Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev 26-avgust kuni viloyat hokimligi boshqaruv apparati yig‘ilishida “Eng yaxshi maktab”, “Eng yaxshi maktab direktori”, “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovlarini e’lon qilgan. Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tanlov g‘oliblariga yengil avtomoshina sovg‘a qilinadi.

G‘ofurjon Mirzayev “ushbu masala haqiqatda jiddiyligi ta’kidlanib, bundan buyon maktab ishi har bir rahbar uchun vijdon ishi bo‘lishi shartligi ta’kidlagan”.

“Chunki biz, muhtaram Prezidentimiz aytganidek, ko‘p yillar maktabdan ancha uzoqda bo‘ldik. Endi bu o‘ta muhim dolzarb masalani har birimiz o‘z ish faoliyatimizning asosiy o‘lchov birligi deb qarashimiz kerak” – deb aytgan viloyat hokimi.

Yig‘ilishda Sirdaryo viloyatidagi maktablarning ta’lim-tarbiya salohiyatini ko‘tarish, faoliyat samaradorligini oshirish borasidagi yangicha yondoshuvlar bo‘yicha topshiriqlar berilgan, haftaning har juma kuni “Maktab kuni” deb belgilangan, har bir maktabning eng a’lochi 10 nafar o‘quvchisiga planshet, komp’yuter sovg‘a qilishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, 23-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta’lim tizimi, o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘sini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tgan, unda davlat rahbari viloyat, tuman, shahar hokimlarini ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘z hududidagi maktablarning sharoitini yaxshilash, o‘qituvchilarning nufuzini oshirishga chaqirgandi.

“Qaysi viloyat, tuman va shahar hokimi o‘zining falon sonli maktabini yoki fanlar bo‘yicha biror bir o‘qituvchisini namuna qilib, g‘urur bilan maqtana oladi. Ming afsuski yo‘q. Chunki hali hokimlar maktab va bola tarbiyasi masalasi bilan, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, umuman shug‘ullanayotgani yo‘q. Bugun chet eldan qancha-qancha investitsiya olib kelyapmiz. Qancha-qancha yangi korxonalar quryapmiz. “Aqlli shaharlar”, “Aqlli uylar” qurish rejasini tuzyapmiz. Atom elektr stansiyasi barpo etishni boshladik. Bularning hammasida ishlash uchun yuksak bilimli, xorijiy tillarni, zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallagan yoshlar kerak. Agar maktablarimiz ahvoli shunday bo‘lsa, qayerdan topamiz bunday kadrlarni?” deb aytgandi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, maktab o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Bu – aksioma. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Prezident joylarda maktablarning qurilishi, o‘quv yiliga tayyorgarlik uchun hokimlar va sektor rahbarlari shaxsan mas’ul ekani, lekin ularning hammasi ham bu masalaga yetarli e’tibor qaratmayotganini keskin tanqid qilgandi.