Zaynab Muhammad Do‘st rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi jamiyatda qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgani va bundan chiqarish mumkin bo‘lgan xulosalar haqida UzAnalytics tahliliy saytida yozibdi. Minbar bu maqolani e’tiboringizga to‘liq taqdim etadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Toshkentga safari oldidan vesti.uz saytida chop etilgan ushbu ochiq xatni dastlab 3 kishi imzolagan bo‘lsa, keyinchalik ular soni 18 kishiga yetdi. Toshkentdagi Rus madaniyat markazining 25 yilligi nishonlanayotgan kunlarda xat mualliflari o‘zbek millati rus tili orqali nafaqat rus adabiyoti, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan ham tanishgan edi deb yozdi. Murojatda aytilishicha, rus tiliga rasmiy maqom berish nafaqat ta’lim va kamsonli etnik guruhlar, qolaversa, Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan millionlab o‘zbek muhojirlari uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.

Qarama-qarshi fikrlar

Rus tilining maqomi haqidagi qizg‘in bahslar jamiyatimizni bo‘lib tashlash darajasidagi o‘tkir mavzu ekani ma’lum bo‘ldi. Ko‘pchilik rus tiliga hech narsa tahdid solmayotganini va binobarin, uni rasmiylashtirishga zarurat yo‘qligini ta’kidladi. Boshqalar tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, rus tilining millatlararo muloqot uchun muhimligini va uning tan olinishi o‘zbek tiliga hech qanday zarar yetkazmasligini bildirdi. Bir necha kun tinmagan bahslar shunday shiddat bilan davom etdiki, ba’zi sharhlovchilar tomonlar shu darajada jon kuydirib korrupsiya, tanish-bilishchilik, sifatsiz ta’lim tizimi kabi muammolarni muhokama qilganda, O‘zbekiston eng ilg‘or mamlakatlar qatorida bo‘lishi haqida ham hazillar qildi.

Fikrlar har xil bo‘ldi: ba’zilari mo‘’tadil va bosiq bo‘lsa, ayrimlari ochiqchasiga qo‘pol va nafratga to‘la edi. Keskin qarashlar orasida o‘zbek tilini yetarli darajada o‘rganishni “istamagan” boshqa millat vakillari va o‘zbeklarni vatanparvar bo‘lmaganlikda ayblash holatlari ko‘zga tashlandi. Ba’zilar populistlarcha bayonotlar, irqchi fikrlarni bildirishdan va hattoki xatni imzolaganlarni haqorat qilishdan tortinmadi. Bunday xatti-harakatlar O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekani ko‘pchilikka ayon, biroq mualliflar bundan tap tortmaganga o‘xshaydi. Hozirgi paytda davlat bu kabi sharhlarga qarshi choralar ko‘radimi, yo‘qmi – noma’lum. Shuni alohida qayd etish kerakki, xalqni junbushga keltiruvchi bunaqa sharhlarni O‘zbekistonga taalluqli har bir munozarada qatnashadigan "Feysbuk" trollari ko‘plab yozdi.

Til va siyosat

Zikr etilgan tashabbusning g‘azab uyg‘otgani rus tilining O‘zbekistonda Rossiya siyosati sifatida tushunilishidadir, o‘sha siyosat esa ziddiyatli tarzda qabul qilinadi. Tarix o‘zbeklarga Sovet ittifoqi siyosatining salbiy jihatlarini (jumladan, o‘zbek ziyolilarining Stalin qatag‘oniga uchraganini), Rossiya imperiyasining Turkistonga bostirib kelgani va mustamlakachilik siyosatini haligacha eslatib turadi.

Shu bois o‘zbek faollarining xati Sergey Lavrovning safari arafasida tayyorlangani aslida Moskvani mamnun qilish uchun o‘ylab topilgan tashabbus degan shubhalarni ham paydo qildi. Ta’kidlash joizki, ruschani bemalol gapiradigan ayrim o‘zbek ziyolilari Kremlning siyosiy ehtiroslari sabab rus tiliga maqom berish tashabbusi xavfli ekanini aytdi. Bu gapni O‘zbekistonning o‘zida va xorijda yashayotgan o‘zbeklardan ham eshitish mumkin edi.

