Saudiya Arabistoni Turkiya rahbariyatini zaiflashtirish strategiyasiga kirishdi. G‘arb OAV qo‘liga Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) rasmiylari uchun maxsus tayyorlangan maxfiy hisobot tushdi, deb xabar beradi Tarjumon.uz

Hujjatda aytilishicha, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Istanbulda muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishini Turkiya butun dunyoga oshkor qilib yuborganidan g‘azablangan. Shu munosabat bilan Ar-Riyod Turkiyadagi ichki vaziyatni beqarorlashtirish va shu orqali mamlakat rahbariyatini zaiflashtirish rejasini tuzgan.

Saudiya Arabistoni hukumati aksilturk strategiyasini amalga oshirayotganini birinchi bo‘lib Middle East Eye portali xabar berdi. Portalning qo‘liga BAA tahlil markazlaridan birining Abu-Dabi uchun mahsus tayyorlangan hisoboti kelib tushgan.

«Saudiya Arabistoni bo‘yicha oylik hisobot» deb nomlangan hujjatda aytilishicha, joriy yilning bahorida Ar-Riyod Turkiyaning podshohlik va mintaqaga nisbatan siyosatiga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqqan.

Ushbu chora-tadbirlarning maqsadi «Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hukumatiga bosim o‘tkazish uchun mumkin bo‘lgan barcha vositalardan foydalanish» bo‘lgan.

Xususan, Ar-Riyod «muxolifat Erdo‘g‘onni ag‘darib tashlaydi degan umidda» ichki muammolarni og‘irlashtirishni rejalashtirgan. So‘nggi mahalliy saylovlarda Erdo‘g‘onning raqiblari g‘alaba qilganini hisobga olsak, bunday taxminlar asoslidir.

Biroq hisobotda Ar-Riyod Turkiya rahbarining muxoliflarini atayin moliyalashtirishi va ularga siyosiy yordam ko‘rsatishi ochiqlanmagan. Ammo boshqa tafsilotlar mavjud. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, Saudiya Arabistoni rahbariyati «Turkiya iqtisodiyotini nishonga olishni va saudiyaliklarning Turkiyaga sarmoya kiritishiga ta’sir ko‘rsatishni» istamoqda.

Iqtisodiy choralar qatoriga yangi yo‘nalishlar yaratish orqali saudiyalik sayyohlarning Turkiyaga borishini cheklash, turk tovarlarining importini qisqartirish va islom bilan bog‘liq mintaqaviy masalalarda rasmiy Anqaraning rolini kamaytirish kiradi.

Maxsus ma’ruza mualliflari yaqinda Ar-Riyodning turk tovarlari ortilgan mashinalarni o‘z hududiga kiritishdan bosh tortishi antiturk strategiyasini amalga oshirish boshlanganining belgisi sifatida baholanmoqda. Qariyb ikki hafta davomida yuzga yaqin mashina qirollik chegarasida turdi. Uzoq vaqtdan keyin Ar-Riyod ularga o‘z hududiga kirishga ruxsat berdi. Turkiya ziyon ko‘rdimi yoki yo‘qmi – noma’lum.

Yillik hisobot mualliflarining alohida qayd etishicha, bu kabi keskin antiturk choralariga Qoshiqchining o‘ldirilishi turtki bo‘ldi. Anqara valiahd shahzodaning shaxsiy buyurtmasi bo‘yicha saudiyaliklar sodir etgan qotillik tafsilotlarini ochishda faol ishtirok etdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiya tomoni Saudiya Arabistonining jinoyatlarni tergov qilishiga yordam beradigan «aniq va to‘g‘ri» ma’lumot bermagan. Hisobot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, buning o‘rniga Anqara noto‘g‘ri axborot tarqatish kampaniyasini boshlagan.

Turkiya rahbariyatining sa’y-harakatlari «qirollik imijini buzish va valiahd shahzodasining obro‘sini to‘kish»ga qaratilgan ekan. Biroq, ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ar-Riyod Erdo‘g‘on bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchradi degan xulosaga kelgan.

Saudiya Arabistoni suvdan quruq chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi degan xulosaga kelgan ekspertlar. Biroq bu shahzoda Muhammadni qasos olishdan to‘xtatolmaydi.

Saudiya Arabistonining antiturk siyosati tashqi siyosatda ham ko‘zga tashlanadi. Ar-Riyod Suriyaning shimoliy hududlarida Turkiya ta’sirining kengayishiga qarshi turishga urinmoqda deya ishoniladi.

Xususan, Saudiya Arabistoni rahbariyati AQSHga «Shimoli-Sharqiy Suriyada vaziyatni barqarorlashtirish» uchun mablag‘ ajratibgina qolmay, mahalliy hokimiyatda kurd vakillarining ko‘pligidan bir necha bor norozilik bildirgan mahalliy arab qabilalari bilan muzokaralarda ham faol ishtirok etmoqda.

Saudiya Arabistonining Yaqin Sharq ishlari bo‘yicha vaziri Tamer as-Sabhon 13-iyun kuni shimoli-sharqdagi Dayr az-Zor viloyatiga bordi. U kurd jangarilarining yetakchilari, qabila shayxlari, shuningdek, Amerika vakillari – Davlat kotibining o‘rinbosari Joel Reybern va AQSHning Xalqaro koalitsiya kuchlari maxsus yordamchisi Uilyam Robak bilan uchrashdi.

Tashrif davomida as-Sabhon qabila shayxlarini ushbu hududlarni ozod qilgan «Suriya demokratik kuchlari» (DSS) ko‘p millatli koalitsiyasiga yordam berishga chaqirdi. Ushbu koalitsiyada kurdlar ko‘pchilikni tashkid qiladi. Saudiya Arabistonining ushbu hududlarda bo‘lishi Suriyaning shimolida Turkiya ta’sirini kamaytirishga yordam beradi deb ishoniladi. Biroq Ar-Riyodning Turkiyadagi vaziyatni beqarorlashtirish siyosati samarali bo‘ladimi yoki yo‘qmi – noma’lum.