Shotlandiya o‘ziga keragidan ikki barobar ko‘p shamol energiyasini ishlab chiqardi. Ortiqcha elektr energiyasini Buyuk Britaniyaning boshqa hududlariga yo‘naltirish rejalashtirilayapti. Bu butun mamlakatda dekarbonizatsiya rejasi tezroq amalga oshishi, mamlakat muqobil energiya turlaridan foydalanishga muddatdan avval o‘tishiga yordam beradi.

Shotlandiya – shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or davlatlardan biri.

Engadget ma’lumot berishicha, yanvar-iyun oylarida mahalliy shamol elektr stansiyalari 9,8 mln MVt*soatdan ko‘proq elektr energiyasini ishlab chiqargan. Bu 4,47 mln.ta uyning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun yetarli, holbuki Shotlandiyadagi uylar soni bundan ikki barobar kam.

Shotlandiya hukumati 2050-yilga borib qazib olinadigan energiya manbalaridan voz kechishni rejalashtirmoqda. Yangi raqamlar ushbu mintaqaning muqobil energiya manbalaridan foydalanishga tezroq o‘tishga tayyorligini ko‘rsatmoqda.

Buning ustiga Shotlandiya ortiqcha elektr energiyasini sotishi, masalan shimoliy Angliyaning katta qismiga yetkazib berishi mumkin. Bu butun Buyuk Britaniyaga yaqinda e’lon qilgan maqsadiga tezroq yetish imkonini beradi, mamlakat asr o‘rtalariga borib uglerodsiz iqtisodiyotga o‘tishni ko‘zlayapti.

Albatta, Shotlandiya qulay geografik joylashuvi va relyefining o‘ziga xosligi tufayli shunday natijaga erishdi. Kuchli shamollar va bepoyon qirg‘oqlar energiya ishlab chiqarishni osonlashtiradi. Bundan tashqari mintaqa aholisi nisbatan kam.

Shunga qaramay shotland tajribasi tiklanadigan energiya manbalarining ko‘lami yaqin-yaqinlargacha ham tasavvur qilib bo‘lmagan darajada kengayishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Energiyadan samaraliroq foydalanish uchun uni saqlash tizimlari zarur. Shotlandiya allaqachon Buyuk Britaniyadagi eng yirik akkumulyatorni qurishni rejalashtirmoqda, unda 214 ta shamol dvigatelida ishlab chiqarilgan energiya saqlanadi.