Boshqa taraf esa rus tili va madaniyatini siyosatdan ajratish kerakligini bildirdi. Bu gapda ham jon bor. Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Chaykovskiy, Glinka, Raxmaninov va Plisetskaya kabi nomlarning hozirgi Rossiya siyosatiga umuman aloqasi yo‘q. Shunga qaramay o‘zbeklar rus tiliga rasmiy maqom beriladigan bo‘lsa, bu Rossiyaning siyosiy ambitsiyalariga dastak bo‘lishidan xavotirga tushayotgan ko‘rinadi. Bahslarda rus diasporasini himoya qilish bahonasida Kremlning boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashganiga Ukraina misol tariqasida keltiriladi. Tashabbus qayerdan kelib chiqqanini oxirigacha bilmasak ham, ushbu murojaat o‘zga bir “tadqiqot” vazifasini bajargani aniq. Bu ochiq xat odatiy “Ijtimoiy fikr” so‘rovlaridan farqli o‘laroq, jamoatchilik fikrini sinaydigan o‘ziga xos va tezkor uslub bo‘ldi.

O‘zbek va rus tillarining hozirgi maqomi

Bir tomon rus tilini himoya qilishga chaqirgan bo‘lsa, qarshi taraf aynan shu muammoni o‘zbek tiliga nisbatan aytmoqda. O‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, rus tili haligacha hukumat idoralarida keng qo‘llanmoqda. Munozaralarda o‘zbek tili haligacha millatlararo muloqot tili bo‘lmagani hamda unda yetarli manbalar va kitoblar yo‘qligi aytilmoqda. Ko‘pchilik bunga lotin alifbosiga o‘tishdagi arosatli holat o‘zbek tiliga ko‘p zarar keltirdi deb hisoblaydi.

Bahs-munozaralar ortidan “Yuksalish” umummilliy harakati o‘zbek tilini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida uni ixtiyoriy ravishda o‘rganuvchilar uchun bepul kurslar tashkil etish va boshqa konstruktiv tashabbuslar bilan chiqdi. Ular orasida yoshlarga til me’yorlarini interfaol tarzda o‘rgatishga qaratilgan mobil ilovalar yaratish taklifi ham bor. UzAnalytics bilan suhbatda ConnectUz konsalting kompaniyasi asoschisi va ma’ruzachi Kamilla Sultonova o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun mobil ilova ancha yordam berishini, ammo shu paytgacha hech qanday yordamchi vosita yaratilmaganini tilga oldi. U o‘zbek tilini taraqqiyot va ilm-fan tili sifatida ko‘rmoqchi ekanini aytadi.

Mustaqil tadqiqotchi Sevara Hamidova rus tili maqomi haqida so‘z yuritayotib, Toshkentda rus tili ko‘p quloqqa chalinayotganini yozdi. Ammo uning fikricha, oxirgi paytlarda ishga qabul qilishga oid e’lonlarda o‘zbek tilini bilish majburiy talab bo‘lib qolgani o‘zbek bo‘lmaganlar uchun murakkab muammoga aylanayotganini qayd etdi. U rus tilida so‘zlashuvchi o‘zbeklarga, nega ona tilingni bilmaysan degan savol yoqmasligini va bundan xavotirda ekanini bildirdi. Bundan tashqari, Sevara Hamidovaga ko‘ra, o‘zbek tilida axloq va din haqidagi kitoblar ko‘p sotilmoqda, badiiy asarlarga esa talab kam. Shu bilan birga, texnik, biznes, dizayn, chizmachilik va boshqa maxsus fanlar bo‘yicha kitoblarni topib bo‘lmaydi.

Mutaxassis rus tiliga rasmiy maqom berish asosan rus tilida so‘zlashuvchilar uchun hujjat to‘ldirish, ta’lim olish va o‘zaro muloqotni osonroq qilishiga, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligiga ishonadi. U rus tilining Rossiya hukumatining qo‘lida vosita bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi, ammo Moskva siyosatida bosim uchun tildan boshqa ko‘plab bahonalar bo‘lishi ham mumkin, deb hisoblaydi.

