Guardian nashrida jurnalist Syuzanna Murning Nukusdagi Savitskiy nomidagi qoraqalpoq davlat san’at muzeyi haqida maqolasi chop qilinibdi. Muallif Toshkentga kelibdi, Nukusga boribdi, muzeyni ko‘ribdi, o‘rganibdi va fikrlarini yozibdi.

Maqolada nima deyiladi?

"Bu o‘tmishdagi eng muhim va avangard uslubidagi dunyoning eng yaxshi kolleksiyasini o‘zida jamlagan muzey bo‘lib, hozir e’tiborga muhtoj va avlodlar uchun asrab qolinishi lozim bo‘lgan muzeydir", – deyiladi maqolada. Muallif muzeyning obro‘-e’tiborini ko‘tarish lozimligini aytarkan, Savitskiy muzeyini Markaziy Osiyoning Luvridir deb ta’riflaydi.

Jurnalist hikoyasini Toshkentga tashrifidan boshlaydi: "Men O‘zbekistonning Toshkent shahridagagi madaniyat vazirligidaman. Katta davra ichida o‘tirar ekanman, rasmiylar menga qanday ajoyib imkoniyat yuzaga kelganini tushuntirishmoqda. Ular rus avangard san’atining dunyodagi eng katta ikkinchi kolleksiyasini boshqara oladigan xalqaro toifadagi mutaxassisni izlashayotgan ekan. Ertasi kuni, qo‘rqinchli bir soatda uyg‘onib, O‘zbekistonning shimolida joylashgan Nukusga, "taqiqlangan san’at asarlari muzeyi"ni ko‘rish uchun uchib keldim. Yo‘lda men hatto bunday "yoqimsiz shahar"ga har kim ham kela olmasligi mumkinligidan shodlanaman".

Maqolada muzey bilan birga Orol muammosi va Orolbo‘yidagi manzaraga munosabat ham bildirilgan:

"Qachonlardir, sovet davridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va kimyoviy moddalar sinovi sabab qurib qolgan Orol dengizining achinarli ahvolini ko‘rasiz. Barcha baliqlar o‘lik. Qurigan dengiz tubi va oyning yuzasiga o‘xshash zanglagan qayiqlari bilan dahshatli, shu bilan birga fotoga olsa arzigulik landshaft yuzaga kelgan. Bu vohada toksik chang tufayli chaqaloqlar o‘limi va saraton kasalligi eng yuqori ko‘rsatkichlarda", – deyiladi maqolada.

Muallif muzeyga Madaniyat vazirligi tomonidan san’at asarlarini o‘rganish uchun chaqirtirilganini urg‘ulaydi. Uning aytishicha, Nukus balki qachonlardir sayohat qilgan joylariga yaqin bo‘lishi mumkin, lekin bu shahar aynan shu Savitskiy kolleksiyasi joylashgan san’at muzeyi sabab mamlakatning diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi.

Maqolada keltirilgan surat. Orol tasviri.

Kimdir muzeyni Toshkentga ko‘chirish taklifini berdi, sababini anglagandekman. Biroq Nukus sahrolaridan marvarid shahar bo‘lmish Xivaga qarab yo‘lga chiqar ekanmiz, islomiy qal’alar qoldiqlarini va chiroyli qadimiy inshootlarni ko‘rib, Savitskiyni nega aynan bu joyda saqlanganini tushunish mumkin edi. Meni nafaqat buyuk rassomlar ishi, balki O‘zbekistonning to‘qimachilik va kulolchilik sohasi ham qiziqtirib qoldi. Ayollar so‘zana deb nomlangan gilamlarni o‘zlarining chakmonlarining bir qismiga aylantiradilar va unda unumdorlik timsollarini aks ettiradilar: qip-qizarib pishgan anorlar, qushlar, shoxlar hamda ayollarning maxfiy istaklari. Muzey o‘zining g‘aroyibligi bilan xotiramdan joy oldi, ko‘pgina kichik hujralarda san’at asarlarining sovg‘a sifatida sotuvga qo‘yilgani ham yaxshi tajribalardan biri deb bildim. Muzeyda qachonlardir shu san’at asarlarini yaratgan va san’ati qadrlanishini kutib olamdan o‘tgan san’atkorlar asarlari va nihoyat qadrlanadigan bo‘ladi. Nazarimda tez orada u yerga ham odamlarni jalb etish boshlanadi va muzeyga yangi hayot baxsh etiladi. Balki bunday ajoyib muzey Abu Dabi yoki Vegasda yanada qadrlangan va shuhrat topgan bo‘larmidi? Albatta har qanday san’at asarini madaniy sarmoyalash kerak va shu orqaligina ular katta foyda keltirishi mumkin", – deya xulosa qiladi muallif.

Muallif odamlar bunday joylarga sayohat qilishining yagona sababini muzeyning "favqulodda turistik" joy ekani bilan izohlaydi.

