So‘nggi paytlarda sport sohasida bir-biridan qiziq voqealar kuzatilayapti. Masalan, futboldan chetlatilgan futbolchilar va murabbiylar biror bahona bilan afv etilayapti. Indamaygina futbolga qaytmoqda. "Bu absurdlikning chegarasi qayerda, buni hozircha hech kim bilmaydi. Chunki chetlatilganlar va kechirilganlar qatorida ushbu holatlarga nomunosiblari bor. Masalan, Vadim Abramov chetlatilishga, Samvel Babayan kechirilishga nomunosib", deb yozg‘iradi futbol muxlislari.

Vadim Abramov

O‘zbekiston futbol federatsiyasi (hozirgi assotsiatsiya o‘sha paytda federatsiya edi) 2017-yil 16-dekabrda taniqli murabbiy, ayni damda Farg‘onaning “Neftchi” klubini boshqarayotgan Vadim Abramovni noma’lum muddatga futboldan chetlatgan. O‘FF qarorida Abramov “O‘FF va O‘zPFL hamda ularning rasmiylari sha’niga nisbatan noto‘g‘ri fikrlar bildirgani, O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha jamoatchilik o‘rtasida nosog‘lom fikrlar vujudga kelishiga sabab bo‘layotgani” aytilgan. Lekin aynan qaysi joyda nima deyilgani, kimni haqorat qilgani ochiqlanmagan.

2018-yil 25-iyunda, ya’ni 7 oydan keyin Vadim Abramovga professional faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat berilgan. O‘FA xabariga ko‘ra bu borada Abramovning o‘zi murojaat qilgan. “Mazkur mutaxassis mamlakat futboli uchun salmoqli mehnat qilgan. U erishgan natijalar hurmatga loyiq. Shu bilan birgalikda Vadim Abramov ham futbolchilar, murabbiylar va mutaxassislarni hurmat qilishi lozim”, – deyilgan xabarda. Demak, futbol amaldorlarini haqorat qilgan insonning “o‘zbek futboliga qo‘shgan salmoqli hissasi” kech bo‘lsa-da, e’tirof etilgan.

Oybek Qilichev

2017-yilning 23-oktyabr kuni “Navbahor” futbolchisi Oybek Qilichev 2017-yilgi O‘zbekiston chempionatining 25-turi doirasida “Qo‘qon-1912” klubiga qarshi maydonga tushib, raqibiga tajovuz qilgan. Vaziyatni o‘rganib chiqqan O‘FF ijroqo‘mi uni bir yilga futboldan chetlashtirish barobarida, 10 million so‘m miqdorida jarimaga ham tortgandi.

“Navbahor” klubidagi ijobiy o‘zgarishlar, futbolchining pushaymonligi va bu boradagi maktublari inobatga olinib, Qilichevni 18-iyun kuni ochilgan transfer oynasidan foydalanib, qayta ro‘yxatga olish uchun ruxsat berilgan. Buning uchun avvaldan belgilangan jarimani to‘lash kerak bo‘ladi”, – deyiladi O‘FA xabarida.

Yoshini kichraytirgan futbolchilar

2018-yilning 5-yanvar kuni O‘FF rahbariyati futboldagi eng yomon illatlardan biri – yoshini kichraytirgani aniqlangach, Nodirbek Teshaboyev, Muhammadjon Abdullayev, Nuriddin Hasanov, Dilshod Ahmadaliyev, Burhon Hasanov kabi futbolchilar futboldan chetlashtirilgandi.

Muborak ramazon oyi yakuni hamda hayit arafasida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z aybini tushunib yetgan bu futbolchilarga yana bir bor imkoniyat berish maqsadida ijroqo‘mga tashkilot ustavining 65-moddasi 1.2-bandiga asosan aybdor deb topilganlar masalasini qayta ko‘rib chiqish taklifini bergan va ularni afv etgan. Faqat mamlakat prezidenti mahkumlarni afv etadi desangiz, adashasiz.

Samvel Babayan

2018-yil 15-yanvarda Samvel Babayan futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilgandi. O‘FF xabarida aytilishicha, Samvel Babayan “Paxtakor” futbol klubida faoliyat olib borgan vaqtida futbolchilarning shartnomasi bilan bog‘liq hujjatlarga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritgani aniqlangan.

