Ichki ishlar xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun ko‘chada har kimni to‘xtatishi mumkin. Bu vaziyatdan tezroq va iloji boricha talafotlarsiz chiqib ketish yo‘llari bor.

Bugungi kunda tez-tez uchraydigan holat: ichki ishlar xodimi ko‘cha yoki metroda hujjatlaringizni tekshirish uchun sizni to‘xtatdi. Masalan, "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq xodim sizni qidiruvdagi shaxs deb gumon qilsa, to‘xtatib hujjatlaringizni tekshirish huquqiga ega.

Agar yoningizda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, huquq-tartibot organi xodimi shaxsingizni aniqlash maqsadida 3 soatgacha ushlab turish huquqiga ega. Hujjatlaringiz borasida muammo bo‘lmasa, sizni darhol qo‘yib yuborishi shart. Biroq ichki ishlar xodimi sizni uzoqroq ushlab turish uchun har doim sabab topishi mumkin – masalan, u pasportingiz soxta ekanligiga shubha bildirishi mumkin. Shunda sizni tuman ichki ishlar bo‘limi yoki tayanch punktiga olib ketishadi.

Ichki ishlar xodimi hujjatlaringizni tekshirish uchun yuzlab sabab topishi mumkin. Agar sizning pasportingiz yoki shaxsingiz xodimga yoqmasa, unda ichki ishlar bo‘limiga borishga majbur bo‘lasiz.

1Ko‘chada ichki ishlar xodimi to‘xtatganda o‘zingizni qanday tutishingiz kerak?

"Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasiga muvofiq ichki ishlar xodimi, eng avvalo, unvoni, lavozimi, ism-familiyasini aytib, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini taqdim etishi shart, shundan so‘ng to‘xtatish sababi va murojaat maqsadini aytadi.

Agar sizni patrul-post xizmati xodimi to‘xtatsa, u xizmat nishoniga ega bo‘lishi va xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart, siz esa uni suratga olish yoki ma’lumotlarni yozib olish huquqiga egasiz.

Agar ichki ishlar xodimi o‘zini tanishtirish va guvohnomasini ko‘rsatishdan bosh tortsa, 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling va “noma’lum shaxs mening hujjatlarimni tekshirishga urinayapti” deb xabar bering.

Pasportingizni ichki ishlar xodimi qo‘liga bermang. Qonunga ko‘ra siz begona shaxslarga hujjatingizni berishingiz mumkin emas. Agar siz boshqa viloyatdan kelgan bo‘lsangiz, yoningizda doimo poyezd (samolyot) chiptasi yoki vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilganlikni tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi kerak.

Ichki ishlar xodimi o‘zini tanishtirishi shart. Agar bosh tortsa 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Hujjatingizni o‘zingizda saqlang va uni ichki ishlar xodimi qo‘liga bermang.

2Sizni qo‘yib yuborishmadi. Nima qilish kerak?

Baqir-chaqir qilmang, asabiylashmang va hujjatingizni ko‘rsatishdan bosh tortmang. Agar shunday qilsangiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-moddasiga ko‘ra sizni ichki ishlar xodimiga qarshilik ko‘rsatishda ayblab 15 sutkaga qamashlari mumkin.

Ichki ishlar xodimining hujjatni tekshirish va shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish huquqi "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasida ko‘rsatilgan. Agar siz ushbu qonundan xabardor ekanligingizni ko‘rsatsangiz, huquq-tartibot xodimlari siz bilan ehtiyotkor munosabatda bo‘lishadi yoki hujjatlaringizni tekshirmasliklari ham mumkin.

Ichki ishlar xodimlari cho‘ntagingiz, sumka va telefoningizni ham ko‘rikdan o‘tkazishni (tekshirishni) talab qilishlari mumkin. Siz rad etish huquqiga egasiz. Advokat bilan bog‘laning. Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ko‘rikdan o‘tkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda bo‘lgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin.

3Agar ish tintuvgacha borsa...

Agar xodimlar bu ko‘rik (tekshiruv) emas, balki tintuv ekanligini aytayotgan bo‘lsa, ular tintuv uchun ajrimni ko‘rsatishi va xolislarni keltirishlari shart.

Tintuv surishtiruvchi yoki tergovchining qarori yoxud sudning ajrimiga ko‘ra o‘tkaziladi. Tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda bu harakatlar qayerda va kimnikida o‘tkazilishi zarurligi, qaysi narsa yoki hujjatlarning qidirib topilishi va olib qo‘yilishi lozimligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Navbatchi prokurorning yoki Bosh prokuraturaning ishonch telefoni raqamlari doimo yoningizda bo‘lsin. Agar sizni to‘xtatgan organ xodimi qonunni buzayotganini payqasangiz, prokurorga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Ba’zan qo‘ng‘iroq qilayotganingizning o‘zi huquq-tartibot xodimlariga ta’sir ko‘rsatishi va ular sizni qo‘yib yuborishi mumkin.

Agar ichki ishlar xodimlari ma’muriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzsa, siz ushbu bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarni kiritish huquqiga egasiz.

Bayonnoma tuzishdan avval sizga o‘z huquqlaringizni tushuntirib berishlari shart. Agar sizga tushuntirib berilmasa, siz hujjatga imzo qo‘yishdan bosh tortib, buning sabablarini bayon etishga haqlisiz. Sud siz tarafda bo‘lishi mumkin.

Eng muhimi, asabiylashmang, advokat kelguncha sukut saqlang va tintuv qilinishingizga yo‘l qo‘ymang.