Shimoliy Koreya 31-iyul kuni ikkita qisqa masofali ballistik raketani uchirdi.

Sinov KXDRning sharqiy sohilidagi Xamgvon-Namdo viloyatiga qarashli Xodo yarimorolidan Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan. Raketa 250 kilometr masofani bosib o‘tgan.

KXDR raketalar sinovini "Vashington bilan harbiy mashqlarni rejalashtirayotgan Seulga jiddiy ogohlantirish" deb atadi.

Pxenyan har yili o‘tkaziladigan bu qo‘shma harbiy mashqlarga o‘z qarshiligini doimo bildirib kelgan; KXDR ularni urushga tayyorgarlik deb hisoblaydi.

Janubiy Koreya mudofaa vazirligi raketaning texnik xususiyatlari Rossiyaning 9K720 "Iskander" raketasiga o‘xshashligini aytgan.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe raketalar Yaponiya xavfsizligiga tahdid solmasligini aytgan.

Shunga qaramasdan 1-avgust kuni Bangkokda Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) forumi doirasida Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Yaponiya bosh vaziri bilan raketa sinovi masalasini muhokama qilishi aytilmoqda.

Koreya yarimorolini yadrosizlantirish borasidagi so‘nggi yangiliklar

O‘tgan yili Kim Chen In Shimoliy Koreya yadro sinovlarini to‘xtatishini va boshqa qit’alararo ballistik raketalar uchirmasligini aytgan edi.

Lekin yadro sinovlari davom etayotganga o‘xshaydi. Pxenyan shuningdek jiddiy iqtisodiy sanksiyalarga qaramay yangi qurol ishlab chiqish qobiliyatini saqlab qolganini ham namoyish qilmoqda. May oyida KXDR 2017-yildan beri ilk bor qisqa masofali ballistik raketani sinovdan o‘tkazgan edi.

Shimoliy Koreya o‘tgan hafta yangi suvosti kemasini ham namoyish qilgan edi. Janubiy Koreya mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu suvosti kemasi uchtagacha ballistik raketani tashishi mumkin.