«O‘zgidromet» kelasi haftada ob-havo qanday bo‘lishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

«Iyulning ikkinchi o‘nkunligidan boshlab O‘zbekiston hududida jazirama kuzatilmoqda. Shu kunlarda havo harorati 39-42 darajaga, shimol, janub va cho‘llarda esa 44-45 darajagacha ko‘tarildi. Respublikaning ba’zi tumanlarida shu kunlari ularga xos tarixiy rekordlar ham yangilandi», – degan sinoptiklar.

«O‘zgidromet»ning ma’lum qilishicha, butun hafta davomida mamlakatda tinkani quritadigan jazirama saqlanib qoladi. Havo harorati kunduzlari 40-43 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarida 44-45 darajagacha yetadi, bu ko‘p yillik o‘rtacha haroratdan 5-7 daraja ortiqdir.

«Hozirdanoq bu yilgi iyul O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar olib borilayotganidan beri eng issig‘i bo‘lishi oydinlashdi. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida garmsel bo‘lishi ehtimoli bor», – deyishdi «O‘zgidromet» mutaxassislari.

Shuningdek, havo haroratining oshishi tufayli Tojikiston va Qirg‘iziston hududidagi muzliklar erib, respublikaning tog‘li va tog‘oldi tumanlarida sel kelishi mumkin.