AQSH Xitoyning kuzatuv qurilmalarini ishlab chiqaruvchi Hikvision kompaniyasiga qarshi sanksiya joriy etishi mumkin. Xitoy ushbu kompaniya mahsulotlaridan Sharqiy Turkistonda uyg‘urlarni kuzatish, ta’qib qilishda foydalanadi.

Donald Tramp Xitoy bilan savdo urushida dovni oshirib kelmoqda:

  • AQSH prezidenti 16-may kuni AQSH kompyuter tarmoqlarini “xorijiy dushmanlar"dan himoya qilish uchun favqulodda vaziyat e’lon qildi. Qaror AQSH manfaatlariga tahdid sifatida ko‘rilgan xorijiy telekom kompaniyalari mahsulotlarini AQSHga import qilishni taqiqlaydi. Buyruqda aniq bir kompaniya nomi aytilmagan bo‘lsa ham, tahlilchilar Xitoyning Huawei va ZTE kompaniyalari nazarda tutilgan deb ishonishadi.
  • Tramp qarorni imzolashi bilan AQSH savdo vazirligi Huawei va uning 70 sho‘’basini qora ro‘yxatga kiritdi. Endi Huawei AQSH yetkazib beruvchilaridan nimadir xarid qilishi uchun maxsus ruxsatnoma olishi kerak, AQSH bozorida Huawei mahsulotlari esa istalgan paytda taqiqlanishi mumkin.
  • Qora ro‘yxatga Hikvision kompaniyasini ham qo‘shish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu ro‘yxatga tushgan kompaniyalar bilan oldi-sotdi qiluvchi AQSH kompaniyalari hukumatdan alohida ruxsat olishiga to‘g‘ri keladi. Hikvision audio va vizual kuzatuv qurilmalarini ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biridir. Kompaniyaga qarshi ehtimoliy sanksiya haqidagi ma’lumot chiqishi bilan uning aksiyalari bahosi tusha boshlagan.
  • Xitoy Trampni davlat xavfsizligini bahona qilib, Xitoyning AQSHdagi savdo manfaatlari ildiziga bolta urayotganlikda ayblab, bu qarorga qarshi javob choralarini ko‘rishini ma’lum qildi.

Hikvision uyg‘urlar masalasida na biror hukumat va na nohukumat inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqidga uchraganini aytadi.

“Hikvision mahsulot yetkazib beradi. Biz Shinjonda biror nomaqbul ish qilmaganmiz. Kompaniya inson huquqlari buzilishi holatlariga aralashmagan, aralashmayapti, aralashmaydi ham”, – degan kompaniya so‘zchisi.

Kompaniya, shuningdek, Sharqiy Turkistondagi faoliyatini o‘rganish uchun AQSHlik mutaxassislarni jalb qilganini, xorijiy aksionerlarga yaqin kunlarda hisobot berilishini ma’lum qilgan.

  • Xitoy hukumati Sharqiy Turkistonda uyg‘urlarga qarshi siyosat olib borayotgani, ularni ta’qib qilayotgani, kuzatayotgani, millionlab uyg‘urlar majburiy axloq tuzatish lagerlarida saqlanayotgani haqida xalqaro tashkilotlar tanqidiga nishon bo‘lib keladi.
  • Xitoyning kuzatuv kameralari qiyofasiga qarab faqatgina uyg‘urlarni tanlab oladi va ularning kirdi-chiqdisini politsiyaning ma’lumotlar bazasida saqlab turadi. Ayni shu ishlarda Hikvision mahsulotlaridan foydalanilayotgani sanksiyalar uchun asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda.