Bir guruh faollar O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartish kiritib, rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqdi. Taklif rasman o‘zbek OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, lekin O‘zbekistonda Rossiya manfaatlarini targ‘ib qilib keladigan Vesti.uz saytida e’lon qilingan.

Taklif mualliflari professor Yusuf Abdullayev, jurnalist Muyassar Maksudova va yurist Sayyora Xodjayevaning fikricha, O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish kerak, chunki:

  • rus tili orqali o‘zbek millati nafaqat buyuk rus madaniyati, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan tanishdi;
  • o‘zbek olimlari va adiblari rus tili orqali dunyoga tanitildi hamda dunyoni tanidi;
  • millionlab o‘zbeklar rus tilini bilmagani uchun Rossiyada ishlayotganda qiynalmoqda;
  • ota-onalar bolasini rus tilidagi maktablarga bergisi keladi;
  • kirill alifbosidan voz kechilishi oqibatida o‘zbek yoshlari chalasavod bo‘lib qoldi;
  • rus tili KXSHT, SHHT, MDH kabi xalqaro tashkilotlarning rasmiy tili hisoblanadi.
Masala tarixi: Mixail Gorbachyov boshlab bergan oshkoralik siyosati tufayli sovet respublikalari o‘z davlat tillarini belgilash huquqiga ega bo‘ldi.
Davlat tili haqidagi qonun Markaziy Osiyoda eng ohirgi, Tojikiston (1989-yil 22-iyul), Qozog‘iston (1989-yil 22-sentyabr) va Qirg‘izistondan (1989-yil 22-sentyabr) so‘ng 1989-yil 21-oktyabrda O‘zbekiston Oliy Soveti tomonidan ham qabul qilindi.
“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun matbuotda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik ziyolilar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini qo‘llab-quvvatladilar.
Ba’zi ziyolilar rus tiliga ham davlat tili yoki rasmiy til maqomini berishga, hech bo‘lmasa qonunga rus tilining millatlararo muloqot tili bo‘lishini qo‘shishga urindilar. Lekin qonunda rus tiliga davlat yoki rasmiy til maqomi berilmadi.
Shunga qaramay uning 1-moddasida O‘zbekiston hududida rus tilini SSSR xalqlarining millatlararo muomala tili sifatida rivojlantirish va undan erkin foydalanish ta’minlanishi aytilgan. Qonunda "milliy va rus, rus va milliy tillarda muloqot qilishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratiladi" deb belgilab qo‘yilgan. 1995-yil 21-dekabrda davlat tili haqidagi qonunga o‘zgartish kiritilib, bu band olib tashlangan.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda milliy tillarga davlat tili maqomi, rus tiliga rasmiy til maqomi berildi (hozir ham amal qiladi).

Rus tiliga "rasmiy til" maqomini berish nimani anglatadi: davlat tili termini va tushunchasi talqinida bir xillik yo‘q. Unga aksariyat holatlarda rasmiy til tushunchasi bilan mushtarak, ba’zan esa ma’nodosh tushuncha sifatida qaraladi.

Davlat tili bilan rasmiy til ko‘pincha bir-biridan farqlanmaydi. Rasmiy til – davlatning qonunchilik va rasmiy ish yuritishida, sud protsessida, ta’lim va shu kabilarda qo‘llanadigan tilidir. Ko‘plab mamlakatlarda (jumladan, Rossiyada ham) "rasmiy til" va "davlat tili" tushunchalari to‘liq mos keladi. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til va davlat tili maqomi farqlanadi.
Davlat tili haqidagi qonunda o‘zbek tilini o‘rganish majburiyati yoki rag‘batlari to‘g‘risida band mavjud emas. Qonunga muvofiq fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar. Qonunda O‘zbekiston fuqarolari davlat tilini bilishi, o‘rganishi shart deyilmagan. Shuningdek, biron davlat idorasiga ishga kirish yoki rasmiy tayinlovlarda davlat tilini bilish sharti qo‘yilmagan.
Ya’ni, bu taklif bilan faollar o‘zi shundoq ham boshqaruvda va rasmiy muomalada urf bo‘lgan rus tilini rasmiylashtirmoqchi, xolos.

O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan Vesti.uz, Podrobno.uz, Nuz.uz va Sputnik Uzbekistan kabi nashrlar so‘nggi bir necha yildan beri Rossiyaning mafkurasi va manfaatlarini ochiqchasiga targ‘ib qilib kelayapti. Xususan, bu OAV 9-mayda nishonlanadigan Xotira va qadrlash kuni arafasida har yili "O‘lmas polk", "Georgiy tasmasi" kabi aksiya va yurishlar o‘tkazish haqida luqma tashlab keladi.

Rus tili borasidagi faollarning bu taklifi ham o‘ziga hos "razvedka boyem" bo‘lmoqda.

Minbar o‘zbek tilining taqdiriga oid konstruktiv fikr-mulohazalarini bildirmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimizga minbar bo‘lishga tayyor.