Shu haftada chuqur suv ostida suzuvchi kemada yuz bergan yong‘in tufayli rossiyalik 14 dengizchining halok bo‘lgani – mamlakat harbiy-dengiz floti boshiga tushgan falokat va baxtsiz hodisalarning galdagisi bo‘lib, Rossiya harbiy texnikasining holati yuzasidan xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Uzoq shimolda yuz bergan fojia 2000-yilda 118 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va prezidentligining ilk yili Vladimir Putinni mushkul ahvolga solib qo‘ygan «Kursk» suvosti kemasi halokatining aks-sadosi bo‘ldi.

«1-iyul (dushanba) kuni biometrik o‘lchashlar vaqtida chuqur suv ostiga tushirilgan ilmiy-tadqiqot uskunalarida yong‘in kelib chiqdi», – deb xabar bergan Rossiya mudofaa vazirligi.

 Владивостокка келиб тўхтаётган Россия крейсери, шу йилнинг январь ойи. Сўнгги йилларда Россия ҳарбий денгиз флоти бир қатор фожеали ҳалокатларни бошдан ўтказди. (Россия мудофаа вазирлиги)

Kema ekipajining 14 a’zosi tutundan zaharlanish oqibatida Rossiya hududiy suvlarida halok bo‘lgan deb xabar qilgan vazirlik matbuot xizmati «AFP»ga.

«Tadqiqotlar»ga oid soxta bayonot

Ismi oshkor etilmasligi sharti bilan AFP bilan suhbatlashgan harbiy tahlilchilardan biri yong‘in ilmiy tadqiqotlar vaqtida yuz bergani haqidagi da’volarni rad etgan.

«Odatda bunday bahona dengiz tubida olib boriladigan turli ishlar, jumladan kabel o‘tkazish ishlari uchun qo‘llanadi», – dedi ekspert.

Halok bo‘lgan 14 kishining 7 nafari dengiz kuchlarining yuqori martabali zobitlari bo‘lishgan, bu topshiriqning oddiy emasligidan dalolat beradi. Suvosti kemasida jami nechta dengizchi bo‘lgani noma’lum.

«Novaya gazeta»ning manbalarga tayanib yozishicha, avariya suv ostiga chuqur sho‘ng‘iy oladigan, «Losharik» nomi bilan mashhur AS-12 kichik suvosti atom kemasida yuz bergan. 2003-yilda foydalanishga topshirilgan va tadqiqotlar olib borish, qutqaruv ishlari va maxsus harbiy operatsiyalar uchun mo‘ljallangan AS-12 kemasi haqida ko‘p narsa ma’lum emas.

Seshanba (2-iyul) kuni Norvegiya radiatsiya boshqarmasi Rossiya suvosti kemasida gaz portlagani haqida Moskvadan xabar kelib tushganini ma’lum qildi.

«Rossiya hukumati gaz portlaganini tasdiqladi», – degan Norvegiyaning radiatsiyadan himoya qilish agentligi (NRPA) rahbari Per Strand.

«Rossiya tomonidan suvosti kemasi bortida reaktor bo‘lgan-bo‘lmagani haqidagi axborotni kutayapmiz», – dedi u radiatsiya darajasining ko‘tarilishi qayd etilmaganini qo‘shimcha qilar ekan.

Falokatlarning uzun tarixi

Postsovet davrida Rossiyada bir necha bor shu kabi noxush hodisalar yuz bergan.

2000-yilning avgust oyida Barens dengizida «Kursk» suvosti kemasi cho‘kib ketgan, undagi 118 kishining barchasi hayotdan ko‘z yumgan edi.

Tekshiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, halokatga torpeda portlashi sabab bo‘lgan.

Fojia yuz berganidan keyin ham bir necha kun ta’tilda bo‘lgan Putinning munosabati keskin tanqidga uchragan edi. Rasmiy Moskva xorijiy davlatlarning qutqaruv ishlarida yordam berish bo‘yicha takliflarini qat’iyan rad etgan.

  • 2008-yilda yuz bergan boshqa bir baxtsiz hodisada esa 20 rossiyalik – uch dengizchi zobit va 17 oddiy fuqaro gazdan zaharlanib o‘lgandi – Yapon dengizidagi tadqiqot ishlari chog‘ida kemaning yong‘inni o‘chirish tizimi tasodifan ishga tushib ketgan.
  • 2011-yilda Rossiyaning eng yirik atom suvosti kemalaridan biri «Yekaterinburg» Murmansk viloyatidagi ta’mirlash ishlari chog‘ida yonib ketgan.
  • Keyinroq yong‘in chiqqan vaqtda kemada uzoq masofaga uchadigan yadroviy kallakli raketalar bo‘lgani xabar qilingan.
  • Shu yilning mart oyida Qozog‘istonda Rossiyaga qarashli Mi-8 vertolyotining halokatga uchrashi natijasida undagi 13 harbiy xizmatchining barchasi hayotdan ko‘z yumgan.

«Muzey eksponatlari»

Rossiya bilan uzoq tarixiy va siyosiy aloqalarga ega Markaziy Osiyo mamlakatlari asosan Rossiyadan harbiy texnikani sotib oladilar.

«Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston asosan eski, muzey eksponatlaridek bo‘lib qolgan sovet davri texnikasidan foydalanadi», – deydi nursultonlik xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Ruslan Nazarov.

«Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga taqdim etgan eski harbiy texnika favqulodda vaziyatlarda yordam bera olmaydi», – deb ogohlantirgan Kiyevdagi Armiya, qayta tayyorlash va qurolsizlantirish tadqiqotlari markazining Osiyo va Tinch okeani bo‘linmasi rahbari Yuriy Poyta.

«Bunday qurollar zaif davlatlar yoki noqonuniy qurollangan guruhlarga qarshi cheklangan ko‘lamdagi va o‘rtacha faollikka ega janglarda ozroq samara berishi mumkin, xolos», – deydi Poyta.

«Ammo g‘arb davlatlari zamonaviy harbiy mezonlar bo‘yicha boshqalardan ustunroq», – dedi Poyta. U zamonaviy boshqaruv va razvedka vositalari, nishonlarni yoritish, robotlashtirilgan uchuvchisiz qurilmalar, yuqori aniqlikdagi qurollarga ehtiyoj borligini ta’kidlab o‘tgan.

Tizimdagi kamchiliklarni yashirishda rossiyalik harbiylar ko‘pincha mubolag‘ali da’volarga tayanadilar.

Shunday holatlarning birida Putin o‘tgan yili xalqqa murojaatida Rossiya yangi avloddagi «yengilmas» qurolni yaratganini iddao qilgan edi.

---

Maqola «Karvonsaroy»da chiqqan.