Stalin rejimi taqiqlagan muzey

Nukus shahridagi san’at muzeyiga rassom va san’atshunos Igor Savitskiy asos solgan. U 20-asrning o‘rtalarida ushbu shaharga ko‘chib o‘tadi. Savitskiy Sovet ittifoqida taqiqlangan rus avangardi oqimiga mansub yuzlab san’at asarlarini Nukusda jamlashga muvaffaq bo‘lgan. Dastlab u arxeologiya yodgorliklari bilan shug‘ullangan. Arxeologiya yodgorliklarini kolleksiya qilish barobarida 1920–1930-yillarning avangard va postavangard san’atini to‘play boshlaydi. Nukusdagi bu rangtasvir va grafika asarlari to‘plami o‘z hajmi va ahamiyati jihatidan Davlat rus muzeyi to‘plamidan so‘ng jahonda ikkinchisi hisoblanadi.

Savitskiy galereyasida 20-asr rus avangardini tamsil qiluvchi noyob asarlar, jumladan, Sokolov, Komarovskiy kabi rassomlar qalamiga mansub kartinalar saqlanadi. Taniqli rassom va san’atshunos Igor Savitskiy Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi rahbari sifatida sovet rejimi tomonidan ta’qib qilingan va taqiqlangan rassomlarga mansub asarlarni sotib olib yaratgan galereyaga keyinchalik uning nomi berilgan.

Igor Savitskiy 1950-yillarda.

Igor Savitskiy 1915-yil 4-avgustda Kiyevda tug‘ilgan va 1950-yilda Moskvadan Qoraqalpog‘istonga ko‘chib o‘tgan. Savitskiy 1966-yilning 5-fevralida Nukusda Qoraqalpoq davlat can’at muzeyiga asos solgan hamda uning birinchi rahbari etib tayinlangan. Savitskiy kolleksiyasi rus va Turkiston avangard tasviriy san’atining ikkinchi eng yirik kolleksiyasi hisoblanadi.

Vladimir Lisenko ishlagan asar.

Savitskiy galereyasi Turkiston avangardi namunalari saqlanadigan dunyodagi yetakchi muzeylardan biri sifatida ham e’tirof etiladi. Bugungi kunda muzeyda 99695 ta eksponat saqlanmoqda.

O‘zbekistondagi Uzinfocom markazi o‘tgan yili o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra Igor Savitskiy nomidagi san’at muzeyi «O‘zbekistonning yetti mo‘’jizasidan biri» deya e’tirof qilingan edi.

Muzey boshidagi talofatlar

Savitskiy nomidagi muzey ko‘p noxush voqealarni boshidan o‘tkazgan.

Har bir muzey ëki milliarder o‘z kolleksiyasida Ayvazovskiy asari bo‘lishini orzu qiladi. Savitskiy muzeyidagi Ayvazovskiyga oid «Dashtda kun botishi» asari 2001-yilda o‘g‘irlab ketilgan edi.

Buyuk rassom Aleksandr Shevchenkoning (1883-1948) 1914-yilda yaratgan "Chelak ko‘targan aël" asari vayron bo‘lgan. Asar kamida 60 foiz zarar ko‘rgan. Muzey xodimlarining o‘zlari asarning 80 foizi vayron qilingan deyishdi. Butun kartina ulkan dog‘lar bilan qoplangan va moybo‘ëq qatlamiga shikast yetgan, asar «tiklab bo‘lmas holga kelgan».

Bu asar Turkiston avangardi yo‘nalishining "Mona Liza"si deb tanilgan va uning bozor narxi bir necha million dollargacha borishi mumkin.

Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida rassom Ganning “Dam olishda”, Kashinaning “Ovulda”, Safronovning “Ko‘k tasmali shlyapa kiygan ayol portreti”, Turusovning “Uzumzor” va Karaxanning “Lola tergan ayollar” asarlari o‘rniga ularning inventar raqamlari va nomlari ostida chizish texnikasi, o‘lchamlari, materiallari, syujeti va mualliflik yozuviga ko‘ra asliga mutlaqo to‘g‘ri bo‘lmagan kartinalar saqlangani aytiladi.

Ozodlik.org olib borgan surishtiruviga tayanib, yillar davomida muzeydan 581 million 625 ming so‘mlik 5 ta kartina yo‘qolgani haqida xabar beradi.

2017-yilning aprelida Igor Savitskiy tomonidan uzoq yillar davomida Nukus muzeyiga yig‘ilgan yirik san’at asarlari to‘plami Rossiyada ilk marta namoyish qilingan.

Niderlandiyada joylashgan Nukusdagi muzey do‘stlari xayriya jamg‘armasi (Friends of Nucus Museum, FoNM) 2018-yil oxirida tarqatib yuborildi va muzey yordam ko‘rsatib kelgan jamg‘armadan ayrildi.

Tavsiya o‘rnida

Savitskiy muzeyi haqida biror maqola o‘qimoqchi bo‘lsangiz, o‘zbek OAVda biror jiddiy material topa olmaysiz, "Google"dan ingliz tilida izlang – dunyoning yetakchi nashrlari bu muzey taqdiriga qay darajada qiziqqanini ko‘rasiz. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” degani shu bo‘lsa kerak.

BBS xizmati tomonidan tayyorlangan ushbu videolavhada muzey haqida batafsil ma’lumot beriladi:

https://www.youtube.com/watch?v=IgFwDgj0sj8&t=4s