Korporativ ijtimoiy mas’uliyat va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassis Malika Sharipova rus tilini alohida mavqega ega qilish yoki uni “himoyaga olish” zaruriyati yo‘q deb biladi. Uning fikricha, ko‘pgina tashkilotlar rus tilida ish yuritadi, rus tilidagi ko‘rsatuvlar ham, kutubxonalarda rus tilidagi manbalar ham ko‘p. Bundan tashqari, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar bilan rus tilida muloqot qilinadi. Malika Sharipova til atrofidagi bahslar shunday davom etaversa, jamiyat bo‘linib, millatlararo ziddiyatlarni keltirib chiqarishi, tashqi kuchlar esa bundan foydalanib qolishi mumkin deb biladi.

Shu bilan birga, u o‘zbek tilini rivojlantirish, boyitish va keng ko‘lamda ishlatish zarurligini ham aytadi: “Ilm-fan, adabiyotlarni o‘zbek tilida ko‘proq chop etishni yo‘lga qo‘yish, respublika bo‘ylab o‘zbek tilini o‘rganish markazlarini tashkil etish, aholi o‘rtasida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha turli tanlov va musobaqalar uyushtirish, farzandlarimizga o‘zbek tilining boy va go‘zal ekanini tushuntirishimiz lozim”.

Ijtimoiy uyg‘unlikni ta’minlash

Har bir tomonning yoqlovchi yoki qarshi fikrlari uchun sabablar bisyor. Pus tilida so‘zlashuvchilarni Kremlning Ukrainadagi va Gruziyadagi ziddiyatli siyosati uchun aybdor qilish kerak emas, lekin e’tirofga kelganda vaziyat ularni geosiyosat jardiydasiga aylantirmoqda. Moskva yuritayotgan siyosat oqibatida rus tili Kremlning boshqalarning ichki ishlariga aralashuvi vositasi sifatida qaralmoqda. Rus tili tez orada biror maqomga ega bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, O‘zbekistondagi rus tilida so‘zlashuvchi fuqarolar kamsitilmasligi kerak. Ochiq xatni quvvatlagan kishilarni aynan shu muammo xavotirga solgan ko‘rinadi. Ular ushbu qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng o‘zini yanada notinch sezayotgan bo‘lsa ajab emas. Shuning uchun davlat idoralari aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida fuqarolarga konstruktiv tarzda bahslashishni o‘rgatishi va millatchilikka yo‘l qo‘ymasligi zarur. Qonunni buzgan odamlarga nisbatan esa huquqiy choralar ko‘rilishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlar – axborot almashish va muloqot qilish uchun qulay maydon, lekin ayni paytda ular odamlarni bir-biriga qarshi qo‘yadigan salbiy vosita ham bo‘lishi mumkin.

Ta’lim

Bir oz umumiy tavsiya bo‘lib tuyulsa-da, qayd etish lozimki, ta’lim va tarbiya vaziyatni o‘nglashga yordam berishi aniq. Odam o‘qimishli bo‘lishi uchun kitob kerak. Ushbu maqsad yo‘lida ajratilgan mablag‘lar bilan birga matbuot erkinligi ham qo‘l keladi. Yaqinda mamlakatda taqiqlangan xorijiy vebsaytlar ochildi va bu doimiy yoki odatiy hol bo‘lib qolishiga ishonging keladi. Navbatdagi murakkab qadam ta’lim standartlarini yaxshilash bo‘lishi kerak. O‘zbek ta’lim tizimi tanazzulga yuz tutgani aniq. Ammo buning uchun rus tili ko‘p ishlatilishi aybdor emas. Bunga O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng maktablar ta’minoti va menejmenti past ekani, lotin alifboga o‘tish jarayonining sabotaji (amalda bu “o‘tmaslik” bo‘lib qoldi) va kitoblar yetishmovchiligi sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, mamlakatda rus tilini ham qo‘llab-quvvatlash kerak. Barcha fuqarolar uchun har bir davlat idorasida ikkita tilda ishlash imkonini beradigan elektron vositalar va anketalar mavjud bo‘lishi shart. Hozir bu ba’zi davlat idoralarida odatiy holga aylanmoqda. Odamlarning aytishicha, rus maktablari va sinflari kamayganini ham e’tibordan qochirmaslik lozim. Qizig‘i shundaki, rus sinflari va o‘qituvchilari kamligiga qaramay, ularga o‘zbeklar orasida ehtiyoj ortib bormoqda. Sababi rus maktablaridagi ta’lim sifati haligacha o‘zbek maktablariga ta’lim sifatidan yaxshiroq. Ehtimol, muammoni hal etish uchun ko‘proq mutaxassislar tayyorlash kerakdir. Ayni paytda o‘zbek maktablarida ta’lim sifatini ko‘tarish uchun uning tizimini jiddiy isloh qilish zarurati tug‘ilmoqda.

