Shimoliy Koreyada ommaviy qatllar o‘tkaziladigan 318 ta joy aniqlandi. Qatllar ommaning ko‘z o‘ngida amalga oshiriladi.

Bu qatlgohlarni aniqlagan «Transitional Justice Working Group» inson huquqlari tashkiloti 10 yil davomida amalga oshirilgan qatllarni hujjatlashtirgan, so‘nggi yillarda Shimoliy Koreyadan qochib o‘tgan 610 nafar qochqin bilan suhbat o‘tkazgan.

Tashkilotning aytishicha, ayrimlar shunchaki sigir o‘g‘irlagani yoki Janubiy Koreya teledasturini ko‘rgani uchun qatl qilingan.

Qatllar asosan daryo bo‘ylari, ochiq maydonlar, bozorlar, maktab va stadionlarda o‘tkaziladi, minglab odamlar qatl jarayonini ko‘rish uchun keladi.

Hatto mahkumning yaqinlari, bolalarini olib kelib qatlni ko‘rishga majburlashadi. Maqtulning jasadi kamdan-kam hollarda yaqinlariga qaytariladi.

2000-yillarning boshlarida lagerda saqlangan qochqinlardan birining aytishicha, 80 mahbusni uch ayolning qatl etilishini majburan tomosha qilishga olib chiqishgan. Bu ayollar Xitoyga qochayotganda qo‘lgan tushgan va o‘limga hukm qilingan.

Qochqinlar mahkumlar asosan otib o‘ldirilishini aytishgan. Odatda uch odam bir paytda uchta mahkumni otadi va har otuvchi uchtadan mahkumni o‘ldiradi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra otuvchilar ba’zan mast holatda bo‘ladi. Odam o‘ldirish emotsional jihatdan og‘irligi sababli ularga sharob ichirishadi.

Ba’zan odamlar dorga osiladi. Ammo 2005-yildan so‘ng bu amaliyot deyarli takrorlanmagan.
Hisobot mualliflaridan Etan Shinning aytishicha, ommaviy qatllar keyingi paytda kamaygan. Pxenyan qatllarni yashirincha amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkin.

Shimoliy Koreyadagi qatllar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlash mushkul. Faqat bir-birini tanimaydigan qochqinlarning o‘zaro mos keluvchi guvohliklari asos bo‘ladi.

2013-yili Shimoliy Koreyaning mashhur qo‘shiqchilaridan Xyon Son Vol butun orkestr oldida qatl qilingani haqida xabarlar chiqqan. Ammo 2014-yili u yana teleekranlarda paydo bo‘lgan, 2018-yili esa Shimoliy Koreya delegatsiyasi tarkibida Janubiy Koreyaga kelgan.