Prezident maktablarining asosiy vazifalaridan biri etib yangicha fikrlaydigan, millatparvar intellektual elitani shakllantirish belgilangan. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Kun.uz saytiga bergan intervyusida aytgan.

"Prezident maktablarining asosiy vazifalaridan biri – yaxshi bilim berish bilan birga, kelajakda O‘zbekistonga foydasi tegadigan inson qilib tarbiyalash hamdir", – deydi vazir.

Prezident maktablari nega muhim va olqishga sazovor tashabbus bo‘ldi: jamiyat jadal o‘zgarayotgan dunyoga moslashib, yashab qolishi uchun shunga yarasha intellektual elitaga ega bo‘lishi kerak. Ta’lim jarayoni mana shunday elitani shakllantirishda o‘ta muhim o‘rin egallaydi. Tadqiqotchilar yuzaki bir qarashda nodemokratik ko‘rinishi mumkin bo‘lgan xulosaga kelmoqda: jamiyatning ilmiy va umuman madaniy potensiali o‘rta qatlamning ta’lim darajasidan ham ko‘proq ushbu jamiyatni boshqarayotgan sara insonlarning intellektual potensialiga bog‘liq ekan. Yoki Singapurni qashshoq qishloqdan taraqqiy etgan davlatga aylantirgan Li Kuan Yuning aytishicha, "yaxshi boshqaruv uchun unga sifatli insonlarni jalb qilish kerak. Salohiyatsiz elita jamiyatga faqatgina zarar keltiradi".

  • Aynan shuning uchun ham o‘zbek ta’lim tizimining eng muhim vazifalaridan biri yosh iste’dodlar va iqtidorli bolalarni tanlab olish va o‘qitish orqali yangi o‘zbek intellektual elitasini shakllantirish hisoblanadi. Bunday tizim O‘zbekistonda hozirgacha mavjud emas edi. Prezident maktablari mana shu yo‘nalishda ilk qadam hisoblanadi.

O‘zbekistonning an’anaviy zodagon qatlami bolasini o‘qitadigan Toshkent markazidagi rusiyzabon maktablar yoki turli "British School"lardan farqli o‘laroq, prezident maktablari faqatgina puldor yoki amaldorlarning bolasini emas, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha iqtidorli bolalar uchun ijtimoiy lift rolini o‘ynashi mumkin. Muhimi bu yerda bolaning aynan iqtidorli bo‘lishidir.

Bu maktablar Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkentda bittadan tashkil etilayotgani ulardan ko‘zda tutilgan maqsad butun respublikada (xususan, olis hududlarda ham) yashaydigan bolalar uchun teng imkoniyatlar berish ekaniga yana bir dalil bo‘lishi mumkin.

Meritokratik yangi o‘zbek intellektual elitasini shakllantirish borasida O‘zbekiston hattoki qo‘shni Qozog‘istondan kamida 10 yil ortda qolmoqda. Qozog‘istonda 2008-yildan beri "Nazarbayev intellektual maktablari" tanlab olingan bolalarga yuqori sifatli ta’lim berib kelmoqda.

Prezident maktablarining yana bir muhim jihati shuki, ular mamlakat maktab tizimining lokomotivi sifatida xizmat qilishi mumkin. Zotan, tashabbus mualliflarining maqsadi ham "keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq ta’limi tizimiga tatbiq etishdir".

Prezident maktablari oldida turgan tahdidlar: bu maktablar o‘z maqsadiga yetisha olmasligi ham mumkin. Tahdid, har doimgidek, tashabbusni amaliyotga tatbiq etish jarayoni bilan bog‘liq.

Xususan, birinchi tahdid keng tarqalgan korrupsiya, tanish-bilishchilik va "qo‘ng‘iroq huquqi" sharoitida prezident maktablariga haqiqatan ham iste’dodli, iqtidorli bolalar emas, boy va amaldorlarning bolalari qing‘ir yo‘llar bilan qabul qilinib qolishi mumkinligi bilan bog‘liq.

  • Hukumat bu tahdidni maktabga tanlovning to‘g‘ri va xolis o‘tishini nufuzli xorijiy tashkilot – "Cambridge Assesment"ga topshirish orqali nazorat qilmoqchi. O‘zbek ekzamenatorlaridan farqli o‘laroq, xorijiy ekzamenatorlarni sotib olib yoki ularga ta’sir ko‘rsatib bo‘lmaydi.
  • Vazirning aytishicha, prezident tomonidan qo‘yilgan eng asosiy vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilishdir. Ya’ni, testlar halol o‘tishiga siyosiy iroda va "tepadan" ko‘mak bor.

Sherzod Shermatov xavflardan yana birini intervyuda aytib o‘tibdi.

“Prezidentimiz aytdiki, chet eldan o‘qituvchi, direktor olib kelamiz, xorijiy tillarni o‘rgansin, zamonaviy bilimlarni olsin, lekin, eng asosiysi, vatanparvar bo‘lsin. Bu gapirganda osondek tuyulishi mumkin, ammo vatanparvarlik qanday tarbiyalanadi? Bu balandparvoz gap yoki 10 ta majlis qilgan bilan bo‘lmaydi. Hatto shu yo‘nalishda ham ko‘plab kamchiliklarimiz bor", – deydi vazir.

Milliy g‘oya "Milliy g‘oya asoslari" bilan, ma’naviyat "Ma’naviyat va ma’rifat" darslari bilan almashib qolgani bu tushunchalarning sayozlashiga va muomalada suiiste’mol qilinishiga olib keldi.

"Internetda ko‘plab maqolalarga ko‘zimiz tushadi. Hozir “ma’naviyat” so‘zini eshitganda salbiy ma’no tushuniladigan darajaga olib kelishdi", – deb hisoblaydi vazir.

Vazirlik bu tahdidni prezident maktablarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha adekvat direktor o‘rinbosarlarini tanlash orqali hal qilmoqchi. Ular o‘quvchilarga sezdirmagan holda vatanparvarlik va ma’naviyatni singdirish yo‘llarini topishi kerak bo‘ladi. Keyinchalik bu usullarni O‘zbekistondagi barcha maktablarga tatbiq qilishmoqchi.

  • Lekin milliy g‘oyaga butun boshli yangi mazmunni bag‘ishlash XTV imkoniyatlari darajasiga kirmasa kerak, bu jamiyatda bahs-munozara orqali shakllanadigan g‘oyadir.