklari «dezinformatsiya tarqatishdagi faol roli» sababli Londonda bo‘lib o‘tajak OAV erkinligiga bag‘ishlangan global anjumanda qatnasha olmaydi deb xabar berdi Britaniya tashqi ishlar vazirligi 8 iyulda.

10-11-iyul kunlari o‘tkaziladigan anjumanda 60 vazir (xususan O‘zbekiston TIV Abdulaziz Komilov) va 1000 nafar jurnalist ishtirok etishi kutilmoqda.

«Dezinformatsiya tarqatishdagi faol ishtiroki sababli biz RT yoki Sputnik muxbirlarini akkreditatsiyadan o‘tkazmadik», – dedi Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi.

«Barcha akkreditatsiya so‘rovlarini qondirish imkonsiz bo‘lsa-da, anjumanda butun dunyodan, jumladan Rossiyadan kelgan jurnalistlar ham ishtirok etmoqda».

Avvalroq Rossiya elchixonasi «RT»ga oid qarorni qoralab chiqqan va uni «siyosiy sabablar asosidagi diskriminatsiya» sifatida baholab, tashqi ishlar vazirligiga shikoyat yo‘llaganini ma’lum qilgandi.

«RT»ning 5 iyul kungi bayonotiga ko‘ra anjumanda uning jurnalistlari uchun joy yo‘qligini aytishgan.

Tashqi ishlar vazirligining izohidan so‘ng, RT dushanba kungi bayonotida shunday dedi: «Matbuot erkinligini himoya qila turib, noqulay ovozlarni taqiqlash va muqobil OAVga tuhmat qilish – ikkiyuzlamachilikning o‘ziga xos ko‘rinishidir».

Mehmonlarning yakuniy ro‘yxati e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, rasmiylarga ko‘ra konferensiyaga faqat Shimoliy Koreya, Suriya va Venesuela vakillarigina taklif etilmagan.

Dekabr oyida Britaniyadagi OAV nazoratchisi – Ofcom Angliyaning Solsberi shahrida asab tizimini falajlovchi gaz hujumi bilan bog‘liq hodisa ortidan efirga uzatilgan bir nechta dasturda RT tomonidan xolislik qoidalari buzilganini qayd etgan edi.

Moskva 2018-yil mart oyida rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal va uning qiziga qarshi sodir etilgan hujumni ma’qullagani borasida Londonning da’volarini rad etgan.

Soxta yangiliklarga qarshi kurash

London anjumani tashkilotchilariga ko‘ra, tadbir OAV erkinligi masalalari, jumladan, soxta xabarlarga qarshi kurashda xalqaro miqyosdagi muhokama va hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Anjuman oldidan Buyuk Britaniya Sharqiy Yevropada dezinformatsiyaga qarshi kurash va g‘arbiy Bolqonda mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash uchun 18 mln. funt sterling (22,4 mln. dollar) ajratilishi haqida e’lon qilgan.

Bu besh yil davomida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga ajratiladigan 100 mln. funt sterling (125 mln. dollar) miqdoridagi mablag‘ning bir qismidir.

Sputnik va RT kabi Rossiya ommaviy axborot vositalarining Markaziy Osiyo va undan tashqarida soxta xabarlar tarqatish va dezinformatsiya bilan shug‘ullanib kelgani qayd etilgan.

RAND korporatsiyasining 2016-yilgi tadqiqotiga ko‘ra, RT va Sputnik nashrlari – «garchi ularning formati an’anaviy yangiliklar dasturi ko‘rinishida bo‘lsa-da, haqiqiy jurnalistikadan ko‘ra ko‘proq axborot-ko‘ngilochar va dezinfomatsion faoliyat qorishmasiga o‘xshaydi».

Rossiya OAV shunchalikka borib yetdiki, hatto Kreml uchun maqbul manzarani yaratish maqsadida aktyorlar bilan soxta intervyular o‘tkazdi.

2018-yil aprelda Kreml qo‘llovidagi Suriya rejimining aybini yashirish uchun Suriyada kimyoviy qurol qo‘llagan holda amalga oshirilgan hujum borasida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishi Rossiyaning o‘z tashviqotini yoyishga bezbetlarcha urinishlaridan biri bo‘ldi.

Afg‘oniston rasmiylari va OAV sharhlovchilarining aytishicha, Rossiya ommaviy axborot vositalari yolg‘on va voqelikka zid xabarlarni tarqatib, mamlakatda vahima keltirib chiqarishga urinadi.

Rossiya «axborot» agentliklarining beqarorligi

Markaziy Osiyo aholisi Kremlning dezinformatsion kampaniyasini payqagan hamda Sputnik va RT kabi Rossiya ommaviy axborot vositalariga ishonmay qo‘ygan.

2018-yil aprelda butun dunyoda, shu jumladan, Markaziy Osiyoda ham jamoatchilik fikriga ta’sir qilishga uringan Rossiyaning «Trollar fabrikasi»ga tegishli Facebook va Instagram akkauntlarining Facebook tomonidan o‘chirilishi shusiz ham oz qolgan ishonchga putur yetkazgan.

Yanvar oyida Facebook Rossiyada ochilgan hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda zararli faoliyat bilan shug‘ullangan 500 dan ortiq sahifa, guruh va akkauntlarni o‘chirib tashlagan edi.

Shu yilning mart oyida Facebook va Instagram tarmog‘ida muvofiqlashtirilgan zararli ta’sir choralari bilan shug‘ullangan yana 2600 ta sahifa, guruh va akkauntlar o‘chirilgan.

Facebook kompaniyasining kiberxavfsizlik siyosati bo‘yicha rahbari Nataniel Gleyxerga ko‘ra, ushbu Facebook sahifalari, guruh va akkauntlaridan 2000 tasi Rossiyaga aloqador bo‘lgan.