"Turkmanfilm" direktori aktyor Anna Melayevga soqol va mo‘ylov qo‘yishga ruxsat berdi. Yozma ruxsat hukumat fuqarolar soqol-mo‘ylov qo‘yish-qo‘ymasligini qay darajada nazoratga olganini ko‘rsatadi.

TV rahbari aktyorga ruxsat berilishini u prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning "Turkmaniston – Buyuk ipak yo‘li yuragi" nomli kitobi asosida tarixiy filmni suratga olishda ishtirok etayotgani bilan izohlagan.

"Filmda tarixiy sahnalar mavjud. Shuning uchun bosh rol ijrochisi Anna Melayevga suratga olish ishlari davomida soqol va mo‘ylov qo‘yishga ruxsat etiladi", – deyilgan hujjatda.

Mamlakatda hukumat aholining soqol qo‘yish-qo‘ymasligini qattiq nazoratga olgan. Ayniqsa, diniy ekstremizmda ayblanish xavfi bo‘lgan yoshlar va o‘rta yoshlilarga soqol qo‘yish taqiqlangan. Keksalarga bu taqiq joriy etilmagan.

Soqol qo‘yish masalasi goh-gohida O‘zbekistonda ham ko‘tarilib turadi. Masalan, o‘tgan yili adliya vaziri Ruslanbek Davletov AQShda bu bo‘yicha alohida chiqish qilgan:

"Soqol qo‘yish fuqaroning o‘z huquqi. Xohlasa soqol qo‘yadi, xohlamasa qo‘ymaydi. Bu qonunchilik bilan taqiqlanmagan. Lekin bir narsani e’tiborga oling, u yoki bu tashkilot, masalan laboratoriya, sud-ekspertiza tashkilotlarida dress-kod cheklovi qo‘yilishi mumkin. U yerga soqol bilan borib ishlay olmaysiz. Bu sog‘liq-salomatlik, kasbning o‘ziga xosligi bilan bog‘liq cheklov bo‘lishi mumkin".

Shuningdek, o‘zbek televideniyesida ham soqolga norasmiy "zapret" bor. Buni hatto kolumnist Nikita Makarenko mutoyiba ham qilgandi:

"Shunday taqiq qo‘yib to‘g‘ri qilishadi, chunki ikki kundan beri soqol bilan yurarkanman, qo‘llarim o‘z-o‘zidan Suriyaga chipta sotib olmoqchi bo‘layapti".

"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi rahbari Odilbek Abduqahhorov esa xonandalarning yuzaki soqol qo‘yishini tanqid ostiga olib, ularni riyokorlikda ayblagandi:

"Birinchi ko‘pchilikka odat bo‘layotgan soqol qo‘yish masalasiga kelsak. Mayli, ramazon kunlari soqol olishmasa, tushunarli. Ammo bu gap soqolni o‘ziga imij qilib olganlarga qaratilgan. Axir soqolning ham o‘ziga yarasha hurmati bor, soqol qo‘ygan inson shunga munosib bo‘lishi kerak emasmi? Kechirasiz, soqol qo‘yib, yirtiq shim kiyib yurishni qanday tushunish mumkin? Bu g‘arbga taqlid-ku. Biz avvvalo o‘zbekmiz — millatimizga xos odatlarni qilishimiz kerak. Xalqimiz sizlar o‘ylagandan ancha aqlli, ular sizning soqolingizga emas, san’atingizga baho beradi. Ayrimlar internetga yuzi qolib soqolining suratini joylashtirmoqda. Albatta, soqol dinimizda sunnat qilingan, ulamolarimiz soqol qo‘yishadi. Lekin soqol qo‘ygandan keyin dinimizning boshqa talablariga ham javob berish kerak. Soqol bilan masjidga borib namoz o‘qiyotganini suratga tushirib, hammaga tarqatgani bir "pokazuxa". Ertasiga xuddi shu soqol bilan diskotekaga borib qilayotgan ishlarini biz ko‘rmayapmizmi? Iltimos, buni to‘g‘ri tushuninglar, yoshlar sizlardan o‘rnak olayapti".