Til bilishning foydasi

Ko‘pchilik ikki tilni bilish foydali ekanini e’tirof etadi. Shu sababli aksariyat sharhlarda rus tili yoki rus tillilarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi ta’kidlandi. Rus tillilar ham rus tili bilan bog‘liq tashabbus o‘zbek tilining mavqeiga hech qanday zarar yetkazmasligini aytdi. Ayrim sharhchilar o‘zbek tilini o‘rganish markazlari yo‘qligi katta muammo ekanini yozdi. Shu kabi bosiq va vazmin fikrlar ko‘proq eshitilib tursa, bu nafaqat tinchligimiz, qolaversa, taraqqiyotimiz uchun ham esh bo‘ladi. Aslida O‘zbekistonda azaldan mavjud bo‘lgan multilingvizm – ko‘p tillilikning hech bir yomon joyi yo‘q. Kamida ikki tilni bilish nafaqat ijtimoiy barqarorlik, balki miya uchun ham foydalidir. Bilingvizm odamlarda bag‘rikenglik, empatiya va o‘zaro tushunishga sabab bo‘ladi. Masalan, AQSHda ikki tilni bilish 40 yil ichida 127 000 dollar atrofida daromad olish imkonini berar ekan. Ikki tilni biladigan kishilar hayotdagi turli vaziyatlarga tez moslashadi, to‘g‘ri va tez qaror qabul qiladi. Ikki yoki undan ortiq tilni bilgan keksalar esa Alsgeymer va demensiya kasalliklariga kamroq chalinadi.

O‘zbekistonda boshqa tillar ham mavjud: tojik, qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, ozarbayjon, koreys va hokazo. Ularni til bilish va bilim orttirish istagida bo‘lganlar bemalol o‘rganishi mumkin. Til o‘rganish – shaxsiy va pragmatik masala. Shuni unutmaslik kerakki, ingliz va xitoy tillariga bo‘lgan talab kundan-kunga ortmoqda.

Xulosa

Davlatning vazifasi barcha odamlarning qonunlarga rioya qilishini ta’minlash va aholining yaxshi hayot kechirishiga sharoit yaratib berishdan iborat. Barcha maktablarda kelajak avlodga yaxshi ta’lim olish imkoniyati eng kichik yoshdan boshlab yaratilishi lozim. O‘zbekistonda o‘qimishli kishilar qancha ko‘p bo‘lsa, ular taraqqiyotga shuncha ko‘p hissa qo‘shadi. Ayni paytda qonun ustuvorligi ham ta’minlanishi zarur. Ta’lim sohasida ijobiy o‘zgarishlar va qonun ustuvorligi taraqqiyotning eng zarur omillaridir.

Toki ta’lim sohasida eski yondashuvlar o‘zgarmas, isloh qilinmas ekan, umidvor yoshlarni (millatidan qat’i nazar) birlashtiradigan yagona g‘oya «surdik bu yerdan» va «pora valit» degan xeshteglar bo‘lib qolaveradi. Ijtimoiy tarmoqlardagi keskin bahslar, janjallar ijtimoiy rivojlanish va yoshlar o‘z kelajagini qanday his qilayotganining tayyor ko‘rsatkichidir.

-----

Tahririyatning nuqtai nazari muallifnikidan farq qilishi mumkin.