O‘rta asrlarda Yevropada tarqalib, millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan o‘latning asil tarixiy vatani sharqda, Markaziy Osiyoda bo‘lgan. O‘latni ochiq yaylovlarda qazilgan chuqur uyalarda yashovchi kemiruvchilar tarqatgan. Burgalar odamni chaqqanda kasallik odamga o‘tgan. 5 ming yil avvalgi, bronza davriga doir odam suyaklaridan o‘latga sabab bo‘lgan bakteriyalar belgilari topilgan.

Sovet ittifoqi atigi bir necha o‘n yilda bu kasallikni butunlay tugatish haqida o‘ylagan. Besh yillik rejalar davrida o‘n minglab odamlar kemiruvchilarni zaharlash, ularning yemishi bo‘lgan o‘tlarni kuydirish ishlariga jalb qilingan. Rasmiy ma’lumotlarda bu tadbirlar samara bergani aytiladi.

Sovetlarning o‘latga qarshi kurash tizimi Rossiya imperiyasi davridayoq shakllangan edi. U vaqtlarda o‘lat katta fojiaga sabab bo‘lmagan esa-da, tez-tez tarqalib, bosilib turgan.

Sovet davridagi o‘latga qarshi kurash tadbirlari haqida “Rossiya va Sovet ittifoqida aksilo‘lat amaliyotlari va amaliyotchilari haqida qiziqarli ocherklar” nomli norasmiy, 12 tomli kitobda hikoya qilingan. Bu kitoblarda, shuningdek, sovetlar zamonida siyosiy ayblovlar bilan yo‘q qilingan olimlar haqidagi ma’lumotlar ham berilgan. Kitob muharriri va tuzuvchisi Moisey Levining o‘zi aksilo‘lat tadbirlarida qatnashgan olim bo‘lgan. Ittifoq qulagach, o‘sha tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plab nashr qilgan.

Kitobda Sovet ittifoqi o‘latga qarshi muvaffaqiyatlari haqida dunyoga aytib kelgan ma’lumotlardan boshqacha holatlar hikoya qilingan.

O‘latga qarshi tizimli kurash Markaziy Osiyo va Kavkazning iqtisodiy salohiyatini yaxshilash ishlari doirasida o‘tgan asrning 30-yillarida boshlangan. O‘latdan butunlay xalos bo‘lishning yo‘li uni tashuvchi kemiruvchilarni yo‘q qilish degan xulosaga kelingan. Kemiruvchilarga qarshi rux fosfit, qora sianid, bariy ftoriatsetat bilan aralashtirilgan bug‘doydan foydalanilgan. O‘n minglab odamlar, asosan ayollar, bolalar, ishsizlar kemiruvchilar inlariga zahar qo‘yishga jalb qilinadi.

Sovetlar nafaqat kemiruvchilar, burgalarga ham qarshi urush ochadi. Kemiruvchiga qarshi zaharga insektitsidlarni ham aralashtirishadi. Katta maydonlarga uchoqlardan DDT sepiladi. So‘ng o‘tlar yoqilib, uyalarni yo‘qotish uchun maydon ag‘darib tashlanadi.

1960-yili sovet olimlari o‘lat mamlakat hududida 1928 yildan buyon kuzatilmagani haqida e’lon qilishadi. Ammo bu qog‘ozdagina to‘g‘ri edi. Aslida esa kasallik bilan kurash xamon davom etayotgandi. Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida o‘lat tarqalganda qozoq olimlari bu haqda bor haqiqatni tan olmayotgan o‘zbek hamkasblarini ogohlantirishadi. O‘sha vaqtda muvaffaqiyatsizlikni tan olishdan qo‘rqishgan. Bu yoqda kurash davom etsa-da, bu ochiq aytilmagan. Hammasi joyida qabilida hisobotlar berilgan.

1939 yili Moskvada, 1945 yili Janubiy Volga-Ural mintaqasi va Markaziy Osiyoda, 1947-1948 yillari Astraxanda, 1949 yili Turkmanistonda, 1953, 1955, 1958 yillari Markaziy Osiyoda, 1972 yili Qalmog‘istonda, 1975 yili Dog‘istonda, 1979 yili yana Qalmog‘istonda, 1980 yili Kaspiy atroflarida, 1981 yili Qozog‘iston va O‘zbekistonda o‘lat kuzatilgan.

Aksilo‘lat tadbirlari hududning juda kattaligi bois yetarlicha samara bermagan.

Ammo ko‘p miqdorda kemiruvchilarning qirib yuborilishi ekologik inqirozga sabab bo‘lishi mumkin edi. Chunki kemiruvchilar bilan oziqlanuvchi, ularning uyasidan foydalanuvchi boshqa hayvonlar ham bu tadbirlar sababli qirilib ketishi mumkin edi. Lekin bu darajaga bormadi. Kemiruvchilar bir muddat yo‘qolib, yana ko‘paydi.

1960-yillarga kelib reallik bilan hioblashishga majbur bo‘lindi, kurash usullari o‘zgardi. Kasallikni butunlay yo‘qotishdan ko‘ra uning taralib ketmasligi uchun choralar ko‘rildi. Hayvonlar tizimli tarzda kuzatila boshlandi. Qayerda kasallik alomati sezilsa, bor e’tibor o‘sha tomonga qaratildi. Odamlar kasal kemiruvchilardan uzoqroq yurishga o‘rganishdi. Kasallar karantinga olindi, antibiotiklar bilan davolandi. Kasallik yuqishi ehtimoli katta bo‘lgan odamlar uchun vaksinalar yaratildi. Markaziy Osiyo xalqlari o‘lat xavfi bilan yashashni o‘rganishdi.