Islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida ayni paytda Qoraqalpog‘istonga borgan Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida qurilayotgan Prezident maktabini ham ko‘zdan kechirgan. “Prezident maktablari boshqa maktablar uchun andoza bo‘lishi, ta’lim muhitini o‘zgartirishi kerak”, deya ta’kidlagan davlat rahbari.

Foto: Prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktablari tashkil etish tashabbusini o‘tgan yili aynan Nukusda e’lon qilgan, buni Qoraqalpog‘istondan boshlashni taklif etgan edi. Joriy yil 20 fevralda shu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilingan.

Foto: Prezident.uz

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Nukus shahrida Prezident maktabi qurilishi jadal olib borilmoqda. Shavkat Mirziyoyev maktabning binosi ham, ma’rifati ham mukammal bo‘lishi kerakligini, shuning uchun uni shoshmasdan, sifatli qurib, Konstitutsiya bayramida foydalanishga topshirish zarurligini ta’kidlagan. Ungacha o‘quvchilar boshqa binoda o‘qib turadi.

Caption

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablarida darslar xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va “STEAM” dasturi asosida ingliz tilida olib boriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.

Foto: Prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev rahbari mazkur bilim dargohi uchun pedagoglar qanday tanlanayotgani bilan qiziqqan.

– Bu maktablarning o‘qituvchisi ham, o‘quvchisi ham eng namunali bo‘lishi lozim, – degan O‘zbekiston prezidenti. – Chuqur bilim bilan birga ma’naviyat, vatanparvarlik hissi ham singdirilishi zarur. Bu yerga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bog‘cha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, ta’lim muhiti o‘zgaradi.