So‘nggi bir yilda shoshilinch tibbiy yordamda ishlaydigan shifokorlarga 40 dan ziyod hujum bo‘lgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev ma’lum qildi.

Muhammadiyevning aytishicha, aksariyat hollarda tez yordamga borgan shifokorlarga hujum qilganlar jazosiz qolib ketmoqda.

"Jumladan, Surxondaryoda bir shifokorni bemorning onasi urgan. Xorazmda bemorning otasi mast holda urgan. Har ikki holat bo‘yicha tegishli organlarga xabar berilgan bo‘lsa-da, hozircha chora ko‘rilgani yo‘q. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin", – degan Ruslan Muhammadiyev.

Yuristning aytishicha, ichki ishlar, prokuratura yoki sud xodimiga nisbatan bunday tajovuzlar kam kuzatiladi. Chunki fuqarolar bularga tashlangani uchun "oyog‘ini yerga tekkizmay olib borib qamab qo‘yishlari mumkin"ligini biladi.

"Ular kabi jamiyat va xalqqa xizmat qilayotgan tibbiyot xodimiga tajovuz qilganlik uchun ko‘zda tutilgan jazolar esa birmuncha liberal. Oqibatda hech bir aybi bo‘lmagan tibbiyot xodimining sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda hech qanday jazosiz qolib ketayotganini achchiq alam bilan qayd etib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q", – degan Muhammadiyev.

Uyiga tez tibbiy yordam chaqirib, keyin kelgan shifokorlarni do‘pposlash holati oxirgi paytda keskin ortgan. Jumladan:

  • 2019-yil 16-yanvarda Navoiy viloyati Navbahor tuman tibbiyot birlashmasida navbatchi terapevtga bir fuqaro 4 oylik farzandini ko‘rsatish uchun navbatsiz kirib kelgan. Shifokor homilador ayolni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan bo‘lishiga qaramay, bolasini ko‘rishini aytgan. Fuqaro haqoratli so‘zlar bilan po‘pisa qilib, shifokorga tahdid qilgan va hatto urmoqchi bo‘lgan. Terapevt pediatr shifokor emasligini tushuntirishiga qaramay, fuqaro janjal qilgan va bolasini shifokorlarga ko‘rsatmasdan uyiga olib ketgan.
  • 25-yanvar kuni Andijonda yarim kechasi uch kishi YTHga uchragan. Ulardan ikkitasi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga borgan. Mast holdagi bemorlar shifoxona rentgenologini do‘pposlagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorga tajovuz qilganlarga qarshi jazo choralarini kuchaytirish kerakligini bir necha bor aytgan. May oyida qonunchilikka shifokorga tajovuz qilish yoki jarohat yetkazish kabi qilmishlar Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan kvalifikatsiya qilinishi haqida norma kiritilgan, lekin u noyabrdan kuchga kiradi.