Iqtisodiy beqarorlik tufayli va "farzandlarning kelajagini o‘ylab", tobora ko‘proq o‘zbeklar O‘zbekistondan chiqib ketish yo‘llarini qidirmoqda. Grin-karta shulardan biridir.

Bugun, 7-may kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da grin-karta g‘oliblari aniqlanadi.

1Yana qanaqa grin-karta?

1990-yildan beri har yili tasodifiy tanlangan 50 ming chet ellikka AQSHda yashash uchun ruxsatnoma berilib keladi. Bu lotereyaning rasmiy nomi "Turli millat vakillariga viza" dasturi bo‘lib, xalq orasida "grin-karta" sifatida tanilgan.

2Demak, AQSHga har kim ham ketaverar ekan-da?

Afsus, yoki baxtimizga, unday emas. Avvalo, mamlakatlar bo‘yicha cheklovlar mavjud. Milliy xavfsizlik vazirligi oxirgi besh yilda u yoki bu davlatdan kelgan migrantlarning soniga qaraydi. Agar bu son 50 mingdan oshib ketsa (nafaqat lotereya orqali kelganlar), bu mamlakat lotereyada qatnashmaydi. O‘zbekiston hozircha qatnashayapti, lekin AQSHda o‘zbekistonlik migrantlar yiliga ko‘payayotganini hisobga olsak, keyingi yillarda qatnashmasligi ham mumkin.

3G‘oliblarni qanday aniqlashadi?

G‘oliblarni kompyuter tasodifiy tanlaydi. Lekin beriladigan vizalar mamlakat va mintaqa bo‘yicha cheklangan. Avvalo, hech qaysi mamlakatga umumiy grin-kartalarning yetti foizidan (3,5 ming) ko‘prog‘i berilmaydi.

Butun dunyo olti mintaqaga bo‘linadi. Agar biror mintaqadan AQSHga ko‘proq migrantlar kelgan bo‘lsa (hozir bu Lotin Amerikasi va Osiyo), unga kamroq imtiyoz beriladi, qolganlarning ustunligi oshadi. O‘zbekiston Yevropa mintaqasida.

4Ko‘p o‘zbekistonliklar grin-kartaga ariza topshiradimi ?

Millionlab. Lekin, masalan, DV-2019 natijalarga ko‘ra AQSHga 4500 tagina odam ketgan. O‘zbekiston bu borada MDH davlatlari orasida birinchi o‘rinda.

5Yutganimni qachon va qanday bilishim mumkin?

Grin-kartaga ariza topshirgan bo‘lsangiz, 2019-yil 7-may soat 21 dan 2020-yil 30-sentyabrgacha http://www.dvlottery.state.gov saytida sizga berilgan maxsus raqam orqali bilishingiz mumkin.

Davlat departamenti sizga hech qanday elektron yoki oddiy xat jo‘natmaydi. Siz AQSH davlat departamentidan olishingiz mumkin bo‘lgan yagona elektron xabar lotereya o‘tkazilganidan so‘ng yutuq chiqqan-chiqmaganini tekshirib ko‘rishingiz lozimligi haqidagi eslatmadir.

Buning ustiga rasmiy muassasa hech qachon hisobiga pul o‘tkazib berishingizni so‘ramaydi. Agar vositachi orqali ariza bergan bo‘lsangiz, shu holatga alohida e’tibor bering.

6Green Card yutgan bo‘lsangiz: keyingi qadamlar

Tabriklaymiz. Endi qilishingiz kerak bo‘lgan eng muhim ishlar quyidagicha:

  • Consular Electronic Application Center saytida siz DS-260 forma – immigratsion viza anketasini to‘ldirishingiz kerak. U ingliz tilida to‘ldiriladi. Anketada shaxsiy ma’lumotlaringiz, oilaviy ahvolingiz, ish va o‘qish joyingiz, sudlangan yo sudlanmaganingiz haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatasiz.
  • Suhbatdan oldin to‘plashingiz kerak bo‘lgan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati mana bu yerda ko‘rsatilgan. Ingliz tilida rasmiylashtirilmagan barcha hujjatlarga sertifikatlangan tarjimasi ilova qilingan bo‘lishi kerak. Notarial tasdiqlash, apostil qo‘yish talab qilinmaydi.
  • Tibbiy tekshiruvdan faqat maxsus sertifikatlangan muassasalardagina o‘tish mumkin. Bu hijratni niyat qilgan oilaning har bir a’zosiga o‘rtacha 215 dollarga tushadi (boshqa mamlakatlarda narx 10-15 dollar farq qilishi mumkin), emlash uchun alohida pul to‘lanadi.
  • Suhbat. Sizdan barcha hujjatlarning asl nusxasi va inglizcha tarjimasi, tibbiy ko‘rik natijalari va suhbat taklifnomasi talab qilinadi.
    Suhbatdan ko‘zlangan asosiy maqsad – arizalarni aynan suhbatga kelgan odamlar berganiga amin bo‘lish, barmoq izini olish va uni ma’lumotlar bazasi bilan solishtirish, tibbiy ko‘rik natijalarini ko‘rish va hamma hujjatlar mavjudligini tekshirishdir.

7Grin-kartani lotereyasiz ham olish mumkinmi?

Ha, aslida ko‘pchilik boshqa yo‘llar bilan oladi. Birinchisi, siyosiy boshpana so‘rash :). Lekin bu bizga to‘g‘ri kelmaydi, bizda demokratiya. Demak, AQSH fuqarosiga yoki grin-kartasi bor odamga uylanish/erga tegish va kasbiy viza olish qoladi. Kasb vizasini faqatgina 4 foiz migrantlar oladi. Asosan hind dasturchilari va rus olimlari.

8Tramp o‘zbekning orzusini bekor qilmoqchi

Grin-kartani bekor qilish Trampning saylovoldi va’dalaridan biri edi. Lekin bu masala hozircha muallaq turibdi. Har ehtimolga qarshi, shoshiling.