Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov poytaxtdagi 81 ta talabgir maktabga qo‘shimcha kvotani to‘g‘ri taqsimlash bo‘yicha takliflar so‘rab post qoldirdi.

"Hozirgi kungacha Toshkent shahridagi 81 ta maktabning mikrohududida yashovchi qariyb 3 ming nafar bola yangi tizim – Davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat qabul qilinishi sharofati bilan tanish-bilishchilik va poraxo‘rliksiz mazkur maktablar o‘quvchisiga aylanishdi. O‘tgan yillarda bunday imkoniyat deyarli yo‘q edi", – deb yozadi vazir.

Uning aytishicha, mikrohududda yashovchi 7 yoshdagi bolalarning qonuniy huquqi ta’minlanganidan so‘ng (7,9 ming atrofida shunday bolalar kelishi kutilayapti) 81 ta maktabda taxminan 4,7 ming o‘quvchini qo‘shimcha qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu esa mamlakatdagi barcha bo‘lajak birinchi sinf o‘quvchilarining (627 ming) 0,76 foizini tashkil etadi xolos.

"Atigi shu miqdor uchun ijtimoiy tarmoqlarda to‘polon ko‘tarayotganlarning maqsadini esa tushunish qiyin", – deb ta’kidlagan vazir.

"Fuqarolarning takliflarini inobatga olgan holda biz vaziyatni o‘rganayapmiz hamda qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul qilishga doir yangi tartibga biron-bir to‘lovsiz qabul qilish haqida o‘zgartirishlarni kiritish borasida takliflar ishlab chiqishga tayyormiz. Asosiysi, ushbu qo‘shimcha o‘rinlarni to‘g‘ri taqsimlashda xatoga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak (taxminan 1-avgustgacha qancha o‘rin qolishi aniqroq bo‘lib qoladi)", – deydi Shermatov.

Xalq ta’limi vazirining yozishicha, qo‘shimcha kvota bo‘yicha o‘qish huquqiga eng avvalo quyidagilar loyiq ko‘rilishi mumkin:

  • shu mikrohududda yashovchi 6 yoshga to‘lgan bolalar;
  • shu maktablar o‘qituvchilarining farzandlari;
  • boshqa mikrohududda yashovchi, ammo akasi/opasi shu maktabda o‘qiydigan bolalar.

"Agar mabodo mana shunday taqsimotdan so‘ng ham yana biron mingtacha o‘rin bo‘sh qolsa (ba’zi maktablarda balki umuman joy qolmasligi ham mumkin), unda taqsimot qanday amalga oshiriladi?", – deya savol tashlagan vazir.

Shermatov quyidagi qo‘shimcha variantlarni taklif sifatida keltirmaslikni so‘ragan:

  • “Jonli navbat”? Postsovet mamlakatlari tajribasining ko‘rsatishicha, bunday tizim bizning mintaqada mutlaqo ish bermaydi, qaytaga aholi noroziligini yanada oshirishi muqarrar. Mana, bu haqda internetni titkilashimiz bilan ko‘zga tashlanadigan dastlabki maqolalardan biri.
  • Lotereya? Uning shaffof va ishonchli o‘tkazilishiga shaxsan o‘zingiz ishonasizmi? Bizda o‘tkaziladigan har qanday qur’a va lotereyalar odamlarda shubha-gumonni kuchaytirsa kuchaytiradiki, aslo kamaytirmaydi. Bu borada ham boshqa davlatlar tajribasini google ko‘magida topish qiyin emas. Mana, shunday maqolalardan biri.

"Agar siz mavjud vaziyat bo‘yicha ehtirosga berilmasdan, ayni paytdagidan ko‘ra aniq va yaxshiroq takliflarni bera olsangiz, muammolar faqatgina tanqid qilish orqali hal etilmasligini isbotlagan bo‘lardingiz. Bundan esa, albatta, barcha birdek mamnun bo‘ladi", – deya postini yakunlagan vazir.