Tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning muammolarini hal etish uchun bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilmoqda.

Qabulxonalar Vazirlar Mahkamasida, viloyatlar va tumanlarda tashkil etiladi. Tadbirkorlarning muammolari bilan ishlaydigan Business.gov.uz yagona interaktiv portali ishga tushiriladi.

Tuman va shahar darajasida hal etilmaydigan muammolar viloyat darajasida, viloyatda ham hal qilinmagan muammolar esa bosh vazir darajasida ko‘rib chiqiladi.

Xalq qabulxonalarining o‘zi yetmaydimi, nega maxsus qabulxona kerak: tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi bir qancha salbiy omillar saqlanib kelmoqda. Xususan:

  • tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi mavjud emas, bu esa yuzaga kelayotgan masalalarni to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal etish imkonini bermayapti, tadbirkorlarning muammolari va murojaatlarini hal etishga yuzaki munosabatda bo‘lish holatlari mavjud;
  • tizimli muammolarni tahlil qilish bo‘yicha ishlarning samarali emasligi aholining faolligini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash imkonini bermayapti;
  • tadbirkorlikni rivojlantirishga va qulay investitsiya muhitini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan mexanizmi yo‘q;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishga, ularning qonuniy talablarini aniqlash va tezda hal qilishga hamda muammolarni bartaraf etishga yetarlicha e’tibor bermayapti;
  • tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashda byurokratik to‘siqlar uchrab turibdi, aholining farovonligini oshirish barcha darajadagi hokimliklar va ularning rahbarlari tomonidan zarur darajada qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Qabulxonalarda tadbirkorlarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shuningdek, boshqa tashkilotlar mansabdorlarining harakati (harakatsizligi) yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqiladi.

Qarori yoki harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotlarning mansabdorlariga murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz topshirish taqiqlandi.