Yosh o‘zbek rejissyori Shokir Xoliqovning "Choy" nomli filmi "Entr'2 Marches" festivalida g‘olib deb topilgandi. Ushbu kinokartina nufuzli Kann xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkaziladigan qisqa metrajli filmlar festivalida g‘olib bo‘lgan ilk o‘zbek filmidir. Festivalning bir necha kategoriyasida g‘olib topilgan kartina rejisyorini "O‘zbekkino” milliy agentligi idish-tovoqlar jamlanmasi bilan taqdirlagani ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv, istehzo va memlarga sabab bo‘lmoqda.

“O‘zbekkino” 72-Kann xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tgan “Marce du Film” kinobozorida turli janrdagi 50 ta to‘liq metrajli, hujjatli va animatsion filmni taqdim etgan, salmoqli delegatsiya yuborgan. Lekin, Shokir Xoliqovga bu delegatsiyadan joy topilmagan. Filmni tanlovga rejissyor internet orqali onlayn topshirgan. G‘olib bo‘lganini ham Shokir Xoliqovga tanlov tashkilotchilari xabar bergan.

Ckrenshot: Facebook

Jurnalist Feruz Muhammad "Choy" filmi qo‘lga kiritgan yutuqlarni sanab o‘tarkan, «Shokir Xoliqovning “Choy” filmining yutuqlariga “O‘zbekkino” MA ham jim qarab turmasdan, idish-tovoq to‘plamini sovg‘a qilibdi. Qanday ajoyib, yosh rejissyorga bundan ortiq sovg‘a bo‘lmasa kerak. Shu mavzuni chuqur o‘rganayapman. O‘rganganlarimni esa tez orada e’lon qilaman»,deydi.

Bloger Nozimjon Safarov «"O‘zbekkino" oldida shlyapamni yechaman. O‘zbek kinematografining chet eldagi obro‘sini ko‘targani uchun sovg‘a sifatida butun boshli servizdan voz kechganiga qoyil qolish kerak. Gap yo‘q. Ketsa boydan ketibdi-da. Videomagnitofon yoki suv isitkich sovg‘a qilishsa ham hayron qolmasdim. "O‘zbekkino"ga hozir 1970-yillar emasligi, Chexoslovakiyaning billur idish-tovoqlari prestij sovg‘a bo‘lmay qolganini va Brejnev vafot etganini sekin bildiringlar», – deb yozdi.

Yana bir bloger Shahnoza To‘raxo‘jayevaga ko‘ra, «Shokir Kannga bormadi, o‘sha 20 kishining ichida unga joy topilmadi. Uch karra "Prolog" sovrindoriga nega joy topilmaydi? Kim bilsin endi? Kannga faqat millionlab dollar sarflab (sovurib) "Skorpion"dek "shedevr"larni suratga olganlar borsa kerak-da. O‘tgan yili Venetsiya festivalida g‘olib bo‘lgan, ammo taqdirlanishiga o‘zlari bora olmagan bolalar haqida eshitgandik. Ammo o‘shandan keyin ular to‘g‘risida biron ma’lumot chiqmadi. Mana shu shisha sovrin bo‘lmasa, Shokir Xoliqov haqida ham balki unutvorardik. Biz iste’dodlarni kashf qilmayapmiz, aksincha, so‘ndirayapmiz».

Shahnoza To‘raxo‘jayeva Yosh kinoijodkorlar kengashi degan tashkilot borligini eslab o‘tadi: «Bir oyog‘i Yoshlar ittifoqida, ikkinchisi "O‘zbekkino"da turadi. Shu tashkilot NNT bo‘lsa ham mablag‘ni davlat byudjetidan oladi. Balki tashkilot rahbari chiqib yosh kinoijodkorlarni qanday qo‘llab-quvvatlayotgani, Kannga olib boradigan delegatsiyasi tarkibini qanday shakllantirishi, qanday qilib bu delegatsiyaga muvaffaqiyatsiz filmlar olsa-da Muxlisa Azizovadek rejissyorlar har yili kirib qolaverishi-yu Shokirga o‘xshagan xalqaro festival sovrindorlari nega qolib ketishini anglatar? Yoshlar ittifoqi ham bu borada tushuntirish bersa bo‘lar edi. Hali biz undan "Skorpion"ning hisobini ham so‘raganimiz yo‘q. Yoshlarni qo‘llay olmasak, hech bo‘lmasa ola qarash bilan ularning ishtiyoqini sindirmaylik. Ular bizga kerak».

Ijtimoiy tarmoqda fikrlar rosa "qaynadi":

«Feysbuk»dagi "TBWA\CAC\Tashkent" sahifasida xuddi o‘sha servizning narxlari va qayerdan olish mumkinligi haqida ma’lumotlar keltirilgan, shuningdek, turli xil memlar taqdim etilgan.

Bu shov-shuvlarga javoban Shokir Xoliqov munosabatini bildirgan:

«Har bir harakatim kuzatuvda turgandek his qilayapman o‘zimni. Bir o‘zimning men haqimda aytilayotgan fikrlarga munosabat bildirishga vaqtim ham, kuchim ham yetmaydi. El og‘ziga elak tutib bo‘lmas. Qadrdonlar, nazarimda festivalda kino ishtirok etishi kerak, chunki festival kino uchun tashkil qilingan va unda odamlarning ishtiroki ikkinchi darajada. Shu sabab men festivalda ishtirok etmaganim uchun hech kimni aybdor demadim, demayman ham va hech kimning aybdor emasligi ayni haqiqat. Men erkin ijodkorman, kinoni yaxshi ko‘raman. Ishim va maqsadim kino qilish, menga boshqa narsa kerak emas. Berilgan mukofotga samimiy minnatdorchiligimning ham noto‘g‘ri ma’noga yo‘yilgani meni ranjitdi. Men uchun mukofot ikkinchi darajali, muhimi e’tibor-ku axir. Iltimos, yutganimga pushaymon qildirmang. Mening hech kimdan arazim, ginam yo‘q va yozganlarimda ham kinoya, kesatiq bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Bu postni ham bosim bo‘lgani uchun qo‘ygan degan fikrga kelmang», – deydi u.