Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida joylashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini ko‘zdan kechirdi.

2017 yilda tashkil etilgan bu maktab fizika, matematika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan.

Bu yerda ta’lim jarayoniga Fanlar akademiyasining Astronomiya va Fizika-texnika institutlari xodimlari jalb etilgan. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va seminar-trening tashkil etish maqsadida jalb etiladigan chet ellik pedagoglar uchun mehmonxona, o‘quvchilar uchun yotoqxona qurilgan.

Innovatsion usullarda dars o‘tish maqsadida aerokosmik texnologiyalar xonasi tashkil etilib, zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari o‘rnatilgan. Maktab binosining tom qismida o‘rnatilgan teleskopda o‘quvchilar osmon jismlarini kuzatishi mumkin.

Robototexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar to‘garaklari ham tashkil etilgan.