“O‘zbekiston pochtasi” 29-iyunda rossiyalik bosh direktori Yevgeniy Birger bilan mehnat shartnomasini bekor qildi. Bir yil oldin “O‘zbekiston pochtasi”ni qoloq tizimdan innovatsion tashkilotga aylantiraman deb katta gapirgan rossiyalik mutaxassis amalda 27,8 mlrd so‘m ($3,2 mln) qarzga botirib ketgan. Birgerning o‘rniga Alisher Fayzullayev tayinlangan.

  • Bergerdan oldin “O‘zbekiston pochtasi” 2016- va 2017-yillarni daromad bilan yakunlagan edi.

Yevgeniy Birger prezident Mirziyoyevning xorijlik maslahatchilarni jalb etish orqali pochta tizimini tubdan isloh qilish haqidagi topshirig‘i ortidan o‘sha paytdagi AKT vaziri Azim Ahmedxo‘jayevning tashabbusi bilan “O‘zbekiston pochtasi” AJ bosh direktori etib tayinlangan edi. Ahmedxo‘jayev jamoaga tanishtirish chog‘ida Birgerning pochta aloqasi sohasida eng nufuzli mutaxassislardan biri ekanini aytgan.

  • Tayinlov ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Sababi Birger bungacha RF aloqa vazirligi pochta xizmati departamentini boshqargan, ortidan xuddi O‘zbekistonda bo‘lganidek katta qarzlarni "meros" qilib qoldirgandi. O‘shanda bu haqda tarqalgan axborotlarga izoh berarkan, bugun Jizzax viloyati hokimiga o‘rinbosarlik qilayotgan Azim Ahmedxo‘jayev “bu birovga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan kimsalarning ig‘volari edi. Ular bundan avval tuhmat uchun qoralangan. Ushbu mutaxassisni ishga taklif qilishdan oldin tegishli xizmatlar bilan katta tekshiruv o‘tkazildi. Kim nima deyishidan qat’i nazar u qonun oldida aybsiz” deb aytgan.

Birger ishlab chiqqani aytilgan va o‘zbek pochta tizimini tubdan o‘zgartirishi kerak bo‘lgan “Pochta.2.0” dasturiga ko‘ra pensiya tarqatish “Xalq banki”dan yana pochtaga qaytarilishi, pochta sohasidagi xodimlar soni ko‘paytirilishi va oyliklari oshirilishi, pochta qutilari qayta tiklanishi, “O‘zbekiston pochtasi” Germaniya pochtasi an’analaridan andoza olishi, pochta jo‘natmalarini yetkazib berish xizmati qayta tiklanishi, joylardagi pochta bo‘linmalariga avtomobillar sotib olinishi kerak edi. Ammo bularning hech biri amalga oshmagan.