“O‘FF ijroqo‘mi Samvel Babayanning 2018-yilgi jahon chempionatining saralash o‘yinlari davomida tartib-intizomni yo‘lga qo‘ymagani, futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilmagani va ularni o‘z holiga tashlab qo‘ygani, ishiga mas’uliyatsizlarcha yondashib, o‘zbek futbolining yuzi bo‘lgan milliy jamoa darajasini tushirib yuborganini ham inobatga olib, uning bu kabi noxolis faoliyati millionlar o‘yini bo‘lgan futbolga nisbatan xalqning noroziligiga sabab bo‘ldi deb hisoblaydi”, – deyilgandi xabarda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan 2019- yil 26-fevralda Toshkentning "Lokomotiv" futbol klubi prezidentining maslahatchisi etib tayinlangan. Uning zimmasiga klub infratuzilmasini ko‘tarish hamda yangi bosqichga olib chiqish, “Lokomotiv” bolalar va o‘smirlar futbol maktabini rivojlantirish va zamonaviy faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish, klubning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish vazifalari qo‘yilgan.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan ochilgan ish oradan 15 kun o‘tib, 2018-yilning 1-fevral kuni O‘FFning vorisi hisoblangan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan yopilgan va Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi bekor qilingan. Bu haqda O‘FA oradan bir yil o‘tib, 2019-yil 27-fevral kuni ma’lum qilgan.

“Bunyodkor” futbol klubi O‘FAga bildirgi kiritib, Babayandan diskvalifikatsiyani olib tashlashni so‘ragan. “Bunyodkor” futbol klubi Samvel Babayanga shaxsiy kafil bo‘lish tashabbusini bildiradi va unga qo‘llangan intizomiy chorani yengillashtirishni so‘raydi. Zero, so‘nggi vaqtlarda davlat rahbarining shaxsan o‘zi bilib-bilmay aybli qilmish qilgan va o‘z aybidan chuqur pushaymon bo‘lgan shaxslarni afv etmoqda. O‘z navbatida aybini tan olgan va uni yuvish uchun mehnat qilishga tayyor turgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik prinsipini qo‘llagan holda yordam qo‘lini cho‘zish zarur deb hisoblaymiz”, – deyiladi bildirgida.

Moziyga qaytib...

O‘zbekiston futbol federatsiyasi 2018-yil 25-yanvarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga aylantirilgan edi, ya’ni Samvel Babayan umrbod futboldan chetlatilishi haqidagi qaror chiqqanidan 10 kun o‘tib. Lekin 2018-yil 1-fevralda O‘FA ijroiya qo‘mitasi tomonidan ushbu diskvalifikatsiya olib tashlangan.

Demak, O‘FF avvaliga ommaning e’tiroziga sabab bo‘lgan shaxsni futboldan umrbod chetlatish haqida qaror chiqargan. So‘ng 10 kun o‘tib, omma e’tiborini o‘ziga qaratgan va O‘FA bo‘lib olgan. 5 kundan keyin esa O‘FF chiqargan qarorni O‘FA imi-jimida bekor qilib qo‘ya qolgan. Bu haqda hech kimga hech nima deyilmagan. Lekin mutasaddilar O‘FA O‘FFning huquqiy vorisi bo‘lib qolishini unutishmagandir degan umiddamiz.

“Navbahor” ishi

Namanganning “Navbahor” klubi futbolchisi va murabbiylari ham futboldan chetlatilgan. 2019-yil 5-fevral kuni bir vaqtda ikkita klub bilan shartnoma imzolagani aniqlangan Aziz Turg‘unboyev 2019-yil 9-iyulga qadar futbolga aloqador barcha faoliyatdan diskvalifikatsiya qilingan. Mazkur vaqt davomida Turg‘unboyev hech qanday futbol klubi bilan shartnoma imzolay olmaydi.

Shuningdek, “o‘zi pul topayotgan klub manfaatlariga xizmat qilish o‘rniga, uning ichida turib boshqa klub (“Paxtakor” – tahririyat izohi) bilan oldi-berdi qilishni afzal ko‘radigan murabbiy vaqtinchalik bo‘lsa-da, futboldan chetda yurgani ma’qul deb topilgan” va jamoa murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov 1 yilga futboldan chetlatilgan.

“Paxtakor” va “Navbahor” mojarosi sababli “Paxtakor” sport direktori Ja’far Irismetov, klub vitse-prezidenti Shamshod Sariqov va bosh direktor Rasul Akromov ham 6 oyga futboldan chetlatilgan.