«O‘zgidromet»ning xabar berishicha, O‘zbekistonda kuzatilgan anomal jaziramadan so‘ng nihoyat harorat pasayadi.

Yaqin kunlarda havo harorati kunduzlari 32 daraja, kechalari 18 daraja bo‘ladi.

Toshkentda havo ozroq bulutli bo‘ladi, yomg‘ir yog‘maydi.

Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida havo ozroq bulutli bo‘ladi, yomg‘ir yog‘maydi, harorat ko‘pi bilan +36 darajagacha ko‘tariladi.

Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham havo ozroq bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, havo 37 darajagacha isiydi. G‘arbdan 7-12 m/s tezlikda esgan shamol sharqiy shamolga aylanishi mumkin, 25 iyul kuni ayrim joylarda uning tezligi 15-20 m/s.gacha yetadi.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmayapti, harorat +40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin, 26-28 iyulda kechasi +20...+25, kunduzi +33...+38 daraja issiq bo‘ladi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida harorat +36 darajagacha ko‘tariladi. Respublikaning tog‘li tumanlarida havo salqinroq – +27 daraja issiq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ikki haftadan buyon O‘zbekistonda anomal jazirama kuzatilmoqda.

Eng katta maksimum 15 iyul kuni Andijonda qayd etildi – havo +39,7 darajagacha qizidi. Oldingi rekord – 39,6 daraja issiq 1962 yilda kuzatilgan.

Ilgari bu yilgi iyul O‘zbekistonda meteokuzatuvlar yo‘lga qo‘yilganidan beri eng issiq oy bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.