Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Prezident maktablariga faqatgina ba’zi fanlarni a’lo bahoga o‘zlashtirganlargina hujjat topshira olishi haqidagi talabga izoh berdi.

Ota-onalar o‘zbek ta’lim tizimida poraxo‘rlik va tanish-bilishchilik avj olgan hozirgi sharoitda bu talab ortiqcha bo‘lganini aytmoqda. Vazirning o‘z Facebook sahifasida yozishicha, bu PMlarga qabulni nazorat qilayotgan Cambridge Assessment talablaridan biridir.

  • Birinchi yili to‘rt Prezident maktabining har biriga 144 tadan o‘quvchi qabul qilinadi. Bu maktablarga qiziqish juda yuqori bo‘lgani sababli shu kungacha 28446 nafar nomzod hujjat topshirgan, ya’ni bir o‘ringa deyarli 50 nomzod raqobat qiladi. Namanganda bir o‘ringa 120 nafar bola hujjat topshirgan.

Agar tabeldagi a’lo bahoga talab o‘ziga xos filtr sifatida joriy qilinmaganda, talabgorlar qariyb 10 baravar ko‘p bo‘lardi va bu juda katta qiyinchiliklarni tug‘dirardi.

"Namanganda 5-sinfga raqobat deyarli 1 o‘ringa 120 nafar o‘quvchi! Bu hali faqat matematika va tabiiy fanlardan “5” baho olganlarning hujjatlari qabul qilinganida shunday katta raqobat yuzaga keldi. Agarda maktabdagi bahoga qaralmay, hammaga hujjat topshirishiga ruxsat berilganda bir o‘ringa 1,5 ming nafar o‘quvchi raqobat qilishi va bu esa faqat ortiqcha muammo keltirib chiqarishi tabiiy edi.

Shu vaqtga qadar deyarli hech qanday qabul imtihonida bir o‘ringa bu kabi katta raqobat bo‘lmagan", – deb aytgan vazir.

Uning aytishicha, tabeldagi baholarga noqonuniy tuzatishlar kiritilgan yuzga yaqin holat ham aniqlangan. Bu bolalar endi qabul natijalari e’lon qilinishidan oldin istalgan bosqichda tanlovdan chetlashtirilishi mumkin.

26-iyundan saralash jarayoni boshlandi

Shermatovning aytishicha, qabulni nazorat qilayotgan Cambridge Assessment bir o‘ringa 20 dan ortiq nomzod hujjat topshirsa, saralash imtihonini o‘tkazishni talab qilgan. Shu sababli Prezident maktablariga saralash bosqichi imtihonlari 26-iyun – 3-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Asosiy imtihonlar esa iyul oyida o‘tkaziladi.

26-iyundan Prezident maktablariga saralash imtihonlari boshlanadi. Saralash bosqichi imtihonlari quyidagi manzillarda bo‘lib o‘tadi:

  • Toshkentda – «O‘zko‘rgazmasavdo» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bino (Toshkent sh. Beruniy ko‘chasi 41-uy);
  • Urganchda – «Yoshlik» sport majmuasi (Urganch sh. Yoshlik ko‘chasi 1-uy);
  • Namanganda – «Barkamol avlod» sport majmuasi (Namangan sh. Istiqlol ko‘chasi).
  • Nukusda: 👇
  • – Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi (Nukus sh. M.Jumanazarov ko‘chasi 172-uy);
  • – Nukus ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internati (Nukus sh. Chimboy guzari raqamsiz uy).